Sayt test rejimida ishlamoqda

№ 1212 REFERENDUM O‘TKAZUVCHI KOMISSIYALAR AʼZOLARINING MALAKASINI OSHIRISHNI TASHKIL ETISH HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

 

№ 1212                          2023-yil 16-mart

 

 

Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish haqida

 

 

Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish, referendum jarayonlari ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, referendum o‘tkazuvchi komissiyalar faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. Quyidagilar:

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Markaziy saylov komissiyasi) tomonidan 2022-yil 28-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuv imzolanganligi;

 

mazkur kelishuv asosida Davlat boshqaruv akademiyasida tuzilgan Respublika shtabi bilan hamkorlikda yuqori malakali ekspertlar guruhi tomonidan tegishli o‘quv dastur va o‘quv materiallari referendum qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarni inobatga olgan holda qayta tayyorlanganligi, shuningdek respublika va hududiy shtablar o‘z faoliyatini boshlaganligi;

 

Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil 28-iyundagi 1173-son qarori bilan tasdiqlangan Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasida (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) belgilangan malaka oshirish kurslarining ikkinchi bosqichini boshlash muddatlari Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil 20-iyuldagi 1182-son qaroriga asosan referendumni tayinlash to‘g‘risidagi qaror eʼlon qilinganidan keyin 20 kun ichida etib belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

 

2. Respublika shtabi Konsepsiyaga muvofiq referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar va trenerlar uchun seminar-treninglar muddatlariga aniqlik kiritgan holda tashkil etilishini taʼminlasin. Bunda, seminar-treninglarning barcha bosqichlari 2023-yil 10-aprelga qadar yakunlanishiga alohida eʼtibor qaratsin.

 

3. Markaziy saylov komissiyasining Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi (X.Paluaniyazov) yuqori malakali ekspertlar bilan birgalikda:

 

referendum o‘tkazuvchi komissiyalar aʼzolarining referendum qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarning o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida ishlab chiqilgan o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarini (maʼruza matni, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, video-dars va boshqalar) nashr etishga tayyorlasin;

 

Konsepsiyaning amalga oshirilishi yuzasidan, shu jumladan respublika va hududlarda o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarining tasdiqlangan dastur hamda reja-jadvallar asosida, yuqori saviyada tashkil etilishi va o‘tkazilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin.

 

4. Yuqori malakali ekspertlar, respublika trenerlari, hududiy trenerlar, shu jumladan Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimidan foydalanish ko‘nikmalarini o‘rgatish bo‘yicha hududiy trenerlarga fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar asosida bajarilgan ishlar uchun haq to‘lash miqdorlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi aʼzosi A.Ibodullayev Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining bosh buxgalteri Sh.Umarov hamda Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi direktori X.Paluaniyazov bilan birgalikda:

 

yuqori malakali ekspertlar hamda hududiy trenerlar uchun o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tkazish, ularga uslubiy va amaliy ko‘mak berish hamda taʼlim sifatini monitoring qilishni tashkil etish maqsadida yetakchi oliy taʼlim tashkilotlarining professor-o‘qituvchilaridan iborat tarkibda shakllantirilgan respublika trenerlari bilan belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar tuzilishini;

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalarining raislari, rais o‘rinbosarlari va kotiblarini o‘qitish uchun oliy taʼlim tashkilotlari va boshqa tashkilotlardan shakllantiriladigan hududiy trenerlar bilan referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari o‘rtasida belgilangan tartibda fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalar tuzilishini;

 

yuqori malakali ekspertlar va respublika trenerlariga Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, hududiy trenerlarga esa referendum o‘tkazuvchi okrug komissiyalari tomonidan tegishli shartnomada belgilangan miqdordagi to‘lovlar o‘z vaqtida to‘lanishini taʼminlasin.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalarida doimiy asosda ishlovchi kotiblar hududiy trenerlarning shartnomaga muvofiq amalga oshirilgan ishlari yuzasidan hisobotlarini qabul qilib, ularni jamlagan holda to‘lovlarni amalga oshirish uchun referendum o‘tkazuvchi tegishli okrug komissiyasining hisobchisiga, maʼlumot uchun Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi direktoriga topshirsin.

 

5. Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining Moddiy-texnika taʼminoti bo‘limi (J.Faxrutdinov) Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi (X.Paluaniyazov) buyurtmasiga asosan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlar ishtirokchilari uchun tegishli tarqatma materiallarni (o‘quv-uslubiy qo‘llanma, video-dars, videorolik va boshqalar) belgilangan miqdorda chop etilishi (tayyorlanishi) va o‘rnatilgan tartibda hududlarga yetkazib berilishini taʼminlasin.

 

6. Ushbu qaror Markaziy saylov komissiyasi rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin va manfaatdor tashkilotlarga yetkazilishi taʼminlansin.

 

7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                               Z.Nizamxodjayev

 

ILOVA