Sayt test rejimida ishlamoqda

19.05.2023

2903

msk_yangiliklari_in

2023-yil 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir tadbirlarda qatnashish uchun xorijiy va mahalliy OAV vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.

 

Akkreditatsiyadan o‘tgan OAV vakillarining vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilgan guvohnoma bilan tasdiqlanadi.

 

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xorijiy va mahalliy OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi, ularning huquq va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 5-oktyabrdagi 952-son qarori bilan tasdiqlangan Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan.

 

OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizalar 2023-yil 28-iyun soat 18:00 ga qadar (saylovga kamida o‘n kun qolguniga qadar) saylov@umail.uz elektron manzil orqali qabul qilinadi.

 

MAHALLIY OAV UCHUN

 

OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun quyidagi hujjatlar MSKga elektron shaklda taqdim etiladi.

 

1. OAV rahbari tomonidan imzolangan ariza (pdf formatda).

 

Arizada akkreditatsiyaga taqdim etilgan xodimning familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi ko‘rsatiladi.

 

ARIZA SHAKLINI YUKLAB OLISH

 

2. Akkreditatsiyaga taqdim etilgan xodimning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (ID karta yoki pasportning foto suratli beti) (pdf formatda).

 

3. OAVning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi (pdf formatda).

 

4. Har bir OAV vakili uchun to‘ldirilgan akkreditatsiyadan o‘tkazish anketasi (pdf formatda).

 

ANKETA SHAKLINI YUKLAB OLISH

 

5. Xodimning elektron fotosurati (oq fonda, 3x4 sm o‘lchamda, jpeg formatda, kamida 100 KB hajmda, piksel zichligi 600dpi, so‘nggi 90 kun ichida olingan bo‘lishi hamda xodimning yuzi va yelkalarining yuqori qismi ko‘rinib turishi, fayl nomi fotosuratdagi shaxsning familiyasi va ismidan iborat bo‘lishi kerak). Fotosuratning sifati guvohnomada ishlatish uchun yaroqli bo‘lishi lozim.

 

XORIJIY OAV UCHUN

 

Xorijiy OAV vakillari, shu jumladan Tashqi ishlar vazirligidan akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy OAV vakillari saylov kampaniyasini yoritish maqsadida Markaziy saylov komissiyasidan akkreditatsiyadan o‘tish uchun Tashqi ishlar vazirligiga zarur hujjatlarni ilova qilgan holda murojaat qiladilar.

 

1. Akkreditatsiyaga taqdim etilgan xodimning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi (pdf formatda).

 

2. Har bir OAV vakili uchun to‘ldirilgan akkreditatsiyadan o‘tkazish anketasi (pdf formatda).

 

ANKETA SHAKLINI YUKLAB OLISH

 

3. Xodimning elektron fotosurati (oq fonda, 3x4 sm o‘lchamda, jpeg formatda, kamida 100 KB hajmda, piksel zichligi 600dpi, so‘nggi 90 kun ichida olingan bo‘lishi hamda xodimning yuzi va yelkalarining yuqori qismi ko‘rinib turishi, fayl nomi fotosuratdagi shaxsning familiyasi va ismidan iborat bo‘lishi kerak). Fotosuratning sifati guvohnomada ishlatish uchun yaroqli bo‘lishi lozim.

 

Eslatib o‘tamiz:

 

OAV vakillari vakolat muddati ularga akkreditatsiyadan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman eʼlon qilingan kuni tugaydi;

 

OAV vakillari saylov komissiyalarining binolari (xonalari), majlislari, matbuot anjumanlarida va boshqa tadbirlarida akkreditatsiya guvohnomasini boshqalarga ko‘rinadigan tarzda doimo taqqan bo‘lishi kerak.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur