Sayt test rejimida ishlamoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakillari Amerika Qoʻshma Shtatlarida prezidentlik praymerizlarini kuzatishda ishtirok etmoqda

04.03.2024

16145

msk_yangiliklari_in

Los Andjeles okrugi (AQSH, Kaliforniya shtati) kotibining taklifiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi MSK raisi Z.Nizamxodjayev boshchiligidagi delegatsiya AQSH prezidentlik praymerizlariga tayyorgarlik koʻrish jarayoni bilan tanishish va unda ovoz berishni kuzatish maqsadida AQSHning Kaliforniya shtatida boʻlib turibdi.

Maʼlumki, AQSHda tugʻilgan, oʻttiz besh yoshdan kichik boʻlmagan va saylovgacha kamida oʻn toʻrt yil Qoʻshma Shtatlar hududida yashayotgan shaxs prezidentlikka nomzod boʻlishi mumkin. Demokratik va Respublikachilar partiyalaridan prezidentlikka nomzodlarni koʻrsatish odatda mazkur partiyalarning eng mashhur aʼzolarini aniqlashga imkon beruvchi praymeriz jarayonlari orqali amalga oshiriladi. AQSH prezidentlik praymerizlari shtatlar darajasida oʻtkaziladigan birlamchi prezidentlik saylovlari instituti boʻlib, uning natijalariga koʻra delegatlar har bir partiyadan yagona prezidentlikka nomzodlarni aniqlash maqsadida milliy partiya qurultoyiga yuboriladi.

Qoʻshma Shtatlarda prezident toʻgʻridan toʻgʻri saylovchilar tomonidan emas, balki saylovchilar kollegiyasi tomonidan saylanadi. Noyabr oyining dastlabki dushanbasidan keyingi birinchi seshanba kunida saylovlar boʻlib oʻtadi, unda har bir shtat aholisi AQSH Kongressidagi oʻz vakillari soniga mutanosib ravishda saylovchilar kollegiyasi aʼzolarini saylaydi. Kaliforniya shtati eng koʻp saylovchilar kollegiyasi aʼzolariga ega boʻlib, ularning soni 55 nafarni tashkil qiladi.

Los Andjeles okrugi kotibi va uning idorasi mazkur hududda barcha darajadagi saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishni tashkil etish, jumladan, saylovchilarni roʻyxatga olish, ularni boʻlajak saylovlar toʻgʻrisida xabardor qilish hamda saylov texnologiyalarini joriy etish kabi vazifalarni amalga oshiradi.

Tashrifning birinchi kunida xorijiy kuzatuvchilarni AQSH Saylovga koʻmaklashish komissiyasi aʼzosi Kristi MakKormik va Los Andjeles okrugi kotibi Din Loganlar kutib olishdi, ular prezidentlik praymerizlarida xorijiy saylov organi vakillarining bevosita ishtiroki uchun minnatdorchilik bildirib, AQSH saylov tizimi, saylov maʼmuriyatining asosiy vazifalari va funksiyalari bilan tanishtirishdi.

Kaliforniya shtati praymerizlarida ovoz berish jarayonlari joriy yilning 5-martiga belgilangan. Barcha saylovchilarga saylov byulletenlari oldindan yuborilgan. Byulletenda shtat darajasida va mahalliy darajadagi nomzodlarning uzun roʻyxati hamda ularni tasdiqlash yoki rad etish masalalari, shu jumladan, noyabr oyida boʻlib oʻtadigan saylovlarga partiyalarning prezidentlikka nomzodlari va AQSH Senatiga ochiq praymerizlar uchun ikki nafar eng yaxshi nomzodlarni aniqlashga doir maʼlumotlar aks etgan.

Saylovga oʻn kun qolganda oʻz faoliyatini boshlaydigan ovoz berish markazlari saylovchilarga pochta orqali yuborilgan byulletenlarni qaytarish, muddatidan oldin yoki saylov kuni shaxsan ovoz berish imkoniyatlarini yaratib beradi. Shu maqsadda, okrug hududida 644 ta ovoz berish markazlari tashkil etilgan boʻlib, ulardan 119 tasi saylovga oʻn kun qolganda ochilgan boʻlsa, qolgan 525 tasi 2-5-mart kunlari oʻz faoliyatini boshlaydi.

Shuningdek saylovchilar toʻldirilgan byulletenlarni pochta orqali yuborishlari yoki ovoz berish markazlaridagi maxsus qutilarda qoldirishlari mumkin.

Joriy yilning 1-mart kuni Oʻzbekiston MSK delegatsiyasi xorijiy kuzatuvchilar guruhi tarkibida Los Andjelesdagi jamoat kutubxonasida tashkil etilgan ovoz berish markaziga tashrif buyurishdi, u yerda markaz xodimlari va saylovchilar bilan suhbatlashishdi hamda maxsus elektron ovoz berish uskunalari yordamida ovoz berish jarayonlarini kuzatishdi.

Shu kunning oʻzida xorijiy kuzatuvchilar guruhi “VSAP” operatsion markazi faoliyati bilan tanishdilar (Voting Solutions for All People – Barcha uchun ovoz berish yechimlari). Operatsion markaz elektron ovoz berish uskunalari va saylovchilarni onlayn roʻyxatga olish moslamalarini saqlash, texnik xizmat koʻrsatish va ularni ovoz berish jarayonlariga tayyorlash, shuningdek, ovoz berish markazlarida ularning ishlashini monitoring qilinishini taʼminlaydi.

 

Tashrif dasturiga muvofiq, AQSH saylovlarida qoʻllaniladigan zamonaviy saylov texnologiyalarini oʻrganishga oid boshqa tadbirlar ham koʻzda tutilgan.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur