O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining
2024-yil 27-maydagi 1332-son qaroriga ilova
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil
birinchi choragida amalga oshirgan ishlari to‘g‘risida
A X B O R O T
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi joriy yilning birinchi choragida o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonun, MSKning reglamenti, shuningdek, MSKning 2024-yil 20-fevraldagi 1326-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil birinchi yarim yilligiga mo‘ljallangan ish rejasida belgilangan yettita eng muhim ustuvor yo‘nalish bo‘yicha olib bordi.
Markaziy saylov komissiyasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari va 2024 yildagi ustuvor vazifalaridan kelib chiqib, 2024 yilning birinchi choragida 26 ta banddan iborat Tadbirlar rejasining 8 ta bandi ijrosi to‘liq, 4 ta band ijrosi qisman ta’minlandi. 12 ta bandning ijro muddati iyun oyi yakuniga qadar bo‘lganligi sababli, o‘z muddatida ijrosini ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. 1 ta band ijrosi saylov kampaniyasi boshlanishi bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, keyingi yarim yillikka ko‘chirish taklif etilmoqda.
Birinchi chorakda Markaziy saylov komissiyasining 3 ta majlisi o‘tkazilib, kun tartibidagi masalalar bo‘yicha 4 ta qarori qabul qilindi.
Markaziy saylov komissiyasida kadrlar salohiyatini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, xodimlarni xizmat safariga yuborish va vakolatga doir boshqa masalalar yuzasidan Komissiya Raisining 41 ta farmoyishlari qabul qilindi.
1.O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasidan kelib chiqib Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni inobatga olgan holda, Markazlashgan saylov organlari tizimini joriy etish yo‘nalishida:
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari bilan hamkorlikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalarining tarkibi batafsil tahlil qilindi. Ushbu komissiyalar tarkibini yangidan shakllantirgan holda Hududiy saylov komissiyalarini tuzish maqsadida – zamonaviy fikrlaydigan, saylov qonunchiligini yaxshi o‘zlashtirgan va bu borada amaliy tajribaga ega bo‘lgan nomzodlar zaxirasi shakllantirildi. Ushbu masala tegishli xalq deputatlari Kengashlarida ko‘rib chiqilib, tavsiya etilgach Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishlarida muhokama qilinishi rejalashtirildi;
– bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari bilan yaqindan hamkorlik o‘rnatilib, barcha tuman va shahar saylov komissiyalari tarkibi tahlil qilindi. Mazkur komissiyalar tarkibini ham yangicha dunyoqarashga ega bo‘lgan, saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha tajribaga ega, professional a’zolar bilan to‘ldirish bo‘yicha tashkiliy choralar ko‘rilmoqda.
2. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va uning Kotibiyati faoliyatini takomillashtirish yo‘nalishida:
– Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga asosan Markaziy saylov komissiyasining jamoatchilik asosida ishlovchi a’zolarining vakolatlari tugatildi. Markaziy saylov komissiyasi a’zolari tarkibi 9 nafar etib belgilanganligi munosabati bilan X. Paluaniyazov hamda M. Xusanova Markaziy saylov komissiyasining yangi a’zosi etib saylandi. Natijada, doimiy asosda faoliyat yurituvchi to‘qqiz nafardan iborat Markaziy saylov komissiyasining to‘liq tarkibi shakllantirildi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 22-yanvardagi PF–19-sonli Farmoniga muvofiq MSK Kotibiyatiga qo‘shimcha 10 ta shtat birligi ajratildi. Shu munosabat bilan MSK Kotibiyatining yangilangan tuzilmasi tasdiqlandi. Yangi tashkil etilgan shtat birliklariga saylov qonunchiligi va amaliyoti sohasida tajribaga ega kadrlarni tanlov asosida jalb qilish ishlari davom etmoqda.
3. Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida Markaziy saylov komissiyasi va uning Kotibiyati faoliyatiga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlarga saylovlarni o‘tkazishga oid Markaziy saylov komissiyasining normativ hujjatlarini xatlovdan o‘tkazish, tahlil qilish va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga, boshqa qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish yo‘nalishi bo‘yicha alohida reja-jadval ishlab chiqildi.
Rejaga muvofiq Markaziy saylov komissiyasining Reglamenti loyihasi, 2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar Dasturi loyihasi, Hududiy saylov komissiyalari to‘g‘risidagi Nizom loyihasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining saylovlarini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi loyihasi va ularni tasdiqlash haqidagi Markaziy saylov komissiyasining qarorlari loyihasi tayyorlanib, Komissiya majlisi muhokamasiga kiritildi.
Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyati to‘g‘risidagi, Tuman va shahar saylov komissiyalari to‘g‘risidagi, Okrug saylov komissiyalari to‘g‘risidagi, Uchastka saylov komissiyalari to‘g‘risidagi Nizomlar loyihalari, ularni tasdiqlash haqidagi MSK Qarori loyihalari kabi o‘n ikkita muhim hujjatlar tayyorlanmoqda. Ushbu hujjatlar MSKning navbatdagi yig‘ilishlarida ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.
4. Saylov komissiyalari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, saylov jarayonida axborot xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida – Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimini takomillashtirishga qaratilgan texnik topshiriq ishlab chiqildi va axborot xavfsizligi nuqtayi nazaridan ekspertizadan o‘tkazildi. Texnik topshiriq asosida barcha saylovlar va referendumni o‘zida jamlagan umumiy axborot moduli yaratildi. Mazkur modulda quyidagi modullar jamlangan:
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi;
– O‘zbekiston Respublikasi referendumi;
– O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlariga bo‘ladigan deputatlik saylovi;
– saylov jihozlari ta’minotini nazorat qilish;
– axborot tizimni boshqarish imkoniyati;
– barcha modullarning ishlashini kuzatib borish monitoringi;
– dinamik tarzda saylov jarayoni va saylovchilarga nisbatan hisobotlarni shakllantirish.
Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining yangi veb-sayti, hududiy saylov komissiyalarining veb-saytlari hamda tuman (shahar) saylov komissiyalarining veb-sahifalari ishlab chiqildi va ishga tushirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining Qonun ustuvorligini ta’minlash, xalq xizmatidagi davlat boshqaruvini tashkil etish yo‘nalishi bo‘yicha 2024-yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasining 10-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda elektron axborot almashuv – “E-Saylov” axborot tizimi ishlab chiqish ishlari davom etmoqda.
5. Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirish va o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish yo‘nalishida – 2023-yil o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Referendumi va muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasi davrida saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirish maqsadida o‘tkazilgan seminar-treninglar natijalari, saylov komissiyalari faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va yuzaga kelgan muammoli vaziyatlar atroflicha tahlil qilindi. Shuningdek, xorijiy davlatlar amaliyoti va tajribasi o‘rganildi.
Tahlil va o‘rganish natijalariga muvofiq tayyorlangan taklif va tavsiyalarni, shuningdek saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar hamda milliy saylov tizimidagi yangiliklarni inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlarining saylovlarini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi loyihasi va uni tasdiqlash haqidagi Markaziy saylov komissiyasining qarori loyihasi ishlab chiqildi.
6. Saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish borasida xorijiy davlatlar tajribasini va xalqaro amaliyotni o‘rganish, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar saylov organlari bilan hamkorlik doirasini kengaytirish yo‘nalishida:
– xorijiy davlatlarning saylov organlari va xalqaro tashkilotlar taklifiga binoan chet davlatlarning saylov qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish, xorijiy davlatlarda bo‘lib o‘tayotgan saylovlarni kuzatish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va Kotibiyat xodimlarining Hindiston, Bangladesh, Pokiston, Ozarbayjon, Indoneziya, Belarus, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Rossiya davlatlariga xizmat safarlari amalga oshirishdi.
Mazkur tashriflar doirasida MSK vakillari quyidagi xalqaro anjumanlarda:
– MSK Raisi Z.Nizamxodjayev 15-mart kuni Rossiya Federatsiyasi MSK tomonidan tashkil etilgan “Saylov jarayonlarini raqamlashtirish: maqbul chegaralar” mavzusidagi xalqaro davra suhbatida;
– MSK Raisining o‘rinbosari B.Kuchkarov – 13-fevral kuni Indoneziya Umumiy saylov komissiyasi tomonidan Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasi (IFES) va Erkin saylovlar bo‘yicha Osiyo tarmog‘i (ANFREL) xalqaro tashkilotlari hamkorligida tashkil qilingan “O‘zaro bog‘lanish: demokratiya, texnologiya va saylov daxlsizligi” mavzusidagi xalqaro konferensiyada;
– MSK Raisining o‘rinbosari B.Kuchkarov, komissiya a’zosi G.Raximova – 23-26-yanvar kunlari Hindiston saylov komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan Osiy saylov organlari Assotsiatsiyasi Ijroiya kengashining majlisida (OSOA IK) ma’ruza bilan ishtirok etdilar.
7. Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar va aralash saylov tizimining asosiy qoidalarini saylov jarayoni ishtirokchilariga tushuntirish, saylovchilarning elektoral madaniyatini oshirish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etish yo‘nalishida:
Markaziy saylov komissiyasi a’zolarining ommaviy axborot vositalarida chiqishlari bo‘yicha alohida media-reja ishlab chiqildi va amalga oshirilmoqda.
Xususan, mavzu bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi a’zolari ikki marotaba Milliy teleradiokompaniyaning telekanallarida, ikki marotaba radiokanallarida chiqish qildi. Ilmiy jurnallarda bitta, Respublika gazetalarida ikkita maqola chop etildi.
MSKning rasmiy veb-saytiga Komissiya faoliyatiga, shu jumladan saylov qonunchiligidagi yangiliklarni xayotga tatbiq etishga doir 112 ta axborot joylashtirildi.
MSKning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga 162 ta, jumladan Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida – 28 ta, Tvitter ijtimoiy tarmog‘ida – 28 ta, Instagram ijtimoiy tarmog‘ida – 28 ta post va 22 ta mediahikoya (story), Telegram messenjerida – 28 ta post, “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘ida – 28 a postdan iborat axborot joylashtirildi.
Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 25-yilligi munosabati bilan “Saylov: kecha va bugun” nomli hujjatli film ishlab chiqildi. Markaziy saylov komissiyasining YouTubedagi kanalida namoyish etildi. Ushbu filmda mamlakatimizda saylov jarayonlarining vujudga kelishi hamda rivojlanish tarixi, bugungi zamonaviy saylov yutuqlari tasvirlangan.
8. MSK tadbirlar rejasining 11-bandida Davlat hokimiyati vakillik organlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlar uchun xarid qilinadigan ayrim tovarlarni saylov komissiyalariga yetkazib berish reja-jadvalini ishlab chiqish va ijroga qaratish belgilangan.
Mazkur bandning ijrochilari tomonidan saylov komissiyalari uchun xarid qilinadigan tovarlarning ro‘yxatlari hamda ularni yetkazib berish reja-jadvali ishlab chiqildi. Biroq, reja ijrosini ta’minlash saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilinganidan so‘ng shakllantiriladigan komissiya faoliyati bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli, mazkur bandning ijrosini 2024-yil ikkinchi yarim yilligiga ko‘chirish taklif etilmoqda.
9. MSKga 2024-yil yanvar – mart oylarida jami 33 ta murojaat kelib tushdi. Shundan 32 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali, 1 tasi fuqarolar tomonidan bevosita tashkilotning o‘ziga yuborilgan murojaatdan iborat. Barcha murojaatlar Saylov kodeksi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonun talablariga muvofiq ko‘rib chiqildi. Yuqorida qayd etilgan murojaatlar ichida Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga bevosita taalluqli bo‘lganligi sababli, uning majlisida ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan murojaatlar yo‘q.
29 ta murojaat Markaziy saylov komissiyasining vakolatiga kirmaganligi sababli, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 25-moddasiga muvofiq mazmunan ko‘rib chiqishga vakolatli bo‘lgan davlat organlari, tashkilot va muassasalarga taalluqliligi bo‘yicha yuborildi, 2 ta murojaat mualliflariga Saylov kodeksiga asosan tushuntirish berildi. 2 ta takroriy murojaatda yangi vajlar keltirilmaganligi shuningdek, murojaat muallifi bilan bog‘lanish imkoniyati bo‘lmaganligi sababli ko‘rib chiqish tugatildi. Hisobot davrida birorta ham murojaat rad etilmadi.