O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№ 1145 2021-yil 07-oktabr
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 49-moddalariga asosan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1.Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiyasi tomonidan;
saylov okruglari va uchastkalari hududlarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazishda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlashda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiyasi:
saylov okruglari va uchastkalari hududlarida, komissiya joylashgan binolarda, shu jumladan ovoz berish binolarida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimlarini (keyingi o‘rinlarda – jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodim) biriktiradi;
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan eslatma bilan jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimlarini ta’minlaydi;
mas’ul xodimlariga ularning jamoat xavfsizligini ta’minlashdagi vazifalari, huquq va majburiyatlari bo‘yicha tushuntirishlar berilishini va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilishini tashkil etadi.
3.Okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolar va hududlarining qo‘riqlanishi milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining hududiy rahbarlari tomonidan tasdiqlangan navbatchilik jadvali asosida amalga oshiriladi.
4.Jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodim:
okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylov byulletenlari olingan kundan e’tiboran byulletenlar hamda boshqa hujjatlar saqlanadigan binoning qo‘riqlanishini ta’minlaydi;
okrug saylov komissiyasi tomonidan uchastka saylov komissiyasiga saylov byulletenlari xavfsiz yetkazib berilishini ta’minlaydi;
okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari tomonidan saylov natijalariga doir hujjatlar, shu jumladan ovoz berish yakunlariga oid bayonnomalarning tegishli saylov komissiyalariga olib borib topshirilishida ularni kuzatib boradi va xavfsizlikni ta’minlaydi;
24 oktyabr – saylov kuni xizmat faoliyatini ovoz berish binosiga kirmagan holda olib boradi;
saylovchilarning yashirin ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligini, shuningdek saylov jarayoni ishtirokchilarining qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklarini buzmagan holda jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash choralarini ko‘radi.
5.Jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimga quyidagilar taqiqlanadi:
saylovchilar, kuzatuvchilar va saylov jarayonining boshqa ishtirokchilariga ta’sir o‘tkazish;
saylovchi saylov byulleteniga o‘z belgisini qo‘yayotgan paytda yashirin ovoz berish kabinasi yoki xonasiga kirish;
biron-bir tashviqot materialini yoki adabiyotini tarqatish;
saylovchilardan ular qanday ovoz berganligini surishtirish yoki saylovchilarga saylov byulleteniga belgi qo‘yishda biron-bir tarzda yordam ko‘rsatish;
saylov komissiyasining faoliyatiga, shu jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ularni ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashish;
saylov komissiyasining majlislarida ishtirok etish.
6.Amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq:
saylovchining yashirin ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligini buzish, saylov jarayoni ishtirokchilarining qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga g‘ayriqonuniy ravishda putur yetkazish ma’muriy yoxud jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi;
uchastka saylov komissiyasi raisi ovoz berish binosida tinchlik saqlanishi va tartibga rioya qilinishini ta’minlash, ovoz berish va ularni sanab chiqishda g‘ayriqonuniy to‘sqinliklar vujudga kelganida jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul xodimga murojaat qilishi;
saylov uchastkasi hududidagi tartibsizlik, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar bartaraf etilganidan so‘ng mas’ul xodim ovoz berish binosini tark etgan holda xizmatni davom ettirishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
7.Uchastka saylov komissiyasi raisi (yoki rais o‘rinbosari) ovoz berish binosidagi tartibga rioya qilinishini nazorat qiladi.
8.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari saylov okruglari hududida mazkur qarorga muvofiq jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan doimiy nazorat o‘rnatsin.
9.Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.
10.Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklatilsin.
Rais Z. Nizamxodjayev