Sayt test rejimida ishlamoqda

№1371 O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risida

  O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№1371                                                  2024-yil  26-avgust

 

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 10, 14 va 16-moddalariga asosan hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish haqidagi taqdimnomasiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davriga O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 56 ta saylov uchastkasi ilovaga muvofiq tuzilsin.

 

2. O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzuridagi saylov uchastkalari Toshkent shahri hududiga biriktirilsin.

 

3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:

 

O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuziladigan uchastka saylov komissiyalarining faoliyati uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini ta’minlasin;

 

chet davlatlarda turgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijdagi saylov uchastkalari to‘g‘risida, saylovchilarni xorijdagi saylov uchastkasi saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi va muddatlari to‘g‘risida, muddatidan oldin ovoz berish kunlari va saylov kuni to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari orqali yoki boshqa yo‘llar bilan (mahalliy sharoitni inobatga olgan holda) xabardor qilsin;

 

“Dunyo” axborot agentligi orqali O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalaridagi jarayonlar haqida muntazam ravishda ommaviy axborot vositalarida yoritib borilishini ta’minlasin.

 

4. O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining yagona saylov okrugi bo‘yicha sayloviga doir hujjatlar va jihozlarning o‘z vaqtida yetkazib berilishini, shuningdek ushbu hujjatlar Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasiga olib kelinishini ta’minlasin.

 

5. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining so‘roviga binoan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarini saylovga oid hujjatlar, adabiyotlar va jihozlar bilan ta’minlash vazifasi yuklatilsin.

 

6. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

 

7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                             Z. Nizamxodjayev

 

ILOVA