Sayt test rejimida ishlamoqda

Markaziy saylov komissiyasi vakillari Pokistonda oʻtkazilayotgan parlament saylovlari kuzatuvida ishtirok etmoqda

08.02.2024

1794

msk_yangiliklari_in

Pokiston Saylov komissiyasi taklifiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining aʼzosi B. Yunusov va Komissiya Kotibiyatining Xalqaro hamkorlik boʻlimi yetakchi maslahatchisi S. Olimjonov Pokiston Islom Respublikasida boʻlib oʻtgan parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishdi.

 

Joriy yilning 8-fevral kuni Pokiston Milliy Assambleyasi (parlament quyi palatasi), shuningdek, Panjob, Sind, Balujiston va Xayber-Paxtunxva provinsiyalari vakillik organlariga saylovlar boʻlib oʻtdi.

Milliy Assambleyaning avvalgi tarkibi muddatidan oldin tarqatib yuborilganligi sababli, respublika Konstitutsiyasiga muvofiq , tarqatilgan kundan boshlab 90 kun ichida, yaʼni 2023-yil noyabr oyi boshida umumiy ovoz berish oʻtkazilishi kerak edi. Biroq, 2023-yil avgustida aholini yangilangan qaydloviga koʻra Pokiston fuqarolari soni 213,2 milliondan 241,5 millionga koʻpayganligi aniqlangan va saylov okruglari tarkibi va parlamentdagi oʻrinlarning umumiy soniga oʻzgartirish kiritish uchun saylov kechroq sanaga qoldirilgan. Bu yil Milliy Assambleyaga 336 nafar deputat saylanadi (oxirgi chaqiriqda 342 nafar deputat bor edi).

Milliy Assambleyasining 266 deputati bir mandatli hududiy saylov okruglaridan toʻgʻridan toʻgʻri va erkin ovoz berish yoʻli bilan nisbiy koʻpchilikka asoslangan majoritar saylov tizimi boʻyicha saylanadi. Proporsional vakillik tizimi boʻyicha 60 ta oʻrin xotin-qizlar uchun zaxiraga olinadi, 10 ta oʻrin esa musulmon boʻlmagan aholi vakillariga ajratiladi.

 

Saylovlarda 5 mingga yaqin nomzod Milliy Assambleyadagi oʻrinlar uchun, 12 mingga yaqin kishi hududiy vakillik organlardagi oʻrinlar uchun kurashmoqda.

Saylovchilar soni 128 mln 585 ming 760 nafar boʻlib, shundan erkaklar 69 263 704 nafar (53,8 %), ayollar 59 322 056 (46,2 %) nafarni tashkil qildi. Saylov huquqiga ega aholining 44,2 foizi yoshlarni tashkil qildi. Pokiston boʻyicha jami 90 675 ta saylov uchastkasi tuzilgan boʻlib, ularda 1 mln nafardan ziyod saylov xodimlari faoliyat olib bordi.

Joriy yil 7-fevral kuni Oʻzbekiston vakillari Pokiston saylov komissiyasi kotibi janob Said Asif Xussayn bilan uchrashuv oʻtkazdilar. Uchrashuv davomida janob Said Asif Xussayn Pokiston saylov komissiyasining saylovga tayyorgarlik ishlari va saylov jarayonlari bilan tanishtirdi. Shu kunning oʻzida Oʻzbekiston vakillari Saylovlarni monitoring qilish boshqaruv markazi va markaziy boshqaruv shtabi faoliyati bilan yaqindan tanishishdi.

Ovoz berish kuni Oʻzbekiston vakillari Pokiston poytaxti Islomobod shahridagi bir necha saylov uchastkalarida saylov jarayonlarini kuzatishdi.

Saylov uchastkalarida erkaklar va ayollar uchun alohida ovoz berish xonalari tashkil qilingan. Saylovchi dastlab saylovchilar roʻyxatiga imzo qoʻyadi va barmoq izini bosgandan keyin saylov byulletenini oladi. Soʻngra yashirin ovoz berish kabinasida oʻzi tanlagan siyosiy partiyaning ramzi ustiga maxsus tayyorlangan muhrni bosadi.

 

 

Markaziy saylov komissiyasi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur