Sayt test rejimida ishlamoqda

PREZIDENT SAYLOVIDA SIYOSIY PARTIYA VAKOLATLI VAKILINING O‘RNI

31.01.2023

1792

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasining 23-iyul kuni boʻlib oʻtgan navbatdagi majlisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga rasman start berildi.

 

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalarning rahbarlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etgan majlisda Markaziy saylov komissiyasi 2021-yil 24-oktyabrni – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni deb belgiladi. Saylov kampaniyasi 23-iyuldan boshlanishi eʼlon qilindi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev, oʻz oldiga mamlakat taraqqiyotini yangi, yanada yuqori bosqichiga koʻtarishdek buyuk maqsadni qoʻygan yangi Oʻzbekistonda Prezident saylovi yangilangan milliy saylov qonunchiligi, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora oʻtkazilishini alohida taʼkidladi. Saylov jamiyatimiz hayotidan koʻppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar rang-barangligi, ochiqlik va oshkoralik, bagʻrikenglik tamoyillari mustahkam va keng oʻrin olayotgan sharoitda oʻtadi.

 

Majlisda saylov qonunchiligida belgilangan normalarning oʻz muddatida va samarali ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha kalendar rejasi tasdiqlandi.

 

Kalendar rejada Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tegishli davlat organlari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda qadamba qadam va kunba kun amalga oshiriladigan vazifalar belgilangan.

 

Qonunchilikda belgilanganidek, siyosiy partiyalarning oʻz vakolatli vakillarini tayinlaganiga oid maʼlumotlar Markaziy saylov komissiyasiga kela boshladi.

 

Siyosiy partiyalar saylovda ishtirok etishi uchun qonunda belgilangan hujjatlarni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishi Saylov kodeksida belgilab qoʻyilgan. Saylov kampaniyasi davrida Markaziy saylov komissiyasi va siyosiy partiya oʻrtasida muloqotni yuritish va talab etilgan hujjatlarni taqdim etishni tashkiliy ravishda tartibga solish uchun vakolatli vakil faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

 

Vakolatli vakil avvalo, saylovda ishtirok etuvchi siyosiy partiyaning manfaatini ifodalaydi va uning saylov jarayonidagi ishtirokiga oid masalalarni hal etib boradi.

 

Saylov kodeksida belgilanganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiya Vakolatli vakili orqali saylovga kamida yetmish kun qolganida Markaziy saylov komissiyasiga quyidagilarni taqdim etadi:

 

saylovda ishtirok etish toʻgʻrisida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining siyosiy partiya roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maʼlumotnoma;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga boʻlajak nomzod toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga hujjatlar qabul qilib olingan sana va vaqt koʻrsatilgan maʼlumotnoma beradi.

 

Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish toʻgʻrisida besh kunlik muddat ichida uzil-kesil qaror qabul qiladi hamda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga roʻyxatga olinganlik guvohnomasini va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi.

 

Saylovda ishtirok etuvchi partiyalarning roʻyxati arizalarning kelib tushish tartibiga qarab markaziy matbuotda eʼlon qilinadi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasiga muvofiq siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun vakolatli vakil tayinlashga haqli.

 

Shundan kelib chiqqan holda siyosiy partiya tomonidan vakolatli vakil tayinlash masalasi ikki bosqichda amalga oshiriladi.

 

Birinchi bosqichda siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini belgilangan qoidalar asosida amalga oshirish bilan bogʻliq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan munosabatlarni olib borish uchun vakolatli vakil tayinlanadi.

 

Markaziy saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda ishtirok etish uchun siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman eʼlon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda oʻz vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiya tomonidan tavsiya etilgan vakolatli vakillikka nomzodning tegishli hujjatlarini koʻrib chiqib, uch kunlik muddatda uni roʻyxatga oladi va belgilangan shaklda mandat beradi.

 

Ikkinchi bosqich bevosita hududiy partiya organlaridan tayinlanadigan vakolatli vakil faoliyati bilan bogʻliq. Bunday vakolatli vakil saylov uchastkasida ish olib boradi.

 

Yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatgan siyosiy partiyaning hududiy organlari saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun saylov uchastkalari tuzilgan kundan eʼtiboran oʻz vakolatli vakillarini tayinlaydi.

 

Siyosiy partiya hududiy organining rahbari saylovga kamida oʻn kun qolganida ariza bilan tegishli saylov komissiyasiga siyosiy partiyaning vakolatli vakillari roʻyxatini (ism-familiyasi, lavozimi, yashash manzili va telefon raqami koʻrsatilgan holda) taqdim etadi.

 

Ariza Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Prezident saylovini oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

 

Okrug saylov komissiyasi siyosiy partiyaning vakolatli vakillari roʻyxati kelib tushgan vaqtdan boshlab, besh kun ichida vakolatli vakillarni roʻyxatga oladi va belgilangan shaklda mandat beradi.

 

Shu bilan birga, ayrim hollarda vakolatli vakilga mandat berish rad etilishi mumkin. Jumladan, vakolatli vakillikka nomzod 18 yoshga toʻlmagan boʻlsa yoki Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlmasa, saylovga oʻn kundan kam muddat qolganda murojaat etilsa, tegishli saylov okrugi boʻyicha siyosiy partiyadan nomzod roʻyxatga olinmagan boʻlsa, tegishli hujjatlar toʻliq taqdim etilmasa, mandat berish rad etilishi mumkin.

 

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili saylov komissiyasining majlislarida, saylov komissiyalariga hujjatlarni, shu jumladan toʻplangan imzo varaqalarini topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishga, uchastka saylov komissiyasining bayonnomasi bilan tanishish, shu jumladan uchastka saylov komissiyasi bayonnomasining tasdiqlangan koʻchirma nusxasini olishga haqli.

 

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili uchastka saylov komissiyasining faoliyatiga, jumladan saylov qutilarini muhrlashga, ochishga, ovozlarni sanab chiqishga aralashishi mumkin emas.

 

Siyosiy partiyaning vakolatli vakili shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, siyosiy partiya tomonidan berilgan hujjatni va tegishli saylov komissiyasining mandatini oʻz yonida olib yurishi shart.

 

Ciyosiy partiya vakolatli vakilining vakolat muddati saylov yakunlari toʻgʻrisidagi axborot matbuotda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran tugagan hisoblanadi.

 

Mazkur institutning saylov kampaniyasi davrida faol ish olib borishi saylovlarning oshkoraligi, adolatliligi va qonuniyligini taʼminlashga hamda saylov komissiyalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

Bahodirjon YUNUSOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining

doimiy asosda ishlovchi aʼzosi

 

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 28-iyul №151 soni

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur