Sayt test rejimida ishlamoqda

11.07.2023

1597

msk_yangiliklari_in

Joriy yilning 9-iyul kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuksak tashkiliy darajada o‘tkazish ishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan barcha okrug va uchastka saylov komissiyalari aʼzolariga, shuningdek, hokimliklar, vazirliklar, idoralar, tashkilotlar, boshqa mutasaddilarga, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari vakillariga samimiy minnatdorlik bildiramiz.

Bu galgi Prezident saylovi joriy yilning 30-aprel kuni umumxalq referendumida qabul qilingan yangilangan Konstitutsiya talablari asosida o‘tdi.

Demokratik tamoyillarga muvofiq, ochiq-oshkora o‘tkazilgan Prezident saylovida 15,6 milliondan ziyod yoki qariyb 80 foiz saylovchi o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etib, ovoz berdi.

Bu, eng avvalo, mamlakatimizda sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan dadil demokratik islohotlarning xalqimiz tomonidan keng qo‘llab- quvvatlanayotgani, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan vazifalarning amaldagi ro‘yobidir.

Ayni paytda, yaratilgan ana shunday keng sharoit va ulkan imkoniyatlardan foydalanib, o‘z bilimi, kuch-g‘ayrati, shijoatini saylovni yuksak saviyada tashkil etishga safarbar etgan o‘n minglab yurtdoshlarimizning zahmati bilan erishilgan ulkan muvaffaqiyatdir. Bu g‘oyat sharafli va masʼuliyatli jarayonning asosiy yuki saylov komissiyalari zimmasiga tushgani tabiiy.

Prezident saylovini katta qiziqish bilan kuzatib va o‘rganib borgan xalqaro tashkilotlarning missiyalari, xorijiy davlatlarning jami 800 ga yaqin kuzatuvchilari, 1 400 nafarga yaqin mahalliy va chet ellik jurnalistlar mamlakatimiz saylov qonunchiligi va amaliyotida qisqa muddat ichida amalga oshirilgan muhim o‘zgarishni alohida eʼtirof etdilar: O‘zbekistonda erkin demokratik saylovlarni o‘tkazishga qodir zamonaviy va barqaror milliy saylov tizimi yaratilgan!

Barcha saylov tashkilotchilarining bir yoqadan bosh chiqarib, xalqimizga xos donishmandlik, ahillik, hamjihatlik, mehr-oqibat va sadoqat bilan qilgan mehnati samarasida vatandoshlarimiz o‘zlarining xohish-irodasini erkin amalga oshirishlari, o‘zlari tanlagan nomzodga ovoz berishlari uchun keng sharoit yaratildi.

Muqobillik asosida o‘tgan Prezident saylovi – ko‘p millatli O‘zbekiston ahli ulug‘ ishlarga qodir, buyuk xalq ekanligining yana bir yorqin namoyonidir!

Barchangizga mustahkam sihat-salomatlik, ona Vatanimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligi yo‘lidagi ishlaringizda yuksak muvaffaqiyatlar, oilaviy baxt, tinchlik-xotirjamlik tilaymiz!

 

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur