Sayt test rejimida ishlamoqda

06.01.2023

3735

Prezident va/yoki parlament saylovlari, shuningdek referendumlardagi shanxay hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilarining missiyasi to‘g‘risidagi Nizom

(Shanxay hamkorlik tashkiloti ishtirokchi davlatlari tashqi ishlar vazir­lari Kengashining 2006 yil 15 mayda qabul qilingan 8-sonli qarori bilan tasdiqlangan)

 

Ushbu Nizom Shanxay hamkorlik tashkiloti tomonidan prezident va/yoki parlament saylovlarida, shuningdek referendumlarda xalqaro kuzatuvchi vazi­falarini tashkil etish va amalga oshirish umumiy prinsiplari, qoidalarini belgilab beradi.

 

SHHTga a’zo davlatlar xalqaro kuzatuvchilarning hozir bo‘lishi prezident va/yoki parlament saylovlari, shuningdek referendumlarning ochiqligi va oshko­raligiga ko‘maklashadi deb hisoblaydi. SHHTga a’zo davlatlar xalqaro kuzatuv­chilarning saylov jarayonlarida ishtirok etishiga ko‘maklashishga intiladi.

 

Shuningdek, SHHTga a’zo davlatlar prezident va/yoki parlament saylovlariga, referendumlarga Shanxay hamkorlik tashkilotidan kuzatuvchilarni taklif qilgan davlatlar shu zaylda ularning to‘liq faoliyat olib borishi uchun zarur shart-sharoitlar bilan ta’minlashni o‘z zimmasiga olishidan kelib chiqadi.

 

Ushbu Nizomdagi atamalar quyidagilarni bildiradi:

 

- «SHHT» — Shanxay hamkorlik tashkiloti;

 

- «A’zo davlat» — SHHTga a’zo davlat;

 

- «Kotibiyat» — Shanxay hamkorlik tashkilotining 2002 yil 7 iyunda qabul qilingan Xartiyasida belgilanganidek SHHT Kotibiyati;

 

- «MMK» — Shanxay hamkorlik tashkilotining 2002 yil 7 iyunda qabul qilingan Xartiyasida belgilanganidek Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi;

 

- «Saylov» — davlat rahbarlari saylovi va/yoki parlament saylovi, shuningdek referendumlar;

 

- «Qabul qiluvchi davlat» — saylovni o‘tkazayotgan va SHHTdan kuzatuvchi­larni taklif qilgan davlat;

 

- «MSK» — Markaziy saylov komissiyasi — qabul qiluvchi davlatning saylov o‘tkazilishi uchun amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javob beruvchi markaziy organi;

 

- «Kuzatuvchilar missiyasi» — SHHTning saylovdagi kuzatuvchilari mis­siyasi;

 

«Kuzatuvchilar missiyasining a’zolari» — ushbu Nizomga muvofiq uning tarkibiga kiritilgan va qabul qiluvchi davlat tomonidan akkreditasiyadan o‘tka­zilgan (ro‘yxatga olingan) Kotibiyat mansabdor shaxslari va a’zo davlatlarning qonunchilik, ijro etuvchi va saylov organlari vakillari.

 

1) Kotibiyat saylovlardagi kuzatuvchilar missiyasini saylov o‘tkazayotgan davlatning taklifi asosida MMK bilan kelishgan holda tashkil etadi va muvofiqlashtiradi.

 

Saylov o‘tkazayotgan davlatning taklifi olingandan keyin Kotibiyat Kuzatuv­chilar missiyasi tarkibiga kiritilishi mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxatlarini taqdim etish iltimosi bilan a’zo davlatlarga murojaat qiladi.

 

Kotibiyat qabul qiluvchi davlatning milliy qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda MSKga Kuzatuvchilar missiyasining a’zolarini akkreditasiyasidan o‘tkazish (ro‘yxatga olish) iltimosi bilan maktub yuboradi. Kotibiyat Kuzatuvchi­lar missiyasini u yoki bu davlatdagi saylovlarga yuborish to‘g‘risidagi masalani tashabbuskorlik tartibida qo‘yishga va a’zo davlatlar rozi bo‘lsa, tegishli so‘rov bilan ushbu davlatga murojaat qilishga haqli.

 

Kuzatuvchilar missiyasini yuborish to‘g‘risidagi masalani kelishib olish SHHT Milliy muvofiqlashtiruvchilar kengashi orqali amalga oshiriladi.

 

2) Kuzatuvchilar missiyasining faoliyati qabul qiluvchi davlatning saylov huquqi sohasidagi milliy qonun hujjatlari va xalqaro majburiyatlari, shuningdek ushbu Nizom bilan tartibga solinadi.

 

3) Kuzatuvchilar missiyasining asosiy maqsadi saylov jarayonining qabul qiluvchi davlat milliy qonun hujjatlari, xalqaro shartnomalari va majburiyatlariga muvofiqligi nuqtai nazaridan uning borishi va yakunlarini baholashdin iborat.

 

4) SHHT Ijro etuvchi kotibi yoki uning topshirig‘iga binoan uning o‘rinbo­sarlaridan biri Kuzatuvchilar missiyasiga rahbarlik qiladi.

 

5) Kuzatuvchilar missiyasining rahbari:

 

a) uning kundalik faoliyati uchun javob beradi;

 

b) SHHT Kuzatuvchilar missiyasining faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi;

 

v) qabul qiluvchi davlatning ma’muriy va saylov organlari, siyosiy partiyalar, nomzodlar, fuqarolik jamiyati vakillari, SHHTga a’zo davlatlar milliy missiyalarining rahbarlari, shuningdek saylovda ishtirok etayotgan diplomatik hamjamiyat va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari hamda ularning missiyalari bilan aloqalar o‘rnatish va aloqa bog‘lab turilishi uchun javob beradi;

 

g) saylovning tashkil etilishi va o‘tkazilishi ustidan kuzatuvni xolis yoritib berish manfaatlarini ko‘zlab ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni tashkil etadi;

 

d) Kuzatuvchilar missiyasi a’zolarining ushbu Nizomning 9 d-bandida nazarda tutilgan so‘rovnomalarida qayd etilgan kuzatuvlari asosida Kuzatuvchilar missiyasi­ning bayonotini va ular faoliyatining yakunlari to‘g‘risidagi hisobotni tayyorlaydi.

 

6) Kuzatuvchilar missiyasining a’zolari siyosiy xolislik, betaraflik, haqqo­niylik, saylov organlari, davlat organlari va boshqa organlar, mansabdor shaxslar, saylov jarayonining ishtirokchilari borasida hech bir ijobiy yoki salbiy fikrlarni bildirishdan voz kechish prinsiplariga amal qilgan holda mustaqil ravishda o‘z faoliyatini olib boradi.

 

Kuzatuvchilar missiyasining a’zolari barcha o‘z xulosalarini shaxsiy kuzatuv va amaldagi material bilan asoslaydi. O‘z xulosalari va baholarini shakl­lantirayotib, ular a’zo davlatlar davlat hokimiyatining biror-bir organi yoki Kuzatuvchilar missiyasi rahbarining ko‘rsatmalarini so‘rab olmasliklari lozim.

 

Kuzatuvchilar missiyasining a’zolari saylov kampaniyasining borishini kuzatish bilan bog‘liq bo‘lmagan faoliyatni amalga oshirish yoki saylov jara­yoniga aralashish uchun o‘z maqomidan foydalanish huquqiga ega emas. Qabul qiluvchi davlatning Kuzatuvchilar missiyasining qabul qiluvchi davlat qonun hujjatlarini buzadigan a’zolarini akkreditasiyadan o‘tkazishdan (ro‘yxatga olishdan) mahrum qilish huquqi e’tirof etiladi.

 

7) Kuzatuvchilar missiyasining a’zolari qabul qiluvchi davlatdan quyidagi­larni kutish huquqiga ega:

 

a) qabul qiluvchi davlatning saylov organlaridan zarur axborot va qabul qiluvchi davlatning milliy qonun hujjatlarida ko‘rsatilgan saylovga doir hujjatlarning ko‘chirma nusxalarini moneliksiz olish;

 

b) qabul qiluvchi davlatning saylovga doir qonun hujjatlarida belgilangan doiralarda siyosiy partiyalar, koalisiyalar, nomzodlar, xususiy shaxslar, saylov organlarining xodimlari bilan erkin aloqada bo‘lish;

 

v) qabul qiluvchi davlatning hududida barcha saylov uchastkalari va ovoz berish binolariga bemalol tashrif buyurish, shu jumladan ovoz berish kuni tashrif buyurish;

 

g) ovoz berish va uning natijalarini aniqlash chog‘ida byulletenlarni sanash tartib-taomilining ochiqligini ta’minlash;

 

d) qabul qiluvchi davlatning saylovlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi bilan bog‘liq shikoyatlar (arizalar) va e’tirozlarni ko‘rib chiqish amaliyoti bilan tanishish;

 

ye) qabul qiluvchi davlat saylov organlari vakillarining e’tiboriga o‘z kuzatuvlarini yetkazish imkoniyatlari.

 

8) Kuzatuvchilar missiyasining a’zolari quyidagilarga amal qilishi shart:

 

a) qabul qiluvchi davlatning Konstitusiyasi va qonunlarga, ushbu Nizomning talablariga rioya qilishi;

 

b) xalqaro kuzatuvchi sifatida akkreditasiyadan o‘tkazilganligi (ro‘yxatga olinganligi) to‘g‘risida belgilangan namunadagi hujjatni yonida olib yurishi va qabul qiluvchi davlat hokimiyati vakillarining talabi bo‘yicha uni ko‘rsatishi;

 

v) ommaviy axborot vositalariga saylov jarayoni to‘g‘risida izohlar berishdan tiyilishi, bundan Kuzatuvchilar missiyasining faoliyati va roli to‘g‘risidagi umumiy axborot mustasno;

 

g) siyosiy partiyalar va jamoat birlashmalariga taalluqli ramziy belgilar, yorliqlar va nishonlar taqib yurmasligi shart.

 

9) Kuzatuvchilar missiyasini tashkiliy-texnik ta’minlash Kotibiyat tomo­nidan amalga oshiriladi. U:

 

a) a’zo davlatlardan Kuzatuvchilar missiyasi tarkibiga kiritish uchun nom­zodlar to‘g‘risida so‘raydi va ularning takliflari asosida Kuzatuvchilar mis­siyasining tarkibini shakllantiradi;

 

b) qabul qiluvchi davlatning Markaziy saylov komissiyasida Kuzatuvchilar missiya­sining a’zolari akkreditasiyadan o‘tkazilishini (ro‘yxatga olinishini) tashkil etadi;

 

v) qabul qiluvchi davlatning ommaviy axborot vositalarida saylovoldi tashviqot faoliyatining monitoringini va tahlilini amalga oshiradi hamda bu haqda Kuzatuvchilar missiyasining a’zolari uchun ma’ruza tayyorlaydi;

 

g) Kuzatuvchilar missiyasining a’zolari uchun qabul qiluvchi davlatda saylov jara­yonini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar to‘plamini tuzadi va tarqatadi;

 

d) Kuzatuvchilar missiyasining a’zolariga kuzatuvlarini qayd etish uchun maxsus so‘rovnomalar tayyorlaydi;

 

ye) qabul qiluvchi davlat hududida Kuzatuvchilar missiyasi a’zolarini kutib olish, kuzatish, joylashtirish, ularning faoliyatiga doir masalalarning, shuningdek tashki­liy-texnik xususiyatga ega bo‘lgan boshqa masalalarning hal etilishini ta’minlaydi;

 

j) Kuzatuvchitlar missiyasining a’zolari uchun kuzatuv amalga oshirilishi nazarda tutilayotgan saylov okruglari va uchaskalarining manzillari hamda qabul qiluvchi davlat MSK telefon raqamlari keltirilgan axborotni tayyorlaydi;

 

z) zarur bo‘lgan taqdirda, saylovni kuzatish mavzui bo‘lgan masalalar bo‘yicha axborot yoki maslahat berish xizmatlari uchun ekspertlarni yollaydi.

 

10) Bayonot, odatda, saylov o‘tkazilgan kunning ertasi kuni Kuzatuvchilar missi­yasining rahbari tomonidan kuzatuvchilarning butun missiyasi nomidan beriladi.

 

Bayonot matni Kuzatuvchilar missiyasining rahbari tomonidan imzolanadi va qabul qiluvchi davlatning Markaziy saylov kommissiyasiga topshiriladi, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari e’tiboriga yetkaziladi.

 

Kotibiyat Kuzatuvchilar missiyasining faoliyati yakunlari to‘g‘risidagi ma’­ruzani MMK orqali a’zo davlatlar e’tiboriga yetkazish uchun yuboradi.

 

Kuzatuvchilar missiyasi faoliyatining yakunlariga doir hujjatlar va mate­riallar Kotibiyatga saqlash uchun topshiriladi.

 

11) Kuzatuvchilar missiyasi a’zolari faoliyatining moddiy-moliyaviy jihatdan ta’minlanashi yuboruvchi tomonning mablag‘lari yoki o‘z mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

 

Kotibiyatning Kuzatuvchilar missiyasidagi mansabdor shaxslari soni ushbu maqsadlarga ajratilgan mablag‘lar doirasida va SHHT Moliyaviy qoidalariga muvofiq SHHT Ijroiya kotibiyati tomonidan belgilanadi.

 

Kotibiyat mansabdor shaxslarining Kuzatuvchilar missiyasi ishida ishti­rok etishi bilan bog‘liq xarajatlar SHHTning doimiy faoliyat olib boruvchi organlari shtat xodimlarining pul ta’minoti, kafolatlari va kompensasiyalari to‘g‘risidagi Nizomga va SHHT moliyaviy qoidalariga muvofiq «Safar xarajat­lari» moddasi bo‘yicha SHHT byudjetidan to‘lanadi.

 

Kuzatuvchilar missiyasi faoliyatining ushbu Nizomda nazarda tutilgan tash­kiliy-texnik, huquqiy va axborot jihatidan ta’minlanishini moliyalashtirish Kotibiyat tomonidan SHHT byudjetining mablag‘lari hisobiga ushbu maqsadlar uchun nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida va SHHTning moliyaviy qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.

 

12) Kuzatuvchilar missiyasining ish tillari rus va xitoy tillaridir.

 

13) Ushbu Nizom SHHTga a’zo davlatlarning Tashqi ishlar vazirlari Kengashi tomonidan tasdiqlangan sanadan e’tiboran kuchga kiradi.

 

14) SHHTga a’zo davlatlar Tashqi ishlar vazirlari Kengashining qaroriga binoan ushbu Nizomga o‘zgartish va/yoki qo‘shimchalar kiritilishi mumkin. Tegishli qaror imzolangan sanadan e’tiboran kuchga kiradi.