Sayt test rejimida ishlamoqda

SAYLOV QONUNCHILIGI VA AMALIYOTI: TAKOMILDA HIKMAT KO‘P

27.01.2023

1862

msk_yangiliklari_in

Yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning eng muhim afzalliklaridan bir shundaki, nafaqat qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, balki mavjud muammo va kamchiliklar ham baralla aytilib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilab olinmoqda.

 

Yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning eng muhim afzalliklaridan bir shundaki, nafaqat qoʻlga kiritilayotgan yutuqlar, balki mavjud muammo va kamchiliklar ham baralla aytilib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilab olinmoqda.

 

Kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi

 

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-dekabrda parlamentga Murojaatnomasida oʻtgan saylovlar tajribasidan kelib chiqib, shuningdek, xalqaro kuzatuvchilarning saylov jarayonlari haqidagi xolis fikrlari va maqbul tavsiyalarini inobatga olib, saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yanada yuksaltirish, siyosiy partiyalarning oʻz elektorati bilan ishlash tizimini takomillashtirish, partiyalarning siyosiy faolligini oshirish muhim masalalar sirasidan ekanligi alohida taʼkidlangan edi.

 

Bunda oʻtgan saylovlarda orttirilgan katta amaliy va huquqiy tajriba, shuningdek milliy va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan bildirilgan tavsiyalar saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishda muhim oʻrin tutadi.

 

Shu jihatdan olib qaralganda, 2019-yili boʻlib oʻtgan saylovlar natijalarining tahlili saylov kampaniyasi davrida joylarda ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilgani, hal etilishi lozim boʻlgan muammolar mavjudligini ham koʻrsatdi. Saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yanada yuksaltirish, saylovchilarning yagona elektron roʻyxati tizimi bilan ishlashni izchil takomillashtirish, mahalliy kengashlarga saylov oʻtkazishning uch pogʻonali tizimini optimallashtirish, tuman va shahar saylov komissiyalarining rolini oshirish ana shunday masalalar jumlasidan.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ushbu natijalar atroflicha tahlil qilinib, saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirmoqda. Bunda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda erishilgan yutuqlar, kamchiliklar va duch kelingan muammolar chuqur va tanqidiy tahlil qilinib, kelgusida saylovlarni yanada samarali tashkil etish boʻyicha zarur vazifalar belgilab olindi.

 

Aytish kerakki, Saylov kodeksi asosida “Yangi Oʻzbekiston — yangi saylovlar” shiori ostida tashkil etilgan saylovlar koʻppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, erkin raqobat, siyosiy partiyalar oʻrtasidagi qizgʻin tortishuv va bahs-munozaralar muhitida, umumeʼtirof etilgan demokratik standartlarga mos tarzda oʻtkazilgani xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ham keng eʼtirof etildi.

 

Bunday eʼtirofga erishish oson boʻlgani yoʻq, albatta. Ayni paytda, erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, yangi marralar sari intilish – davr taqozosi. Joriy yilning 8-fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengaytirish, milliy saylov tizimini takomillashtirish, saylovlarda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlashdek ezgu maqsadlarga erishishda muhim omil boʻladi.

 

Saylov qonunchiligiga kiritilgan yangi oʻzgartishlarni puxta bilish hammamizning burchimiz. Zero, qonunni bilmasdan, unga itoat etmasdan, kishi oʻz haq-huquqi, burchi va majburiyatlariga amal qilishi mushkul. Shu oʻrinda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, jumladan, mahallalar ahli – saylovchilar oʻrtasida saylov qonunchiligi va amaliyotidagi muhim oʻzgartishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng targʻib qilish alohida oʻrin tutishini taʼkidlash joiz. Zero, Vatan mahalladan boshlanadi, degan naql bejiz aytilmagan. Saylovlar jarayonida saylov uchastkalarining koʻpchilik qismi mahallalarda tashkil etiladi va faoliyat olib boradi.

 

Okrug saylov komissiyalari oʻzini oqlamadimi?

 

Joylarda oʻtkazilgan davra suhbatlarida ilgari surilgan bir fikr yangi qonunda oʻz ifodasini topgani meni juda quvontirdi. Yaʼni Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, jumladan, Xalq deputatlari tuman, shahar (Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi bundan mustasno) Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari tuzish amaliyotidan endilikda voz kechiladi. Buning sababi saylov amaliyotida aniq boʻldi: mazkur institut oʻzini oqlamadi. Bunday okruglar komissiyalariga qarashli hududdagi uchastka saylov komissiyalari 1-3tani tashkil etardi. Taqqoslash uchun, Parlament deputatlari saylanadigan okruglarning har biriga esa yuztagacha uchastka saylov komissiyasi toʻgʻri keladi.

 

Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining optimallashtirilishi natijasida 54 mingdan ortiq aʼzodan iborat 5739 ta okrug saylov komissiyasi endi tuzilmaydi. Bunday maqbullashtirish ortiqcha vaqt, mehnat va inson resurslarini jalb qilish tashvishiga chek qoʻyish bilan birga, maʼlumotlarga qaraganda, davlat byudjetining 33 milliard soʻmdan ortiq mablagʻini tejash imkonini ham beradi.

 

Shuningdek, Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilishi va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanishi munosabati bilan tuman, shahar saylov komissiyalari tarkibi 21 nafar aʼzogacha kengaytiriladi.

 

2019-yili oʻtkazilgan saylovlar jarayonida mazkur yoʻnalishda saylov qonunchiligini takomillashtirish bilan bogʻliq qator vazifalar mavjudligi maʼlum boʻldi. Saylov kodeksining 25-moddasida “uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas”, deb qayd etilgan. Ammo shifoxonalar, dam olish uylari, harbiy qismlar, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari kabi muassasalarda, ularning qatʼiy ichki tartib qoidalari talablaridan kelib chiqqanda, saylov uchastkasi aʼzolarini bunday tartibda tuzish qiyin. Shuni eʼtiborga olib, yangi qonunga binoan, mazkur muassasalarda tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari mustasno ekani belgilab qoʻyildi.

 

Endigi vazifa yaratilayotgan ana shunday keng koʻlamli imkoniyat va qulayliklarning qadriga yetib, joriy yilda davlatimiz va xalqimiz oldida turgan muhim siyosiy tadbir – Prezident saylovlarini katta uyushqoqlik va yuksak saviyada oʻtkazishdan iborat.

 

Suyarjon QURBONQULOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy

saylov komissiyasining aʼzosi.

 

Manba: “Mahalla” gazetasi, 2021-yil 24-fevral, 8 (1990) son.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur