Sayt test rejimida ishlamoqda

№ 1136 NOGIRONLIGI BO‘LGAN SHAXSLARNING SAYLOV HUQUQLARINI TA’MINLASHGA DOIR QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 


 № 1136                                                      2021-yil 30-sentabr

 


Nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylov huquqlarini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

 

 

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda ularning saylov huquqlaridan teng, faol va to‘sqinliksiz foydalanishini taьminlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16, 49 va 50-moddalariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

 

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga doir saylov byulletenini to‘ldirish uchun Brayl alifbosi asosida tayyorlanadigan trafaret namunasi va tavsifi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

 

2. Belgilansinki, har bir saylov uchastkasi ko‘zi ojiz saylovchilarning saylov byulletenini to‘ldirishda foydalanishlari uchun ikki donadan trafaretlar bilan ta’minlanadi.

 

3. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyati Moddiy-texnika ta’minoti bo‘limi boshlig‘i (J.Faxrutdinov) saylov byulletenini to‘ldirish uchun trafaretlar tayyorlanishini va okrug saylov komissiyalari orqali har bir saylov uchastkasiga yetkazib berilishini ta’minlasin.

 

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar, viloyatlar, tuman va shahar hokimliklari:

 

hududlarda nogironligi bo‘lgan saylovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlash hamda nogironligi bo‘lgan saylovchilar istiqomat qilayotgan joylarda ehtiyojga ko‘ra qo‘shimcha saylov uchastkalarini tuzish bo‘yicha okrug saylov komissiyalariga taklif kiritish;

 

jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun maxsus jihozlangan yashirin ovoz berish kabinalarini joylashtirish;

 

zaruratga ko‘ra, saylov uchastkalarida ko‘zi ojiz saylovchilar uchun optik lupa (kattalashtiruvchi oyna)lar, yoritkichlar bo‘lishiga ahamiyat berish;

 

nogironligi bo‘lgan saylovchilar gavjum yashaydigan hududlarda, ehtiyoj bo‘lsa ularning saylov uchastkalariga kelib ketishlari uchun bepul transport bilan ta’minlash choralarini ko‘rish;

 

saylov uchastkasi joylashgan binolarning kirib-chiqish joylariga eni kamida 90 sm va chiqish burchagi 300 dan ko‘p bo‘lmagan nishab yo‘lakchalar (panduslar) o‘rnatilganligini xatlovdan o‘tkazish, aniqlangan kamchiliklarni 2021 yil 10 oktyabrga qadar bartaraf etish hamda ushbu binolarga nogironligi bo‘lgan saylovchilarning kelib-ketishi va bino ichida erkin harakatlanishi uchun sharoitlar yaratish;

 

amalga oshirilgan ishlar haqida 2021 yil 13 oktyabr kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga yozma ma’lumot berish topshirilsin.

 

5. Saylov kodeksining 55-moddasiga asosan:

 

saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli ekanligi;

 

taklif qilinayotgan shaxs saylov komissiyasining a’zosi, kuzatuvchi va ommaviy axborot vositasi vakili bo‘lishi mumkin emasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

 

6. Uchastka saylov komissiyalari:

 

saylovchilar ro‘yxatini uyma-uy yurib aniqlashtirish vaqtida nogironligi bo‘lgan saylovchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlash, ularning ro‘yxatini tuzish, nogironligi bo‘lgan saylovchilarning turgan joylarida ovoz berishini tashkil etish choralarini ko‘rsin;

 

saylov uchastkalarida nogironligi bo‘lgan saylovchilarning saylovga oid ma’lumotlar, siyosiy partiyalar va Prezidentlikka nomzodlarning plakatlari bilan tanishishi hamda o‘zlari munosib deb bilgan nomzodlar uchun erkin, to‘siqlarsiz va yashirin ovoz berishi uchun sharoit yaratsin.

 

7. Siyosiy partiyalarga:

 

saylovchilar bilan uchrashuvlarda nogironligi bo‘lgan saylovchilarning ishtirokini ta’minlash va ularning binolarga kirishlari uchun qulay sharoitlar yaratish, jumladan tashviqot olib borish uchun tanlangan binoning birinchi qavatida uchrashuvlarni o‘tkazishga alohida e’tibor qaratish;

 

bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini tayyorlash va tarqatish, saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali saylovoldi tashviqotini olib borishda nogironligi bo‘lgan saylovchilarning alohida ehtiyojlarini (imo-ishora tili, subtitr yozuvi, brayl alifbosi) inobatga olish va bunda ommaviy axborot vositalari, internet va mobil aloqa imkoniyatlaridan foydalanish tavsiya etilsin.

 

8. Ommaviy axborot vositalariga saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni ommaviy axborot vositalarida yoritishda ularni nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun qulay bo‘lgan shakl (imo-ishora tili, subtitrlar va boshqa shakllar)da tayyorlash choralarini ko‘rish tavsiya etilsin.

 

9. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ovoz berish binolariga yaqin bo‘lgan avtomobillar to‘xtab turish joylarida nogironligi bo‘lgan saylovchilarning avtotransport vositalari uchun to‘xtab turish joylarini tashkil etish topshirilsin.

 

10. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida e’lon qilinsin.

 

11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 


Rais                                                                                  Z. Nizamxodjayev

 

ILOVA