Sayt test rejimida ishlamoqda

YEXHTGA AʼZO DAVLATLARDA SAYLOVLARNI KUZATISH BO‘YICHA MILLIY KOORDINATORLARNING NAVBATDAGI YIG‘ILISHI

08.02.2023

1805

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiya Raisining o‘rinbosari B.Kuchkarov 2023-yil 2-3-fevral kunlari Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining (YXHT DIIHB) Varshava shahridagi (Polsha) tashkilotga aʼzo ishtirokchi davlatlarda saylovlarni kuzatish bo‘yicha milliy koordinatorlar yig‘ilishida ishtirok etdi. Yig‘ilishni DIIHB direktori Matteo Mekachchi ochib berdi.

Qayd etilishicha, DIIHB mustaqil va xolis xalqaro kuzatuvga ehtiyoj bor deb hisoblagan mamlakatlarga saylovni kuzatish bo‘yicha o‘z missiyalarini yuboradi. Saylovlarni kuzatish bo‘yicha DIIHB missiyalari saylovlarda asosiy huquq va erkinliklarga qay darajada rioya etilayotganligini baholaydi hamda missiyaning saylovlarni kuzatishda uzoq muddatli, keng qamrovli, izchil va tizimli metodologiyasi bevosita tenglik, universallik, siyosiy plyuralizm, ishonchlilik, oshkoralik va hisobdorlik bilan tavsiflanadi. DIIHB saylovga oid qonun hujjatlarini qaytadan ko‘rib chiqish, texnik ekspertizani taqdim etish va fuqarolar kuzatuvchilari guruhlari faoliyatiga ko‘mak berish orqali hokimiyatlarning saylov jarayonlarini takomillashtirish va Byuro saylovni kuzatish missiyalarining tavsiyalarini amalga oshirish borasidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Yig‘ilish kun tartibida kuzatuvchilarni safarbar etish va saralab olish amaliyoti, ularning saylov, referendumni kuzatishda bevosita ishtirok etishi, shuningdek, saylovlarni kuzatish bo‘yicha milliy koordinatorlar rolini oshirishga oid qator masalalar o‘rin oldi.

Seksiya yig‘ilishlarida milliy koordinatorlar DIIHB missiyalarida 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobini hamda bo‘lajak saylovlar taqvimi va joriy yilgi kuzatuv tadbirlarini muhokama qildilar.

Shuningdek, koordinatorlarning qisqa va uzoq muddatli kuzatuvchilarni tayyorlash ishlarida qo‘shadigan hissasi masalalari ham muhokama qilindi. Ishtirokchilarga DIIHBning 2023-yilgi saylov kuzatuvchilari uchun o‘quv faoliyati to‘g‘risida maʼlumotlar berildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi vakillarining xorijiy davlatlardagi saylovlarni xalqaro kuzatishda samarali ishtirokini tashkil etish yuzasidan fikr almashildi. Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari B. Kuchkarov taʼkidlaganidek, mamlakatimizda xalqaro hamkorlik, jumladan, saylov qonunchiligi va saylov amaliyotini takomillashtirish masalalarida ochiqlik siyosati izchil davom ettirilmoqda.

1999-yildan buyon Byuro missiyalarini saylovlarni kuzatishga taklif qilish orqali DIIHB bilan faol hamkorlik qilib kelinmoqda. O‘z navbatida, O‘zbekiston vakillari ham xalqaro kuzatuvchi sifatida YXHT DIIHBning saylovni kuzatish missiyalarida ishtirok etmoqdalar. O‘zbekistonning 27 nafar vakillari YEXHT DIIHBning qisqa va uzoq muddatli kuzatuvchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘quv-treninglarida tahsil olgan. Shulardan 9 nafari qisqa muddatli va 18 nafari uzoq muddatli kuzatuvchi sertifikatiga ega.

YEXHTga aʼzo ishtirokchi davlatlarda saylovlarni kuzatish bo‘yicha milliy koordinatorlar yig‘ilishiga DIIHBning Saylovlar bo‘yicha bo‘limi raislik qildi.

Markaziy saylov komissiyasi

 

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur