Sayt test rejimida ishlamoqda

Saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha komissiya a’zolarining bilim va ko‘nikmalarini doimiy mustahkamlab borish dolzarb vazifa 

27.08.2024

180

msk_yangiliklari_in

O‘zbekiston Respublikasi Saylov qonunchiligidagi yangi normalardan biri – endilikda, Oliy majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlari saylovini o‘tkazishda okrug saylov komissiyalari tuzilmaydi. Faqat xalq deputatlari viloyatlar va  Toshkent shahar Kengashlari saylovini o‘tkazish uchun okrug saylov komissiyalari tuziladi.

 

Okrug saylov komissiyalarining a’zolari jamoatchilikning obro‘-e’tiborli vakillari orasidan xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlar  ining tavsiyasiga binoan tegishli hududiy saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibidan va komissiyaning olti — sakkiz nafar boshqa a’zolaridan iborat tarkibda tuziladi hamda xalq deputatlari viloyatlar va  Toshkent shahar Kengashi sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishni tashkil etish, saylov okrugi hududida Saylov kodeksi ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirish va uning bir xil tarzda qo‘llanilishini ta’minlash, uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirish, saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash va ularni tegishli hududiy saylov komissiyasiga taqdim etish kabi muhim vakolatlarni amalga oshiradi.

 

 

Shu sababli, Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan tasdiqlangan Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasiga muvofiq hududlarda Respublika trenerlari tomonidan xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga deputatlar saylovlarini yuqori saviyada tashkil etish, umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar, ilg‘or milliy va xorijiy tajriba asosida o‘tkazish maqsadida okrug saylov komissiyalari a’zolarining milliy saylov qonunchiligi va amaliyoti hamda xalqaro saylovga oid standartlar bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga yo‘naltirilgan ikki kunlik o‘quv dasturiga muvofiq o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

 

               

 

Markaziy saylov komissiyasining a’zolari hududlarda bo‘lib, ushbu o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarining tashkil etilganlik holati, tinglovchilar davomati bilan tanishib, mashg‘ulot ishtirokchilari bilan muloqot qilib, ularni qiziqtirgan savollariga saylov qonunchiligi asosida batafsil ma’lumot bermoqdalar.

 

                     

 

Xususan, Markaziy saylov komissiyasining kotibi Xudoyor Mamatov joriy yilning 26-27-avgust kunlari Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida bo‘lib, o‘quv-mashg‘ulotlarida ishtirok etdi hamda hududiy, tuman, shahar va okrug saylov komissiyalari faoliyat olib borishi uchun yaratilgan sharoitlar, imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Tuman, shahar va okrug saylov komissiyalarining binolarini saylov qonunchiligi talablariga muvofiq jihozlash, komissiyalarda doimiy navbatchilik tashkil etish, fuqarolarning murojaatlariga alohida e’tibor qaratish yuzasidan tavsiyalar berdi.

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur