Sayt test rejimida ishlamoqda

Saylov tizimidagi o‘zgarish qanday tartib-taomillardan iborat?

26.10.2023

1045

msk_yangiliklari_in

Jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning roli hamda fuqarolarimizning siyosiy faolligini oshirish demokratik islohotlarning muhim bosqichi sanaladi. Shu bois ularning davlat hokimiyatini shakllantirish jarayonida muayyan g‘oya va maqsadlarni ko‘zlab, ishtirok etishlarini ta’minlashda aralash saylov tizimini joriy etish taklifi anchadan buyon ilgari surib kelinmoqda. Oliy Majlis quyi palatasining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan ayni shu masalada ishlab chiqilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Viloyat hamda shahar-tuman Kengashlari kotibiyati mudirlari ishtirokida o‘tkazilgan seminarda mazkur yangilikning ahamiyati va mohiyati haqida so‘z yuritildi. Xususan, ishtirokchilar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mazmuni bilan yaqindan tanishtirildi.

 

Hozirgi kunda amalda bo‘lgan saylov qonunchiligimizga ko‘ra, siyosiy partiyalar har bir saylov okrugi bo‘yicha aniq nomzodni ilgari surishi hamda ularga okrugdagi saylovchilarning mutlaq ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan taqdirdagina deputat etib saylanadi.

 

Jumladan, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun 150 ta hududiy saylov okruglari tuzilib, ularning har biridan bittadan deputat saylanadi.

 

 

Mavjud tizim muammolari

 

Amalda bo‘lgan ushbu mojaritar saylov tizimida siyosiy partiyalar faoliyatini samarali rivojlantirish, ularni huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatining qudratli instrumentiga aylantirishga to‘sqinlik qiluvchi qator konseptual muammolar mavjud.

 

Misol uchun, majoritar saylov tizimi “g‘olib — barcha yutuq egasi” tamoyiliga asoslanganligi sabab saylovchilar xohish-istaklarining real holatini to‘liq namoyon etmaydi. Bu partiyalarning, umuman, ko‘ppartiyaviylik tizimining rivojlanishiga to‘sqinlik yaratadi. Shu bois, ayni ayni damda partiyalarimiz garchi qonun ijodkorligida tajribasi, ayrim hollarda bunga istagi yo‘q bo‘lsa-da, taniqli, shu hududda obro‘-e’tiborga ega kishilarni nomzod qilib ko‘rsatishga harakat qiladi.

 

Oqibatda deputatlar ayrim hollarda parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatida faollik ko‘rsatmasdan, asosan, o‘zining mahalliy, mintaqaviy manfaatlarini ifodalab keladi.

 

Tahlillarga ko‘ra, amaldagi mutlaq ko‘pchilik (50 foiz + bir ovoz), ya’ni majoritar tizim moliyaviy nuqtai nazardan qimmat. Chunki ba’zida nomzodlarning hech biri saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini ololmasligi mumkin. Bu esa takroriy ovoz berish jarayonini o‘tkazilishini taqozo etadi.

 

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, 2019 yilda o‘tkazilgan parlament saylovlarida 150 ta okrugda o‘tkazilgan saylovlar uchun davlat byudjetidan 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Ulardan 25 tasida takroriy saylov o‘tkazilgan. Ikki hafta muddatdan so‘ng tashkil qilinadigan ovoz berish jarayonlarining o‘ziyoq yana anchayin mablag‘, jismoniy kuch sarflanganini anglatib turibdi.

 

Bundan tashqari, deputatlar o‘rni bo‘shagan taqdirda, shu o‘rinlarni to‘ldirish maqsadida saylov komissiyalari faoliyatini tiklagan holda saylov o‘tkazish zarur. Proporsional tizimda esa bunday hollarda navbatdagi nomzod deputatlik o‘rnini egallashi mumkin.

 

Umuman, yangi tizim qanaqa bo‘ladi?

 

Proporsional saylov tizimida saylovchi deputatlikka nomzodga emas, balki siyosiy partiyalarga ovoz beradi. Vakillik organidagi deputatlik o‘rinlari esa siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda siyosiy partiyalarning deputatlikka nomzodlar ro‘yxatlari o‘rtasida taqsimlanadi.

 

Majoritar va proporsional saylov tizimlarining yutuqlarini uyg‘unlashtiruvchi va bir-birini to‘ldiruvchi saylov tizimi — bu aralash saylov tizimi hisoblanadi. Bu mojaritar saylov tizimi asosida muvaffaqiyat qozona olmagan partiyalarga o‘zlari olgan ovozlarga mutanosib deputatlik o‘rinlarini olishga hamda jamiyatda haqiqiy ko‘ppartiyaviylik tizimini rivojlantirishga xizmat qiladi.

 

– Qayd etilayotgan qonunda Saylov kodeksi hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda, - dedi Markaziy saylov komissiyasi kotibi Xudoyor Mamatov. – Qonunchilik palatasi deputatlarining 50 foizi, ya’ni 75 nafari odatdagidek mojaritar saylov tizimiga muvofiq bir mandatli saylov okruglaridan saylanishi, qolgan 50 foizi, ya’ni 75 nafari proporsional saylov tizimi asosida yagona saylov okrugida partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar ro‘yxati (partiya ro‘yxati) bo‘yicha saylanishi taklif etilmoqda.

 

Demak, endi saylovchi ikkita byulleten orqali ovoz beradi: birinchisida aniq bir nomzodga ovoz bersa, boshqasida esa o‘zi ishongan partiyani belgilaydi.

 

Partiyalar faollashadi

 

Qonunchilik palatasiga saylovda yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan siyosiy partiyalar belgilangan tartibda mandatga ega bo‘ladi. Agar siyosiy partiya ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini to‘play olmasa, yagona saylov okrugi bo‘yicha yoki proporsional saylov tizimi bo‘yicha ushbu siyosiy partiyaga Qonunchilik palatasidagi deputatlik o‘rinlari taqsimlanmaydi.

 

Yetti foizi va undan ko‘proq ovozni to‘plagan siyosiy partiyalar, o‘zlari to‘plagan ovozlar foiziga mutanosib ravishda deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritadi. Qayd etish lozim, har bir siyosiy partiya 75 tadan 100 tagacha nomzod ko‘rsatishi mumkin.

 

Yangi tizim yangilikka boy

 

Agar partiyaviy ro‘yxatdagi nomzodlar ushbu ro‘yxatdan chiqarilsa yoki proporsional tizim asosida shakllantirilgan deputatlik o‘rni bo‘shab qolsa ularning o‘rni qanday to‘ldiriladi, degan haqli savol tug‘ilishi mumkin. Bunday holatlarda bo‘shab qolgan nomzod yoki deputat o‘rni tegishli partiya ro‘yxatidagi keyingi navbatdagi mandatga ega bo‘lmagan nomzodlar hisobidan ro‘yxat ketma-ketligi asosida to‘ldiriladi.

 

Demak, partiyalar shakllantirayotgan ro‘yxat ham muhim ahamiyatga ega. Qayd etish lozimki, proporsional saylov tizimi uchun shakllantirilgan partiya ro‘yxatlarining keng jamoatchilik e’tiboriga e’lon qilish ham belgilangan.

 

 

Bundan tashqari, partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har uchta nomzodning bir nafari ayol kishi bo‘lishi belgilanmoqda.

 

Qonun loyihasining 401-moddasi partiya ro‘yxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro‘yxatga olinishi, ro‘yxatga olish uchun tegishli hujjatlar ro‘yxatga olish muddati tugashiga kamida yetti kun qolgunga qadar Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilishi, partiya ro‘yxatini belgilangan tartibda ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida tugallanishi, ro‘yxatga olinganlik to‘g‘risidagi xabarni besh kunlik muddatda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan e’lon qilinishi, belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan partiya ro‘yxatiga kiritilganlar deputatlikka nomzod maqomini olishi va ularga guvohnoma berilishi to‘g‘risidagi qoidalarni o‘z ichiga olgan.

 

Bir mandatlida ham o‘zgartishlar bor

 

Amaldagi, Saylov kodeksining 96-moddasiga asosan saylovda ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining (ellik foiz +1 yoki undan ko‘p) ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanishi belgilangan edi. Agarda, nomzodlarning birortasi ham ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan ko‘pining ovozini to‘play olmagan bo‘lsa, 2 nafar eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzodlar o‘rtasida takroriy ovoz berish o‘tkazilardi.

 

Saylov kodeksiga taklif etilayotgan normaga muvofiq, endilikda bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovozini (nisbiy ko‘pchilik) olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi. Bunda takroriy ovoz berish o‘tkazilishiga hojat qolmaydi.

 

Saylov komissiyasi ham o‘zgaradi

 

Xudoyor Mamatov ma’ruza qonun loyihasida saylov komissiyalari vertikal tizimda tashkil etilishi belgilanganini ham aytib o‘tdi. Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalarining vakolatlari aniqlashtirilmoqda. Viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalari o‘rnida hududiy saylov komissiyasi tashkil etiladi. Ular 5 yil davomida ham parlament va mahalliy Kengash saylovlarini, ham Prezident saylovini, ham referendumni o‘tkazishda ishtirok etadi.

 

Shuningdek, qonun loyihasiga ko‘ra, MSKning doimiy asosda ishlaydigan a’zolari soni 7 nafar o‘rniga 9 nafar qilib belgilanayotgani qayd etildi. Hududiy saylov komissiyalarida esa ularning soni 3 nafar (ayni paytda 1 nafar) bo‘lishi rejalashtirilgan.

 

Seminar davomida mahalliy Kengashlar deputatlari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi. Muhokamalar davomida qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan takliflar o‘rtaga tashlandi.

Yoqubjon Marqayev.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur