Sayt test rejimida ishlamoqda

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI REFERENDUMINI O‘TKAZUVCHI OKRUG KOMISSIYALARINING AʼZOLARI UCHUN O‘QUV SEMINAR TASHKIL ETILDI

26.03.2023

2125

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 24-25 mart kunlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Referendum o‘tkazuvchi komissiya aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasi referendumini o‘tkazuvchi okrug komissiyalarining aʼzolari uchun o‘quv-seminarlari tashkil etildi.  

Seminar-treningning maqsadi – referendumni o‘tkazuvchi okrug komissiyalari aʼzolarining siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdagi asosiy vazifalari, referendum jarayonlarini umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga rioya etilgan holda, milliy qonunchilikka mos tarzda, uyushqoqlik bilan tashkil etishdagi ko‘nikmalarini oshirishdan iborat bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Prezident huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasining professor-o‘qituvchilaridan iborat ekspertlar guruhi,  hamda Konstitutsiyaviy komissiya va MSK aʼzolari tomonidan olib borilgan o‘quvlarda 42 nafar referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalarining aʼzolari ishtirok etdi.

O‘quv metodik materiallar asosida olib borilgan mashg‘ulotlarda referendumni tashkil etish va o‘tkazishda okrug va uchastka komissiyalarining o‘rni, konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati, xorijiy kuzatuvchilar bilan muloqotning eʼtiborli jihatlari, ovoz beruvchi fuqarolarning ro‘yxatini shakllantirish va ushbu ro‘yxatlar bilan ishlashda okrug komissiyalari oldida turgan vazifalar, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, referendum kuniga tayyorgarlik, ovoz berish yakunlarini aniqlash kabi mavzular muhokama etildi.

Shuningdek, okrug va uchastka binolari va ovoz berish xonalarini jihozlashga qo‘yilgan talablar yuzasidan amaliy mashg‘ulot tashkil etildi.

Seminar-trening so‘ngida ishtirokchilarga sertifikatlar hamda referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalariga guvohnoma va muhrlar topshirildi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur