Sayt test rejimida ishlamoqda

Markaziy saylov komissiyasi raisi Andijonda saylovga tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi

17.09.2024

144

msk_yangiliklari_in

Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev va Markaziy saylov komissiyasi a’zosi Xalmuxammed Paluaniyazov Andijon viloyatida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat hamda tuman va shahar Kengashlari deputatlarining saylovlarini o‘tkazuvchi uchastka saylov komissiyalarining saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. 

 

         

 

O‘rganishlar avvalida MSK Raisi Andijon viloyati hududiy saylov komissiyasi binosida bo‘lib, komissiya faoliyati, tayyorgarlik jarayonlari bilan tanishdi. Hududiy saylov komissiyasi a’zolariga siyosiy jarayonlar tashkilotchisi bo‘lish katta ishonch, sharaf va mas’uliyat ekanligini ta’kidlab, kampaniyaning barcha bosqichlarida ana shu ishonch va mas’uliyatni unutmaslik zarurligini aytib o‘tdi. Shuningdek, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash asnosida Saylov kodeksida belgilangan tartib-tamoyillarga amal qilish zarurligini ta’kidladi.

 

 

         

 

Uchrashuv davomida MSK raisi hududiy saylov komissiyasi qoshida tashkil etilgan Matbuot markazi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Matbuot markazi a’zolari bilan suhbatda bo‘lib, saylovlarning ochiq, shaffof va adolatli o‘tishida tezkor va to‘g‘ri axborotning muhimligini qayd etdi. Bunda, albatta, Matbuot markazi haqqoniy va xolis axborot yetkazib berish manbaiga aylanadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi Raisi  Andijon tumanidagi saylov uchastkalarida,  hududlarda  tashkil etilgan seminar-treninglar, hamda u yerda olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. 

 

 

              

 

Muloqotlar davomida saylovlarni yuqori saviyada tashkil etish, shu bilan bir qatorda saylov qonunchiligidagi o‘zgarishlar mohiyatini anglab yetish va mavjud talablarni to‘laqonli bajarishda tashkil etilayotgan o‘quv seminarlari muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.

 

Kuzatishlar    Andijon davlat universitetida davom etdi. Birinchi marta saylovda ishtirok etayotgan yoshlar va mahalla faollarining mamlakat taqdiriga daxldor bo‘lgan muhim siyosiy jarayonda ishtirok etishi ahamiyatli. Ayniqsa, MSK raisi bilan muloqot qilish esda qolarli voqeadir. MSK raisi aholining ana shu qatlami vakillari ochiq muloqot o‘tkazdi. 

 

 

                

 

Samimiy suhbat chog‘ida MSK Raisi joriy yil 27-oktyabr sanasida o‘tkaziladigan saylov yangilangan Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda o‘tishini alohida qayd etdi. Shuningdek, ilk bor Parlament Qonunchilik palatasiga aralash saylov tizimi asosida bo‘lib o‘tadigan saylovning afzalliklari yuzasidan so‘z yuritdi. Shu bilan birga  siyosiy jarayonlar ishtirokchilari uchun joriy qilingan yangi “E-saylov” axborot tizimi uning afzalliklari bo‘yicha  muhim ma’lumotlar taqdim etildi.

 

Tadbirda yoshlar va mahalla faollariga saylov kampaniyasining muhim bosqichlari xususida ham ma’lumotlar berib o‘tildi ishtirokchilar ular yuzasidan fikr va mulohazalarini bildirib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur