Sayt test rejimida ishlamoqda

MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahatlashuv kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

20.12.2023

2128

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 20-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi raisligida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahatlashuv kengashining II yig‘ilishi videokonferensaloqa formatida bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Maslahatlashuv kengashining a’zolari Armaniston Respublikasi (V. Ovakimyan), Belarus Respublikasi (I. Karpenko), Qirg‘iziston Respublikasi (N. Shayldabekova), Tojikiston Respublikasi (B. Xudoyorzoda), O‘zbekiston Respublikasi (Z. Nizamxodjayev), Rossiya Federatsiyasi (N.Bulayev) saylov organlari rahbarlari ishtirok etdilar.

Shuningdek, yig‘ilishda maslahat ovozi huquqiga ega bo‘lgan Maslahatlashuv kengashining a’zolaridan MDH Bosh kotibining o‘rinbosari I. Ne’matov va MDH PA Bosh kotibi – Kotibiyat rahbari D. Kobitskiy ishtirok etishdi.

 

Yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalalardan biri Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahatlashuv kengashining Reglamentini tasdiqlash bo‘ldi.

MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlarining Maslahatlashuv kengashi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq, Maslahatlashuv kengashi o‘z faoliyatiga doir reglamentini qabul qilishi mumkinligi qayd etildi. Hujjat besh bo‘limdan iborat bo‘lib, Maslahatlashuv kengashining ish tartibi, uning majlislarini tashkil etish va o‘tkazish, Maslahatlashuv kengashi ko‘rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish, qabul qilingan qarorlarning ijrosini ta’minlash tartibini belgilaydi.

 

Kun tartibidagi kiritilgan yana bir masala - bu yosh avlodni saylov jarayonlariga jalb etishning masalasi bo‘ldi.

Mazkur mavzuning dolzarbligi Hamdo‘stlik mamlakatlarida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, yoshlar huquqiy tarbiyasi va ularning ijtimoiy ahamiyatga molik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash orqali yosh avlodni mamlakat siyosiy hayotiga keng jalb etishning ahamiyati bilan bevosita bog‘liqdir.

 

Yig‘ilish davomida 2024-yil 25-fevralda bo‘lib o‘tadigan Belarus Respublikasi Milliy Assambleyasi Vakillar palatasining deputatlari saylovi hamda 17-martda bo‘lib o‘tadigan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti saylovini monitoring qilishda Maslahatlashuv kengashi a’zolarining ishtiroki muhokama qilindi.

Shuningdek, o‘zaro fikr va tajriba almashishga bag‘ishlangan yig‘ilish masalasi doirasida MDH PAga a’zo davlatlarda Demokratiya, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti tomonidan saylov xavfsizligini mustahkamlash va yoshlar huquqiy tarbiyasi va ma’rifiy ta’limiga qaratilgan tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Har ikki mavzu ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha saylov organlarining davlat hokimiyati organlari, xalqaro va jamoat tashkilotlari, ekspertlar hamjamiyati bilan o‘zaro hamkorligining dolzarb yo‘nalishlaridan biri ekanligi alohida ta’kidlandi.

MDHga a’zo davlatlar saylov organlari rahbarlari Maslahatlashuv kengashining navbatdagi yig‘ilishi 2024-yilning ikkinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur