Sayt test rejimida ishlamoqda

SAYLOVGA TAYYORGARLIK NIMADAN BOSHLANADI YOXUD XORIJDAGI FUQAROLARIMIZNING UNDAGI ISHTIROKI QANDAY TA’MINLANADI?

27.01.2023

2028

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi qabul qilinib, ijrosiga kirishilganiga bir oydan oshdi. Mazkur jarayonlar yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi Suyarjon QURBONQULOVning fikrlari bilan qiziqdik.

 

– Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi qabul qilindi. Bunday paytda har kun – gʻanimat. Oʻtgan vaqt mobaynida dastur ijrosi boʻyicha amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar haqida dastlabki xulosalar qanday?

 

– Milliy saylov tizimining turli darajadagi – uchastka saylov komissiyasidan to Markaziy saylov komissiyasigacha boʻlgan barcha boʻgʻinlarida faoliyat yuritib, ancha-muncha tajriba orttirgan saylov tashkilotchilaridan biri sifatida aytishim mumkinki, Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturining ijrosiga har qachongidan jadal va tizimli ravishda kirishilgani darhol sezildi. Barcha darajadagi saylov tashkilotchilari saylovga tayyorgarlik koʻrishga, xalqimiz topib aytganidek, bir yoqadan bosh chiqarib, astoydil kirishdi. Tayyorgarlik ishlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan muvofiqlashtirib borilmoqda.

 

Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga doir joriy yil 8-fevral kuni qabul qilingan qonun bilan saylov qonunchiligining takomillashtirilishi buning yorqin dalili boʻldi.

 

– Darvoqe, buni nafaqat milliy ekspertlarimiz, xalqaro tashkilotlarning vakillari, xorijlik siyosatchilar, ekspertlar va jurnalistlar ham keng eʼtirof etmoqda.

 

– Toʻgʻri. Bir misol. Yaqinda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (DIIHB) direktori Matteo Mekachchi oʻzi rahbarlik qilayotgan tashkilotning maqbul tavsiyalari Oʻzbekiston tomonidan qabul qilinayotganidan mamnuniyat bildirar ekan, “Shunday hamkorlikni davom ettirishga doimo tayyormiz”, deb alohida taʼkidladi.

 

Nemis jurnalisti Folker Nef Yevropaning mashhur “Allgemeine-Berliner-Zeitung“ onlayn gazetasida salmoqli tahliliy maqolasini eʼlon qildi. Maqolada yangi Oʻzbekistonda inson huquqlarini, jumladan, fuqarolarning saylov huquqini taʼminlash borasidagi keng koʻlamli ishlarga yuksak baho berilgan. Muallif 2016-yildan Oʻzbekiston yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻyganini alohida taʼkidlaydi. Oʻtgan davr mobaynida mamlakat hayotining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarida gʻoyat ulkan islohotlarni amalga oshirishga erishildi. Ushbu yuksalish jarayonida inson huquqlarini keng taʼminlash, ijtimoiy-siyosiy hayot va ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish, jamiyatni demokratlashtirishga qaratilgan islohotlarning eng muhim yoʻnalishlariga aylandi. “Yuksak maqsad sifatida eng ilgʻor xalqaro standartlar, hamkor sifatida esa BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar tanlangan”, deb qayd etadi xorijlik jurnalist. Bunday eʼtiroflarni yana koʻplab keltirish mumkin.

 

– Saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartishlarga binoan, endi Prezident saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari saylovi ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkaziladi. Saylovga tayyorgarlik ishlarini jadallashtirishga ana shu omilning ham taʼsiri boʻlsa kerak?

 

– Albatta, keng jamoatchilikning taklifiga binoan, saylov oʻtkazish muddatining qahraton qish – dekabrdan, iliq kunlar – oktyabr oyiga koʻchirilishi, saylov qonunchiligi va amaliyotiga kiritilgan boshqa muhim oʻzgartishlar va qoʻshimchalar saylovga har qachongidan sifatli, tizimli va jiddiy tayyorgarlik koʻrishni taqozo qiladi. Yuqorida aytganingizdek, bunday paytda har kun gʻanimat.

 

Saylovga tayyorgarlik, avvalo, milliy saylov qonunchiligini va umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlarini puxta oʻrganishdan boshlanadi. Shu jihatdan qaraganda, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish ishlari bu boradagi asosiy tadbirlar dasturi qabul qilinishidan avvalroq boshlangan edi, desam ayni haqiqatni aytgan boʻlaman.

 

– Shu haqida batafsilroq toʻxtalib oʻtsangiz.

 

– Saylov qonunchiligiga joriy yilda kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalardan keng jamoatchilikni xabardor etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tizimli ishlarni amalga oshirayotganini alohida taʼkidlash joiz. Bunda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda yuzlab chiqishlar va saylovchilar bilan bevosita muloqotlardan samarali foydalanilmoqda.

 

Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi va joylarda faoliyat yuritayotgan aʼzolari, yetakchi mutaxassislari va saylov boʻyicha ekspertlarning ellikdan ortiq maqola, suhbat va sharhlari chop etildi. Ular teleradiokanallarda tashkil etilgan va etilayotgan munozaralar, davra suhbatlari va bevosita muloqotlarda muntazam ishtirok etmoqda. Bu jarayonda asosiy eʼtibor saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning mazmun-mohiyatini keng tushuntirishga, aholining saylov jarayonidan xabardorligini, saylovga ishonchini oshirish va daxldorlik tuygʻusini mustahkamlashga qaratilmoqda.

 

Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi sifatida ommaviy axborot vositalari – teleradiokanallar, gazetalar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlardagi qator chiqishlarimdan tashqari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ana shunday davra suhbatida ham ishtirok etdim. Mazkur oliy oʻquv yurti professor-oʻqituvchilari, talabalari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan uchrashuv ziyolilarimizning, ayniqsa, yoshlarning Prezident sayloviga qiziqishi, Vatan va xalq taqdiriga daxldorlik tuygʻusi baland ekanini yaqqol koʻrsatdi. Bahs-munozara va savol-javoblar rosa qizidi.

 

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasida Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda “Yangi Oʻzbekiston: saylov huquqining yangi kafolatlari” mavzusida tashkil etilgan tadbir, garchi rasman “seminar” deb atalgan boʻlsa-da, turli millat vakillaridan iborat saylovchilar bilan samimiy suhbatga aylanib ketdi. Tadbirda mazkur qoʻmita rahbarlari va masʼul xodimlari, Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan Milliy madaniy markazlar va Doʻstlik jamiyatlari vakillari ishtirok etdi. Turli yosh, turli kasb, turli millat vakillari, hatto turli tillarda gapirgan boʻlsada, ularni yagona maqsad – Vatanimiz Oʻzbekistonga mehr, el-yurt taqdiriga daxldorlik, Prezident sayloviga ulkan qiziqish birlashtirib turardi. Bunday ahillikni va birdamlikni koʻrishning oʻzi kishiga katta quvonch, Vatanimizning, xalqimizning istiqboliga ulkan ishonch bagʻishlaydi.

 

Bunday ochiq va samimiy muloqotlarni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan boshqa oliy taʼlim dargohlari, ilmiy muassasalar, tashkilotlar va mahallalarda oʻtkazilgan tadbirlarda ham koʻrish mumkin.

 

– Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturida saylov uchastkalarining chegaralarini oldindan aniqlash, uchastka saylov komissiyalari joylashadigan bino va xonalarni inventarizatsiyadan oʻtkazishga doir vazifalar ham oʻz ifodasini topgan. Koʻpchilikning saʼy-harakatini talab qiladigan bunday ishlarning ijrosi qanday ahvolda?

 

– Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklaridan olingan maʼlumotlarga qaraganda, Kadastr agentligi, Ichki ishlar, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklari va boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda hozircha mamlakatimiz boʻyicha 10797 ta saylov uchastkasining chegaralari aniqlangan.

 

Ayni paytda uchastka saylov komissiyalari joylashadigan binolar va xonalar inventarizatsiyadan oʻtkazilib, ularning saylov jihozlariga boʻlgan ehtiyojini aniqlash ishlari yakunlanmoqda. Saylov uchastkasi peshlavhasi, boʻlajak nomzodlarga doir maʼlumotlar, saylovchilar roʻyxati joylashtiriladigan stendlar, saylov uchastkasi yoʻl koʻrsatkichlarining dizayn namunalari tayyorlandi.

 

– Saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalarga koʻra, Oʻzbekistonning chet davlatlarda istiqomat qilib turgan fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, xorijiy mamlakatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida koʻchma qutilar orqali ovoz berishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Qonunchilikda yaratilgan bunday keng imkoniyatlardan amaliyotda foydalanish borasida qanday ishlar olib borilmoqda?

 

– Avvalo, xorijdagi fuqarolarimizning saylovdagi ishtirokini keng taʼminlash boʻyicha vazifalar aniq belgilab olingan. Mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari vakillari ishtirokida yaqinda navbatdagi videomuloqot oʻtkazildi. Unda xorijda shakllantiriladigan saylov uchastkalarini, shu jumladan, koʻchma saylov qutilari yordamida (Oʻzbekiston fuqarolari zich yashaydigan va ishlaydigan joylarda) ovoz berish tashkil etiladigan joylarni aniqlash, chet ellardagi vatandoshlarimizni saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga kiritish boʻyicha elektron murojaatlar xizmatini yoʻlga qoʻyishga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi. Bu yoʻnalishda bajarilishi zarur boʻlgan ishlar yuzasidan masʼullarga tegishli koʻrsatmalar berildi.

 

– Saylovni milliy qonunchilik va xalqaro saylov standartlariga mos tarzda yuqori tashkiliy darajada oʻtkazish uchun, eng avvalo, uchastka saylov komissiyasi aʼzolari hamda saylov jarayoni boshqa tashkilotchilarining huquqiy bilim va amaliy koʻnikmasini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida nimalar deya olasiz?

 

– Bunday ishlar har qachongidan koʻra izchil va tizimli yoʻlga qoʻyilganini alohida taʼkidlash oʻrinli boʻladi. Bu yoʻnalishdagi ishlar Markaziy saylov komissiyasining shu yil 27-aprelda oʻtgan majlisida tasdiqlangan Saylov komissiyalari aʼzolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida bajarilmoqda.

 

Ushbu majlis yakunida mazkur konsepsiya ijrosini belgilangan muddatlarda va sifatli taʼminlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida kelishuv imzolandi.

 

Ushbu hujjat Prezident saylovi va saylovoldi jarayonlarini yuksak saviyada tashkil etish uchun saylov jarayoni tashkilotchilarining saylov qonunchiligi hamda amaliyotiga oid bilimi va amaliy koʻnikmasini yanada oshirish, davlatimiz fuqarolarining amaldagi saylov institutlariga ishonchini mustahkamlash, shuningdek, mamlakatimizdagi keng koʻlamli insonparvar islohotlarga daxldorlik tuygʻusini yuksaltirish maqsadida koʻp tomonlama manfaatli oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida imzolandi.

 

Hamjihatlikda qilinayotgan bunday tizimli ishlarning dastlabki natijasi ayon. Davlat boshqaruvi akademiyasida saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar va saylov jarayoni boshqa tashkilotchilarining malakasini oshirish uchun masʼul respublika trenerlari hamda masʼul shaxslarning seminar-treninglari boʻlib oʻtdi.

 

Bir hafta davom etgan seminar-trening Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-oʻqituvchilaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan oʻquv dasturi va oʻquv-metodik materiallar asosida aynan shu ekspertlar tomonidan olib borildi. Jarayonda oʻn ikkita mavzuda videodars va videoroliklar tasvirga olindi. Mazkur akademiya va universitet ekspertlari bilan hamkorlikda “Saylov qonunchiligi va amaliyoti” oʻquv-amaliy qoʻllanmasi tayyorlandi va nashrga berildi.

 

Bu seminar-treninglar — Prezident saylovi jarayoni tashkilotchilarining saylov qonunchiligi boʻyicha malakasini oshirish tizimining dastlabki bosqichi. Bu kabi keng qamrovli oʻquvlar butun respublikamiz boʻylab 17-maydan boshlab yuborildi.

 

Markaziy saylov komissiyasining Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlangan majlisida bir ibratli gap alohida taʼkidlandi: Prezident saylovi – qaysi tashkilotda ishlashimizdan qatʼi nazar, saylovni tashkil etuvchilar uchun ham, saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalar uchun ham, saylovchilar uchun ham, ommaviy axborot vositalari uchun ham gʻoyat katta masʼuliyat yuklaydigan muhim siyosiy jarayon. Bu masʼuliyatli jarayondan yorugʻ yuz bilan oʻtish barchamizning sharafli burchimiz.

 

Nargis SOBIROVA,

suhbatlashdi

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur