Sayt test rejimida ishlamoqda

№ 1230 Ayrim referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№ 1230                          2023-yil 12-aprel

 

 

Ayrim referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risida

 

 

“O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 7, 8 va 18-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. Referendum kuni ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilish maqsadida respublikaning barcha tuman va shaharlari hududida joylashgan ikkitagacha referendum uchastkalarida ikkitadan videokamera va boshqa zarur qurilmalar o‘rnatilsin.

 

2. O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda joriy yilning:

 

18-apreligacha ovoz berish jarayonini video-translyatsiya qilish uchun referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalarining tavsiyalari asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatga muvofiq referendum uchastkalarida videokamera va zaruriy qurilmalar o‘rnatilishi va jihozlanishini taʼminlasin;

 

20-apreligacha Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazidagi ekranlarda, saylov.uz rasmiy veb-saytida hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” va boshqa telekanallarida ovoz berish jarayonini real vaqt rejimida (onlayn) kuzatish imkoniyatini yaratish choralarini ko‘rsin.

 

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ bilan birgalikda joriy yilning 20-apreligacha:

 

referendum uchastkalarini uzluksiz elektr manbai bilan taʼminlash choralarini ko‘rsin;

 

ovoz berish jarayoni real vaqt rejimida (onlayn) video-translyatsiya qilinadigan referendum uchastkalarida zaxira elektr taʼminotini tashkillashtirsin.

 

4. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

 

5. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                         Z. Nizamxodjayev