Sayt test rejimida ishlamoqda

№1284 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifini tasdiqlash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№1284                          2023-yil 9-iyun

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifini tasdiqlash to‘g‘risida

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 31 va 32-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenining shakli, matni va tavsifi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

2. Belgilansinki:

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarning familiyasi, ismi va otasining ismi saylov byulleteniga, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari hamda saylov okrugi bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash to‘g‘risidagi bayonnomalarga lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi tartibida kiritiladi;

 

saylov byulletenlari okrug saylov komissiyalari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga muvofiq saylov okrugi bo‘yicha saylovchilar sonini, shu jumladan saylov okrugi hududida istiqomat qilayotgan ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tillarda saylov byulletenlarini tayyorlash bo‘yicha ehtiyojni inobatga olgan holda nashr etiladi;

 

nashr etish jarayonida yaroqsiz deb topilgan va ortiqcha nashr etilgan saylov byulletenlari O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining masʼul xodimi va saylov byulletenini nashr etuvchi tashkilotning kamida ikki nafar vakillari ishtirokida darhol yo‘q qilinadi hamda bu haqda dalolatnoma tuzilib, imzolanadi.

 

3. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi:

 

2023-yil 19-iyunga qadar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar soni haqidagi maʼlumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etsin;

 

2023-yil 28-iyunga qadar saylov byulletenlari O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzuridagi uchastka saylov komissiyalariga yetkazib berilishini taʼminlasin.

 

4. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati (X. Mamatov) nashr etilgan saylov byulletenlari okrug saylov komissiyalariga yetkazib berilishini taʼminlasin.

 

5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari:

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yetkazib berilgan saylov byulettenlari o‘rnatilgan tartibda qabul qilib olinishini, sifatli holda saqlanishini va qo‘riqlanishini taʼminlasinlar;

 

saylov byulletenlarini uchastka saylov komissiyalariga 2023-yil 25-iyungacha saylov uchastkasidagi saylovchilar umumiy sonining 5 foizi miqdorida, 2023-yil 6-iyulgacha esa 95,5 foizi miqdorida tegishli tillarda taqsimlagan holda yetkazib bersinlar.

 

Bunda, uchastka saylov komissiyasi oladigan saylov byulletenlarining umumiy soni saylov uchastkasi bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilar sonidan yarim foizga ortiq bo‘lishi (100,5 foiz), biroq undan ko‘p bo‘lmasligi inobatga olinsin.

 

6. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

 

7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                           Z. Nizamxodjayev

 

ILOVA