Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING CHET DAVLATLARDAGI DIPLOMATIK VA BOSHQA VAKOLATXONALARI HUZURIDA REFERENDUM UCHASTKALARI TUZILDI

27.03.2023

1801

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 27-mart kuni bo‘lib o‘tgan majlisida O‘zbekiston Respublikasi referendumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq navbatdagi masalalar ko‘rib chiqildi.

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 16 va 18-moddalariga, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 16-moddasiga, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil 13-iyuldagi 1178-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari hamda referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida referendum uchastkalari tuziladi.

Ushbu qonun talablaridan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi majlisida O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida 55 ta referendum uchastkasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va hamda mazkur referendum uchastkalarini 14-Toshkent shahar referendum okrugiga biriktirildi.

Maʼlumki, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir barcha tadbirlarda boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalarining vakillari qatnashish huquqiga egadirlar. Ular Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga asosan 2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasining referendumida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosidan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Shuningdek majlisda bir qator mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati 

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur