Sayt test rejimida ishlamoqda

№1346 Aholiga saylov qonunchiligining mazmun-mohiyatini yetkazish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№1346                                                   2024-yil  2-iyul

  

 

Aholiga saylov qonunchiligining mazmun-mohiyatini yetkazish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga joriy yilda bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish, saylovchilarning saylov qonunchiligiga oid savodxonligini oshirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 2023 yil 18 dekabrdagi O‘RQ–883-son Konstitutsiyaviy Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovlar majoritar hamda proporsional saylov tizimlari asosida o‘tkazilishi;

 

“Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq Adliya vazirligi o‘z vakolatlari doirasida davlat organlarini, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini, ommaviy axborot vositalarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb etgan holda jamiyatda huquqiy targ‘ibotni tashkil etishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

 

2. Adliya vazirligi:

 

aholining keng qatlamlari, xususan, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan fuqarolar, nuroniylar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, harbiy xizmatchilar, mehnat jamoalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari o‘rtasida ularning saylov qonunchiligiga oid savodxonligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot va tashviqot tadbirlari o‘tkazishga mas’ul etib belgilansin;

 

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonida saylovchilarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin va amalga oshirsin;

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan hamkorlikda videorolik, flayer, infografika va boshqa turdagi targ‘ibot materiallari tayyorlanishi va tarqatilishini, shuningdek targ‘ibot tadbirlarining barcha ilg‘or shakllaridan foydalangan holda o‘tkazilishini ta’minlasin;

 

ushbu qarorning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha har oyning 5-sanasiga qadar Markaziy saylov komissiyasiga axborot kiritib borsin.

 

3. Saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini aholiga yetkazishda uning quyidagi jihatlariga alohida e’tibor qaratilsin:

 

saylov komissiyalarining yangi vakolatlari va vazifalariga;

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovining majoritar va proporsional tizimlarining o‘ziga xos jihatlariga;

 

mahalliy Kengashlar deputatlarini saylash tartibiga va ularning vazifalariga;

 

saylovchilar ro‘yxati tushunchasi, saylovchilar ro‘yxatiga kiritilmagan saylovchilarni ro‘yxatga kiritish tartibi, saylovchilarga o‘z saylov uchastkasini aniqlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlarga;

 

xorijda ovoz berish huquqining o‘ziga xos xususiyatlariga;

 

saylov kuni ovoz berish tartibi va uning ahamiyatiga;

 

ovoz berishda uchraydigan qonunbuzilishlar va ularga yo‘l qo‘ymaslikni tushuntirishga;

 

majoritar va proporsional tizimlar bo‘yicha ovozlarni sanash, saylov natijalarini aniqlash tartibi hamda mazkur jarayonlarning o‘ziga xos xususiyatiga.

 

4. Bosh prokuratura Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya bilan birgalikda saylov jarayonlarida qonuniylikni ta’minlash va saylovga oid huquqbuzarliklarni oldini olish masalalariga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazsin.

 

5. Siyosiy partiyalarga aholi bilan uchrashuvlar o‘tkazishda:

 

milliy saylov qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlarini keng targ‘ib etish. Bunda, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan saylovchilarning huquq va majburiyatlarini yoritib berishga alohida e’tibor qaratish;

 

nogironligi bo‘lgan saylovchilarning alohida ehtiyojlarini (imo-ishora tili, subtitr yozuvi va boshqalarni) inobatga olgan holda ommaviy axborot vositalari, internet va mobil aloqa imkoniyatlaridan foydalanish tavsiya etilsin.

 

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Dunyo” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalari Adliya vazirligi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tashkil etiladigan targ‘ibot tadbirlarini keng yoritib borishda ko‘maklashib borsin.

 

7. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

 

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                                   Z. Nizamxodjayev