Sayt test rejimida ishlamoqda

NOMZODNING ISHONCHLI VAKILI SAYLOVOLDI TASHVIQOTIDA ENG MUHIM INSTITUT

25.01.2023

1584

msk_yangiliklari_in

Deputatlikka nomzodlar oʻz saylovoldi dasturini saylovchilarga tanishtirar ekan, ushbu jarayonni yana ham aholining chuqur qatlamlari hamda har bir saylovchiga yetib borishi uchun oʻzining ishonchli vakillari bilan hamkorlikda ish tashkil etadi.

 

Deputatlikka nomzodlar oʻz saylovoldi dasturini saylovchilarga tanishtirar ekan, ushbu jarayonni yana ham aholining chuqur qatlamlari hamda har bir saylovchiga yetib borishi uchun oʻzining ishonchli vakillari bilan hamkorlikda ish tashkil etadi.

 

Saylov kodeksining 43-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod va Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatligiga nomzodlar ishonchli vakilga ega boʻlishi mumkin.

 

Qonunga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod 15 nafargacha, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod 10 nafargacha, Xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar kengashi deputatligiga nomzod 5 nafargacha, Xalq deputatlari tuman va shahar kengashi deputatligiga nomzod 3 nafargacha ishonchli vakilga ega boʻlishi mumkin.

 

Shu oʻrinda Saylov kodeksiga kiritilgan yana bitta yangilik –xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashi deputatligiga nomzod avvalgi qonunlardagi 3 nafar oʻrniga endilikda 5 nafargacha ishonchli vakilga ega boʻlishi mumkinligini alohida aytish oʻrinli.

 

Qoidaga muvofiq, Ishonchli vakil saylov komissiyasining aʼzosi boʻlishi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning ishonchli vakillari uning taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olinadi va belgilangan shaklda ularga guvohnoma beriladi.

 

Deputatlikka nomzod roʻyxatga olinganidan keyin ishonchli vakillarini oʻz xohishiga koʻra belgilaydi va ularni roʻyxatga olish uchun tegishli okrug saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qiladi.

 

Bunda ariza:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod tomonidan Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasiga;

mahalliy kengash deputatligiga nomzod tomonidan tegishli Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashiga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyasiga taqdim etiladi.

Tegishli okrug saylov komissiyasi arizani qabul qilgan kundan boshlab, 3 kunlik muddatda ishonchli vakillarni roʻyxatga oladi va ularga mazkur Nizomning ilovalarda belgilangan shaklda guvohnoma beradi.

Deputatlikka nomzod saylovga qadar istalgan vaqtda oʻz ishonchli vakilini tegishli saylov komissiyasiga maʼlum qilgan holda vakolatidan mahrum qilishi va uni boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Ishonchli vakil istalgan vaqtda oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilishga haqli.

 

Ishonchli vakil:

nomzodga saylov kampaniyasini oʻtkazishda yordam beradi;

nomzod saylanishi uchun tashviqot olib boradi;

davlat organlari va jamoat birlashmalari, saylov komissiyalari bilan boʻladigan munosabatlarda nomzodning manfaatlarini ifodalaydi.

Ishonchli vakil boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.

 

Ishonchli vakilga saylovoldi tashviqoti davrida tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar koʻrsatish, shuningdek pul mablagʻlari toʻlash bilan qoʻshib olib borish, notoʻgʻri axborotni, shuningdek nomzodlarning shaʼni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan maʼlumotlarni tarqatish, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri soʻrovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, oʻtkazilayotgan saylov bilan bogʻliq boshqa tadqiqotlarni eʼlon qilish, shu jumladan axborot tarmoqlariga, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻiga joylashtirish taqiqlanadi.

 

Ishonchli vakil tomonidan saylovga bir kun qolganida va saylov kunida tashviqot olib borish taqiqlanadi. Ishonchli vakillar saylov komissiyalarining qarorlari ustidan ushbu qarorlar qabul qilinganidan keyin oʻn kun ichida yuqori turuvchi saylov komissiyasiga yoki sudga shikoyat qilishi mumkin. Shikoyat bergan ishonchli vakillar shikoyat koʻrib chiqilishida bevosita ishtirok etish huquqiga ega. Saylov kampaniyasi davrida Ishonchli vakillar oʻz huquq va majburiyatlarini qonun talablari asosida amalga oshirishlari saylovlarni demokratik asoslarda oʻtkazishda muhim oʻringa ega.

 

Bahodirjon Yunusov

Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur