Sayt test rejimida ishlamoqda

PREZIDENT SAYLOVI: KELAJAKKA BUYUK ISHONCH BILAN

22.07.2023

2288

msk_yangiliklari_in

Zayniddin NIZOMXODJAYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi raisi,

Oʻzbekiston Qahramoni

 

PREZIDENT SAYLOVI: KELAJAKKA BUYUK ISHONCH BILAN

 

Mamlakatimizda joriy yilning 9-iyul, yakshanba kuni boʻlib oʻtadigan muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir ishlar yakuniga yetmoqda.

 

Mamlakatimiz fuqarolari oʻz Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, erkin ovoz berishlari uchun saylov uchastkalarida barcha sharoitlar yaratildi. 10 ming 784 saylov uchastkasi, jumladan, oʻttiz toʻqqizta xorijiy davlatda tuzilgan 56 saylov uchastkasi ovoz berish uchun tayyorlab qoʻyildi. 19 million 593 ming 838 nafar saylovchi roʻyxatga olindi.

 

Ulkan oʻzgarishlar

 

Maʼlumki, 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni Oʻzbekiston Respublikasi referendumida umumxalq ovoz berishi orqali qabul qilindi.

 

Referendum keyingi yillarda xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi naqadar yuksalganini amalda koʻrsatdi. Ushbu tarixiy tanlov orqali xalqimiz Konstitutsiyaviy islohotlarni toʻla qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi. El-yurtimizning ana shunday azmu qarori asosida milliy davlatchiligimiz va iqtisodiyotimizni bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratildi.

 

Konstitutsiyaviy islohotlar samarasida xalqimiz va mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining yangi, yanada yuksalish davriga qadam qoʻydi.

 

Mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasi fuqarolarning saylash va saylanish huquqini yanada keng va toʻla taʼminlash hamda milliy saylov tizimini takomillashtirishga qaratilgan yangi moddalar bilan boyitildi.

 

Bu yilgi saylov birinchi marta mamlakatimizning yangilangan Konstitutsiyasi asosida oʻtadi va Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasiga aylanadi.

 

Yangilangan Konstitutsiyaning talablaridan kelib chiqib, 2023-yilning 6-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga saylov qonunchiligini takomillashtirishga qaratilgan bir qator, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi muddatidan ilgari oʻtkazilishini nazarda tutuvchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

 

Taʼkidlash joizki, ushbu oʻzgartirish va qoʻshimchalarga binoan, saylov qonunchiligining takomillashtirilishi fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq taʼminlashda muhim omil boʻladi.

 

Yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlashga haqli.

 

Shunga asosan, 8-may kuni davlatimiz rahbarining “Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.

 

Mazkur farmon bilan 2023-yil 9-iyul kuni muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oʻtkazilishi belgilandi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 66-moddasida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov Saylov kodeksiga toʻliq muvofiq holda ikki oy ichida oʻtkazilishi belgilab qoʻyilgan.

 

Bunda saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.

 

Saylovga tayyorgarlik milliy qonunchilikda nazarda tutilgan tashkiliy ishlardan boshlanadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2023-yil 10-maydan muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻyicha saylov kampaniyasiga start berildi. Shu tariqa, mamlakatimizda Prezident sayloviga erkin va adolatli, ochiq va oshkora tayyorgarlik ishlari boshlandi.

 

Prezident saylovini oʻtkazish bilan bogʻliq barcha ishlar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari, shuningdek Kalendar rejaga muvofiq amalga oshirilmoqda.

 

Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha tadbirlarning tartibi, bosqichlari va muddatlari haqidagi xolis axborotlarni saylovchilar va siyosiy partiyalarga belgilangan tartibda ommaviy axborot vositalari orqali tezkorlik bilan yetkazish taʼminlanmoqda.

 

Xalqaro talablar va takomil

 

Saylovni tashkil etish va oʻtkazish — oʻta masʼuliyatli jarayon, koʻpning koʻmagi bilan bitadigan va muayyan vaqt talab qiladigan, serzaxmat ish. Ovoz berishni tashkil etish jarayonida saylov okruglari va uchastkalarida yuz mingdan ziyod odam ish olib boradi.

 

Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 13-maydagi qarori bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi oʻn toʻrtta saylov okrugi tuzildi.

 

Raqamlarga eʼtibor berilsa, okrug saylov komissiyalari tarkibidagi jami 266 nafar aʼzodan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish borasida ish tajribasiga ega shaxslar 95 foizni tashkil etganini koʻrish mumkin.

 

Oʻzbekistonda saylovlar jarayonida gender tenglikni taʼminlash doimiy eʼtibordagi muhim masalalardan. Okrug komissiyalari aʼzolarining 110 nafari, yaʼni 41 foizi — ayollar. Shuningdek, okrug komissiyalari rahbarlik lavozimlarida ayollar 38 foizni tashkil etmoqda. Bitta okrug komissiyasiga esa ayol kishi raislik qilmoqda.

 

Okrug saylov komissiyalari tarkibiga turli kasb egalari – oʻz sohasining yetuk mutaxassislari, tajribali huquqshunoslar, iqtisodchilar, pedagoglar, jurnalistlar, shifokorlar, muhandislar jalb etilgan. Aʼzolarning deyarli barchasi oliy maʼlumotli mutaxassislar ekani komissiyalarning ish sifati va masʼuliyatini yanada oshirganini taʼkidlash joiz.

 

Saylovning qanday oʻtishi koʻplab jihatlarga, ayniqsa, uchastka saylov komissiyasi faoliyatiga bevosita bogʻliq. Taʼbir joiz boʻlsa, uchastka saylov komissiyasi – saylov jarayonidagi eng muhim boʻgʻin. Negaki, saylovchilar, qolaversa, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillari – hamma aynan saylov uchastkasining faoliyati qanday yoʻlga qoʻyilganiga qarab siyosiy tadbirga baho beradi. Uchastkada saylovchilar ovoz beradi, saylov byulletenlari sanab chiqiladi. Saylovga oid qonunlarning samaralari shu yerda yuzaga chiqadi, mavjud muammolar shu yerda aks etadi.

 

Shu bois Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonida saylov komissiyalari tizimining eng quyi boʻgʻinda ish olib boradigan mutaxassislarning milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlaridan yaxshi xabardor boʻlishiga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Biz, yaʼni Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari barcha saylov okruglari va ularning tarkibidagi koʻplab saylov uchastkalarida boʻlib, saylovga tayyorgarlik koʻrish borasida amalga oshirilgan ishlar bilan shaxsan tanishib, zarur maslahat va yordamlar berish jarayonida bunga yana bir bor ishonch hosil qildik.

 

Bulardan tashqari, Komissiyamizning majlislarida barcha okrug saylov komissiyalari raislarining amalga oshirilgan ishlar boʻyicha batafsil axborotlari tinglandi va muhokama qilindi. Eʼtibordan chetda qolgan masalalar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar darhol bartaraf etib borildi.

 

Ana shunday tizimli ishlar samarasida saylov uchastkalarida saylovchilar zarur axborotlarni olishi, erkin ovoz berishi uchun saylov qonunchiligida qatʼiy belgilab qoʻyilgan barcha sharoitlar yaratildi.

 

Prezident saylovini oʻtkazish boʻyicha tuzilgan uchastka saylov komissiyalari tarkibida faoliyat yuritayotgan aʼzolarning sifat koʻrsatkichlari tahlil qilinsa, milliy saylov tizimida izchillik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli demokratik oʻzgarishlar berayotgan yuksak samaralarni koʻrish mumkin.

 

Bu, avvalo, jami 108 399 nafar aʼzoni birlashtirgan uchastka saylov komissiyalarining safida ayollarning ilgarigi saylovlardagidan sezilarli darajada koʻpligida koʻrinadi. Agar, 2019-yilda oʻtgan parlament saylovida uchastka saylov komissiyalari tarkibida 54,4 mingga yaqin ayol faoliyat yuritgan boʻlsa, joriy yildagi Prezident saylovida ular qariyb ikki yarim ming nafar koʻp.

 

Mazkur komissiyalar raislarining 3827 nafari, rais oʻrinbosarlarining 4199 nafari, kotiblarining esa 5745 nafari xotin-qizlardir. Uchastka saylov komissiyalari tarkibida 1856 nafar nogironligi boʻlgan fuqaro ish olib bormoqda. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha mutaxassislar esa aʼzolarning 19 foizini tashkil etadi.

 

Ushbu koʻrsatkichlar saylov oʻtkazish boʻyicha okrug va uchastka saylov komissiyalarining tarkibiga qoʻyiladigan yuksak xalqaro talablarga toʻla mosdir.

 

“Bir saylovchi — bir ovoz”

 

Bunday yuksak talablarga mos natijaga erishish oʻz-oʻzidan boʻlmasligi ayon. Shu bois Markaziy saylov komissiyasi saylovga tayyorgarlikni Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqlashdan boshlagani bejiz emas.

 

Joriy yilning 19-may kuni qabul qilingan ushbu hujjatda belgilangan vazifalarning ijrosini tizimli va sifatli taʼminlashda Markaziy saylov komissiyasi hamda Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik muhim ahamiyat kasb etganligini alohida taʼkidlash oʻrinli.

 

Barcha darajadagi saylov komissiyalari aʼzolarini saylov qonunchiligidagi yangiliklar, saylovlarga oid bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan mashgʻulotlar uch bosqichda amalga oshirildi. Treninglarda zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari imkoniyatlaridan keng foydalanilgani kutilgan samaralarni berdi.

 

Yuqoridan quyiga qarab kengayib, takomillashib boradigan va interfaol usullar ustuvorlik kasb etgan mashgʻulotlar jarayonida mamlakatimiz boʻyicha 112 mingdan ortiq saylov tashkilotchisi malaka oshirdi. Bilim va amaliy koʻnikmasi test usulida sinovdan oʻtkazilganida, tinglovchilarning 95 foizdan ortigʻi yuqori ballarni oldi.

 

Faqat ovoz berish yashirin

 

Saylov demokratiya koʻzgusi degan gap bejiz ommalashmagan. Negaki, har qanday mamlakatda ochiqlik, oshkoralik, soʻz erkinligi, saylash va saylanish huquqiga oid umumeʼtirof etilgan koʻplab demokratik tamoyillarning amalda nechogʻlik taʼminlangani aynan saylovlar jarayonida namoyon boʻladi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarining ochiqligi va oshkoraligini taʼminlash barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyatining asosiy prinsiplaridandir.

 

Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini 800 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchi kuzatib boradi. Ular orasida Yevropada xavfsizlik hamkorlik tashkilotining Parlament assambleyasi hamda Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilliy davlatlar hamkorlik kengashi, Turkiy kengash Parlament assambleyasi, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi va MDH Parlamentlararo assambleyasi, Islom hamkorlik tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalarning missiyalaridan va dunyoning 47 davlatidan tashrif buyurgan kuzatuvchilar bor.

 

Ayni paytda, Prezidentlikka nomzod koʻrsatgan siyosiy partiyalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqaruv organlaridan 54 ming nafarga yaqin kuzatuvchi akkreditatsiyadan oʻtkazilgan.

 

Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1300 nafarga yaqin vakili akkreditatsiyadan oʻtkazildi.

 

Saylov uchastkalarini ovoz berishga hozirlash jarayonida kuzatuvchilar va jurnalistlar uchun maxsus joy ajratilishiga alohida eʼtibor qaratildi. Kuzatuvchilar ovoz berish jarayonining bemalol kuzatishlari, OAV vakillari bu jarayonni hech qanday toʻsiqsiz yoritib borishlari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.

 

Markaziy saylov komissiyasining saylovga tayyorgarlik koʻrish bilan bogʻliq barcha majlislari ijtimoiy tarmoqlar orqali surdo tarjimasi bilan jonli efirga uzatib borildi. Saylov kunini eslatuvchi SMS xabarlari fuqarolarning mobil telefonlariga yuborilmoqda.

 

Oʻzbekiston Respublikasining xorijga ketayotgan fuqarolari uchun saylov kuni xorijda ovoz berish tartibini tushuntiruvchi flayerlar, saylovga chorlovchi plakatlar, saylovda ishtirok etuvchi fuqarolar uchun taklifnomalar tayyorlandi va belgilangan tartibda tarqatildi.

 

Raqamli texnologiyalarning Oʻzbekiston milliy saylov tizimiga keng joriy etilayotgani ham Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarida ochiqlik va oshkoralikni taʼminlashda keng imkoniyatlar yaratmoqda.

 

Maʼlumki, 2019-yilgi parlament saylovida ilk bor oltmishta saylov uchastkasiga jami 120 videokuzatuv uskunalari oʻrnatilgan edi.

 

Joriy yilgi saylov kuni uch baravar koʻp – barcha tuman va shaharlardagi ikkitadan saylov uchastkasida ikkitagacha videokuzatuv kamerasi ishlab turadi. Bu ovoz berish jarayonlarini real vaqt rejimida – onlayn videotranslyatsiya qilish imkonini beradi.

 

Alohida taʼkidlash zarurki, videokuzatuv kameralari oʻrnatilgan saylov uchastkalari binolarida saylovchilarning yashirin ovoz berish prinsiplariga qatʼiy rioya qilinadi.

 

Ayni paytda, Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi ekranda, “Saylov2023.uz” portalida hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Oʻzbekiston24” va boshqa telekanallarda ovoz berish jarayonini bevosita kuzatish imkoniyati yaratiladi.

 

Mazkur yoʻnalishdagi muhim yangiliklardan yana biri: Prezident saylovini oʻtkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi hududida joylashgan ellikta saylov uchastkasida saylov kuni saylovchi-fuqarolarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi joriy etilayotganidir.

 

Matbuot markazida esa Oʻzbekiston hududida yashovchi aholi uchun bepul 1200 qisqa raqamli va xorijda istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun bepul 55-500-12-00 raqamli tezkor axborot berish markazi ishlab turibdi.

 

Fuqarolardan, saylov tashkilotchilari-yu, jurnalistlardan tushayotgan barcha murojaatlarga Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari, kotibiyatining masʼul xodimlari, saylov boʻyicha yetakchi ekspertlar va huquqshunos olimlardan iborat guruh tomonidan oʻz vaqtida malakali javoblar qaytarilmoqda. Murojaatlarning birortasi eʼtibordan chetda qolayotgani yoʻq. Buni shundan ham bilish mumkinki, saylov kampaniyasi boshlanganidan beri fuqarolardan tushgan har bir murojaat Markaziy saylov komissiyasining yigʻilishlarida peshma-pesh koʻrib chiqildi.

 

Darhaqiqat, saylovda fuqarolarning faqat ovoz berishi yashirin kechadi. Qolgan barcha ishlarda ochiqlik va oshkoralik toʻla taʼminlanmoqda.

 

Bularning barchasi “Bir saylovchi — bir ovoz” xalqaro saylov tamoyiliga qatʼiy amal qilish imkoniyatini yanada kengaytirish, vatandoshlarimiz oʻzlarining Konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalanib, saylovda erkin ovoz berishlari va Prezident saylovini yuksak demokratik talablar asosida oʻtkazishga xizmat qiladi.

 

Koʻtarinki ruh

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan beshta siyosiy partiyaning murojaatlari koʻrib chiqilib, ularning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishiga ijozat berildi. Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari roʻyxatga olindi va ular Komissiyamizning saylovga doir barcha tadbirlarida bevosita ishtirok etib kelmoqda.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Xalq demokratik partiyasidan koʻrsatilgan nomzod Ulugʻbek Ilyosovich Inoyatov, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasidan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan Robaxon Anvarovna Mahmudova, Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan Abdushukur Xudoyqulovich Hamzayev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod etib roʻyxatga olingan.

 

Saylovda ishtirok etayotgan Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Prezident saylovida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan koʻrsatilgan nomzodni qoʻllab-quvvatlashga qaror qilgan.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlarning bir oy davom etgan saylovoldi tashviqoti, jumladan, saylovchilar bilan uchrashuvlari diqqat bilan kuzatib borildi. Partiyalar vakillari va prezidentlikka nomzodlar koʻtarinki ruhda oʻtgan tadbirlarda asosan saylovchilarga oʻz saylovoldi dasturlarida nazarda tutilgan maqsadlardan kelib chiqib gapirdilar. Bahs-munozara yuritdilar. Jamoatchilik ham ularning saylovoldi tashviqotini qiziqish bilan kuzatib borar ekan, koʻplab yangi gʻoyalar va tashabbuslar, fikrlar va loyihalardan voqif boʻldi, deb oʻylayman.

 

Taʼkidlash joizki, barcha siyosiy partiyalar va nomzodlarga saylovoldi tashviqotini olib borishda ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga koʻra bir xil efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yoʻli bilan teng sharoit va imkoniyat taʼminlandi. Saylov qonunchiligi bilan oʻrnatilgan tartib va talablarning birorta siyosiy partiya yoki nomzod tomonidan buzilish hollari kuzatilmadi.

 

Saylovchilarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlar haqida xabardor qilishga qaratilgan hamda saylovda faol ishtirok etishga chaqiruvchi turli oʻlchamlardagi 691 mingdan ortiq nusxadagi plakatlar oʻzbek, rus va qoraqalpoq, tojik, qozoq, turkman, qirgʻiz tillarida chop etilib, aholi gavjum joylarga joylashtirildi.

 

Bulardan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarga ovoz berishga chaqiruvchi 389 mingga yaqin tashqi reklama vositalarida saylovoldi tashviqoti bannerlari oʻrnatildi.

 

Bularning barchasi siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari oʻrtasidagi oʻzaro raqobat va kurashni qizitdi. Buni har qadamda — saylovchilar bilan uchrashuvlaru teledebatda, ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarda, ijtimoiy tarmoqlarda, siyosiy partiyalarning nashrlari va veb-saytlarida, shuningdek, internet-nashrlarda koʻrish mumkin edi. Bunday tadbirlar millionlab saylovchilarni qamrab oldi.

 

Odamlardagi bu qiziqishning, faollikning sababi, avvalo, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik oʻzgarishlarda, muqarrarlik kasb etayotgan erkinlik, ochiqlik va oshkoralikdadir. Xalqimizning Vatanimiz kelajagiga yuksak umid va qatʼiy ishonchida, el-yurt taqdiriga daxldorlik tuygʻusining yuksalib borayotganidadir.

 

Bular Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining koʻppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillari asosida, xalqaro umumeʼtirof etilgan demokratik standartlarga mos oʻtayotganiga yorqin misollardir.

 

Mehr-eʼtibor

 

Markaziy saylov komissiyasi saylovlarga tayyorgarlik jarayonida nogironligi boʻlgan fuqarolarning alohida ehtiyojlariga hamisha jiddiy eʼtibor qaratib keladi.

 

Bu muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonlarida ham oʻzining amaliy ifodasini topmoqda.

 

Mahalliy hokimiyat organlari bilan birgalikda Prezident saylovini tashkil qilish va oʻtkazishda nogironligi boʻlgan fuqarolarning oʻz saylov huquqlaridan teng va toʻsqinliksiz foydalanishini taʼminlash maqsadida, saylov uchastkalari binolarini va ovoz berish xonalarini tanlash va jihozlashda Oʻzbekiston Respublikasi saylov qonunchiligida belgilangan barcha shart-sharoitlarni yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.

 

Nogironligi boʻlgan fuqarolarning saylov huquqlarini taʼminlashda qoʻshimcha shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishga doir masala Komissiyamiz majlisida muhokama qilinganida, Oʻzbekiston Nogironlar jamiyati, Koʻzi ojizlar jamiyati, Karlar jamiyati va Nogironlar assotsiatsiyasidan vakillar ishtirok etdi. Dolzarb masalalar yuzasidan fikrlarini bildirib, takliflarini aytdi.

 

Ayni kungacha saylov byulleteni Brayl alifbosida toʻldirish uchun trafaretlar chop etildi. Koʻzi ojiz va zaif qoʻruvchi fuqarolar saylov byulletenida oʻz xohish irodasini mustaqil ifoda eta olishi uchun har bir saylov uchastkasi ushbu trafaretlar bilan taʼminlandi.

 

Saylov uchastkalarida nogironligi boʻlgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalari joylashtirildi. Koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi saylovchilar uchun optik lupalar hamda yoritkichlar mavjud boʻlishi taʼminlandi.

 

Markaziy saylov komissiyasining majlislari internet ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalari va telekanallar orqali surdo tarjimasida bevosita kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

 

Saylov – mamlakatning, millatning imiji, obroʻsi. Har bir fuqaroning buguni va kelajagiga bevosita taʼsirini oʻtkazadigan ulkan siyosiy voqeadir. Bilamizki, bugun dunyo ahli mustaqil Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ulkan oʻzgarishlarni katta umid va xayrixohlik bilan kuzatib turibdi.

 

Ishonchimiz komilki, muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqimiz oʻz xohish-irodasini yana bir bor emin-erkin namoyon etadi, istiqboldagi milliy taraqqiyotimizning yoʻnalishlarini belgilab olishdek muhim jarayonlarga oʻzining munosib hissasini qoʻshadi.

 

Ushbu tarixiy saylov Yangi Oʻzbekistonning suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat sifatida eng muhim xalqaro saylov prinsiplariga sadoqatining yana bir yorqin namoyishiga aylanadi.

 

Fursatdan foydalanib, barcha vatandoshlarimizga murojaat qilib aytmoqchimanki, saylov oʻzining, farzandlarining porloq kelajagini oʻylagan millat, xalq hamda Vatanini sevgan har bir inson uchun ulkan imkoniyatdir.

 

Kelgusi yakshanba, 9-iyun kuni har birimiz ana shunday imkoniyatdan – Konstitutsiyaviy huquqimizdan foydalanib, oʻzimiz erkin tanlagan munosib nomzodga ovoz bersak, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini taʼminlashdek ezgu ishlarga oʻzimizning shaxsiy hissamizni qoʻshgan boʻlamiz.

 

(“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, 2023-yil 7-iyul).

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur