Sayt test rejimida ishlamoqda

№1365 O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir ayrim masalalar to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№1365                                                  2024-yil  13-avgust

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazishga doir ayrim masalalar to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 100-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 25 oktyabrdagi 969-son qarori bilan tasdiqlangan yo‘riqnomaga muvofiq saylov komissiyalarining a’zolariga bir martalik kompensatsiya miqdorlari quyidagicha belgilanganligi inobatga olinsin:

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar, okrug saylov komissiyasi raisiga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravari;

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar, okrug saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari va kotibiga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1,5 baravari;

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman, shahar, okrug saylov komissiyasining boshqa a’zolariga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari;

 

uchastka saylov komissiyasi raisiga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1,2 baravari;

 

uchastka saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari va kotibiga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1 baravari;

 

uchastka saylov komissiyalarining boshqa a’zolariga mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 0,7 baravari.

 

2. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi talablaridan kelib chiqib, bir nafar deputatlikka nomzod hisobiga to‘g‘ri keladigan mablag‘ miqdori quyidagicha belgilansin:

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 14,3 baravari;

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashi deputatligiga nomzod uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2,9 baravari;

 

xalq deputatlari tuman va shahar Kengashi deputatligiga nomzod uchun mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 1,4 baravari.

 

Mazkur bandda nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori ushbu qaror qabul qilingan sanada amalda bo‘lgan miqdor asosida hisoblanadi.

 

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasidan:

 

saylov komissiyalari binolarini saylov qonunchiligida belgilangan tartibda jihozlash, saylovchilar ovoz berishi uchun qulay sharoitlar yaratish bilan bog‘liq, shuningdek boshqa tashkiliy tabdirlarni amalga oshirishdagi;

 

saylov komissiyalari a’zolarini va saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirish hamda huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida tashkil etilayotgan o‘quv mashg‘ulotlariga, saylovga oid qonunchilik to‘plami, o‘quv uslubiy qo‘llanma, broshyuralar, boshqa o‘quv, uslubiy va targ‘ibot materiallarini tayyorlab, chop etish hamda hududiy, tuman, shahar, okrug va uchastka saylov komissiyalarigacha yetkazib berish bilan bog‘liq;

 

saylov komissiyalari hamda saylov jarayoni ishtirokchilarining ishini tashkil etish, saylovoldi tashviqoti tadbirlarini tashkillashtirish bilan bog‘liq ehtiyojlarni ta’minlab borish so‘ralsin.

 

4. Markaziy saylov komissiyasi a’zosi A. Ibodullayev komissiya Kotibiyati (A. Ro‘ziyev) bilan birgalikda mazkur qarorga asosan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan saylovning yakuniy natijalari e’lon qilingandan so‘ng bir oylik muddatda belgilangan tartibda hisobot ma’lumotlari tayyorlanishi va taqdim etilishini ta’minlasin.

 

5. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

 

6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                             Z. Nizamxodjayev