O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining qarori
№1286 2023-yil 9-iyun
Saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tizimini tajriba-sinov tariqasida ayrim saylov uchastkalarida joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ovoz berish jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 52-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:
1. Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasining tavsiyasiga asosan Toshkent shahrining tumanlari hududida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etilsin.
2. Tajriba-sinov tariqasida ayrim saylov uchastkalarida saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tartibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3.O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Adliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish uchun joriy yilning 25-iyuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasining tavsiyasi asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga muvofiq ayrim saylov uchastkalarida biometrik identifikatsiya qilish qurilmalari o‘rnatilishi va saylov kuni uzluksiz ishlashini taʼminlasin.
4.Toshkent shahar hokimligi O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda joriy yilning 28-iyuniga qadar saylovchilarni biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladigan saylov uchastkalari uzluksiz elektr manbasiga ulanishi hamda ularda zaxira elektr taʼminoti mavjud bo‘lishini taʼminlasin.
5.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi biometrik identifikatsiya qilish tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladigan uchastka saylov komissiyalari bilan birgalikda ushbu saylov uchastkalarida ovoz berishda tajriba-sinov tariqasida saylovchilar biometrik identifikatsiya qilinishi va uni amalga oshirish tartibi haqida keng tushuntirish ishlari olib borilishini taʼminlasin.
6.Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.
7.Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
Rais Z. Nizamxodjayev