Sayt test rejimida ishlamoqda

№1355 O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№1355                                                  2024-yil  26-iyul

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 8, 14 va 16-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari saylovida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash, shuningdek saylov kampaniyasini ommaviy axborot vositalarida (bundan buyon matnda OAV deb yuritiladi) yoritib borish, saylov jarayoni barcha ishtirokchilariga, keng jamoatchilikka, milliy va xorijiy OAV vakillariga tezkor, xolis va to‘liq axborot berish uchun zarur sharoitlar yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi (bundan buyon matnda Matbuot markazi deb yuritiladi) tashkil etilsin.

 

2. Belgilansinki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari huzurida Matbuot markazining hududiy bo‘linmalari sifatida hududiy matbuot markazlari tashkil etiladi va ularga umumiy rahbarlik qilish hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish Matbuot markazi tomonidan amalga oshiriladi.

 

3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga, Matbuot markazining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga hamda Hududiy matbuot markazining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

4. Matbuot markazi Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 1-uyda (Ma’rifat markazi, Simpoziumlar saroyi binosi) joylashtirilsin.

 

5. Matbuot markazi:

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari saylovi jarayonini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq brifinglar, matbuot anjumanlarini tayyorlash va o‘tkazish, jurnalistlarga va jamoatchilikka saylovga oid masalalar bo‘yicha tezkor axborot berib borish va ma’lumotlarni yetkazish ishlarini tashkil etsin;

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlari sayloviga oid axborot materiallarini saylovchilarga, siyosiy partiyalarga, nomzodlarga, kuzatuvchilarga va keng jamoatchilikka yetkazish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va boshqa manbalarda yuritilishini ta’minlasin.

 

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

 

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalari faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur bino va xonalar ajratilishini hamda ularning zarur texnika vositalari (kompyuter, printer, skaner, nusxa ko‘chirish apparati, telefon apparati, proyektor, LED-monitor, sinxron tarjima uchun qurilmalar va boshqa vositalar) bilan jihozlanishini, shuningdek ularni telekommunikatsiya tarmoqlariga (telefon va yuqori tezlikdagi uzluksiz Internet) ulanishini ta’minlasin;

 

Matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalariga avtotransport, shuningdek bannerlar, elektron reklama stendlari, bilbordlar va boshqa zarur jihozlar ajratilishi bo‘yicha zarur choralar ko‘rsin;

 

Matbuot markazining hududiy bo‘linmalari to‘rt nafardan malakali mutaxassis jalb qilish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

 

7. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zosi A. Ibodullayev, Kotibiyat bosh buxgalteri Sh. Umarov hamda Matbuot xizmati rahbari M. Alimbayev bilan birgalikda Matbuot markazi va uning hududiy bo‘linmalariga jalb etilgan mutaxassislar bilan belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy shartnomalar rasmiylashtirilishini va shu asosda tegishli to‘lovlar amalga oshirilishini ta’minlasin.

 

8. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

 

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                             Z. Nizamxodjayev

 

ILOVA