Sayt test rejimida ishlamoqda

№ 1173 REFERENDUM O‘TKAZUVCHI KOMISSIYALAR A’ZOLARINING MALAKASINI OSHIRISHNI TASHKIL ETISH HAQIDA

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 


№ 1173                                                    2022-yil  28-iyun

 

 

Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish haqida

 

 

Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish, referendum jarayonlari ishtirokchilarining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, referendum o‘tkazuvchi komissiyalar faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunining 18-moddasiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. Referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya)  1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

2. Quyidagilar:

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan kelishilgan holda referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining referendum qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini yuksaltirishga qaratilgan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi (keyingi o‘rinlarda – respublika shtabi) tuzilganligi;

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi (keyingi o‘rinlarda – Davlat boshqaruv akademiyasi), Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Jamoat xavsizligi universiteti, professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislaridan iborat yuqori malakali ekspertlar (keyingi o‘rinlarda – ekspertlar) tarkibi shakllantirilganligi;

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 2-ilovaga muvofiq tarkibda o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha hududiy shtablar (keyingi o‘rinlarda – hududiy shtablar) tuzilganligi hamda ularning respublika shtabi bilan uzviy hamkorligi yo‘lga qo‘yilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

 

3. Markaziy saylov komissiyasi kotibiyatining Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi (X.Paluaniyazov) ekspertlar bilan birgalikda zamonaviy ta’lim texnologiyalarini qo‘llagan holda:

 

referendum o‘tkazuvchi komissiyalar a’zolarining referendum qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarning o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarini (ma’ruza matni, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, video-dars va boshqalar) o‘zbek, qoraqalpoq va rus tillarida ishlab chiqsin hamda nashr etishga tayyorlasin;

 

Konsepsiyaning amalga oshirilishi yuzasidan, shu jumladan respublika va hududlarda o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarining tasdiqlangan dastur hamda reja-jadvallar asosida, yuqori saviyada tashkil etilishi va o‘tkazilishi ustidan tizimli monitoring o‘rnatsin.

 

4. Markaziy saylov komissiyasi doimiy asosda ishlovchi a’zosi A.Ibodullayev, Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining bosh buxgalteri Sh.Umarov hamda Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi direktori X.Paluaniyazovlar bilan birgalikda:

 

Markaziy saylov komissiyasi faoliyatiga ko‘mak berish uchun jalb qilingan ekspertlar, respublika shtabi a’zolari hamda hududiy trenerlar uchun o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini o‘tkazish, ularga uslubiy va amaliy ko‘mak berish hamda ta’lim sifatini monitoring qilishni tashkil etish maqsadida mamlakatimizning yetakchi oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilaridan iborat tarkibda shakllantirilgan respublika trenerlari bilan belgilangan tartibda shartnoma tuzilishini;

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida referendum o‘tkazuvchi uchastka komissiyalari raisi, rais o‘rinbosari va kotiblarini o‘qitish uchun oliy ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlardan shakllantiriladigan hududiy trenerlar bilan okrug  komissiyalari o‘rtasida belgilangan tartibda shartnoma tuzilishini;

 

ekspertlar, respublika shtabi a’zolari va respublika trenerlariga shartnomada belgilangan to‘lovlar, shu jumladan hududlarda tashkil etiladigan seminar-treninglarda ishtirokini ta’minlash uchun xizmat safari xarajatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan o‘z vaqtida to‘lanishini;

 

hududiy trenerlarga shartnomada belgilangan to‘lovlar okrug komissiyalari tomonidan o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlasin.

 

5. Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyatining Moddiy-texnika ta’minoti bo‘limi (J.Faxrutdinov) Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha o‘quv markazi (X.Paluaniyazov) buyurtmasiga asosan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari ishtirokchilari uchun tegishli tarqatma materiallarni (o‘quv-uslubiy qo‘llanma, video-dars, videorolik va boshqalar) belgilangan miqdorda chop etilishi (tayyorlanishi) va o‘rnatilgan tartibda hududlarga yetkazib berilishini ta’minlasin.

 

6. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hududiy shtablar bilan birgalikda:

 

2022-yil 1-iyulgacha 3-ilovaga muvofiq tarkibda o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman/shahar shtablarini tuzsin hamda ularning hududiy shtablar bilan uzviy hamkorligini yo‘lga qo‘ysinlar;

 

Konsepsiyada belgilangan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini respublika va hududiy shtablar tomonidan tasdiqlangan reja-jadvallarda belgilangan vaqtda va joylarda uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida tegishli binolar, xonalar, o‘quv mashg‘ulotlariga zarur jihozlar hamda transport vositalari bilan ta’minlasinlar;

 

o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkaziladigan binolarda xavfsizlikni ta’minlash, shu jumladan sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etish choralarini ko‘rsinlar.

 

7. Ushbu qaror Markaziy saylov komissiyasi rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin va manfaatdor tashkilotlarga yetkazilishi ta’minlansin.

 

8. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B.Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                              Z.Nizamxodjayev

 

1-ilova (yuklab olish)

2-ilova (yuklab olish)

3-ilova (yuklab olish)

Konsepsiyaga 1-ilova (yuklab olish)

Konsepsiyaga 2-ilova (yuklab olish)