Sayt test rejimida ishlamoqda

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati keng tushuntirildi

19.10.2023

1269

msk_yangiliklari_in

2023-yil 19-oktabr kuni O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Toshkent viloyati kengashida “O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

 

Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi, Adliya vazirligi vakillari, xalq deputatlari viloyat, tuman (shahar) Kengashlari deputatlari hamda OAV xodimlari ishtirok etdilar.

 

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bilan O‘zbekiston Respublikasi ayrim qonun hujjatlariga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini aralash saylov tizimi (majoritar va proporsional) asosida o‘tkazish, saylov organlarining markazlashgan tizimini shakllantirish, saylov komissiyalari tizimini maqbullashtirish hamda Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini takomillashtirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

 

Xususan, saylov okruglari bir mandatli va yagona saylov okruglariga ajratilmoqda. Qonunchilik palatasining 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (nomzodlar ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanyapti.

Shuningdek, Saylov kodeksiga saylov komissiyalarining vertikal tizimini nazarda tutuvchi qoidalar, ya’ni “Markaziy saylov komissiyasi — hududiy saylov komissiyasi — tuman va shahar saylov komissiyasi — okrug saylov komissiyasi — uchastka saylov komissiyasi” tuzilmasi taklif etilmoqda. Bunda viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalari o‘rniga hududiy saylov komissiyalari tuzilishi nazarda tutilyapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini hamda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzish tartibidan voz kechish hamda ularning vazifalarini hududiy saylov komissiyalariga yuklash taklif etilmoqda.

 

— Saylov komissiyalarining professional tarzda ish olib borishini ta’minlash maqsadida hududiy saylov komissiyalarining uch nafargacha bo‘lgan a’zosining doimiy faoliyat yuritishi belgilanmoqda, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nosirjon Aminov. — Xuddi shunday, Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a’zolari soni 7 nafardan 9 nafarga oshirilmoqda hamda jamoatchilik asosida a’zolari faoliyati tugatilmoqda. Ya’ni, Markaziy saylov komissiyasining barcha 9 nafar a’zolari doimiy asosda ishlashi taklif etilyapti.

 

Davra suhbatida qayd etilganidek, saylov komissiyasi a’zolarining ijtimoiy kafolati kuchaytirilmoqda. Xususan, saylov komissiyasining o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan a’zolari saylov davrida ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan bo‘shatilishi yoki ularning roziligisiz boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin emasligi o‘rnatilmoqda.

 

Qonun loyihasi bilan bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanishi belgilanmoqda. Ya’ni mutlaq ko‘pchilik emas, balki nisbiy ko‘pchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutilmoqda.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali (regulation.gov.uz) hamda Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytiga (parliament.gov.uz) jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan. Taklif va mulohazalarni qabul qilish 10-oktabrdan - 24-oktabrga qadar davom etadi.

 

Davra suhbatida Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish yuzasidan bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur