Sayt test rejimida ishlamoqda

YANGI SAYLOVLAR: QONUNCHILIKDAGI MUHIM O‘ZGARISH

27.01.2023

2329

msk_yangiliklari_in

Davlatimiz va jamiyatimiz hayotidagi keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda, xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda, jamoatchilik nazoratini taʼminlashda ommaviy axborot vositalari muhim oʻrin tutadi.

 

Davlatimiz va jamiyatimiz hayotidagi keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirishda, xalqimiz huquq va manfaatlarini himoya qilishda, jamoatchilik nazoratini taʼminlashda ommaviy axborot vositalari muhim oʻrin tutadi.

 

Zero, soʻz va axborot erkinligi, oʻz fikrini erkin bildirish, axborot olish va uni tarqatish huquqi eng asosiy va umumeʼtirof etgan inson huquqlaridan va demokratik jamiyat rivojining muhim omillaridandir.

 

Oʻzbekiston Respublikasini 2017-2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri sifatida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

 

Amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi oʻlaroq soʻnggi yillarda, Yangi Oʻzbekistonda ochiqlik va oshkoralik, soʻz va matbuot, fikr erkinligi turmush tarzimizga aylanib borayotganini xalqimiz yaqqol his qilmoqda. Ommaviy axborot vositalari faoliyati keskin yuksalib, ularda sogʻlom tanqidiy va tahliliy ruh kuchaydi. Yurtdoshlarimiz oʻz fikrini ochiq-oshkora, hadiksiz, dadil aytayotganini xalqaro ekspertlar, xalqaro tashkilotlar ham keng eʼtirof etmoqda.

 

Jamiyat hayotida demokratik prinsiplarni mustahkamlashda, ayniqsa, saylovlarning ochiqligi va oshkoraligini taʼminlashda, ommaviy axborot vositalari – bosma va internet nashrlar, televideniye va radio, shuningdek, blogerlar faoliyati muhim oʻrin tutadi.

 

Ommaviy axborot vositalarida saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish huquqi mavjud. Saylov kodeksining 8, 35-moddalariga asosan ommaviy axborot vositalarining vakillari saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarni yoritish, saylov kuni ovoz berish binolarida, shu jumladan ovozlarni sanab chiqish chogʻida hozir boʻlish huquqiga ega.

 

Albatta, ommaviy axborot vositalari vakillarining vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi oʻz faoliyatida mazkur masalaga doim alohida eʼtibor qaratib keladi. Bunga 2019-yili mamlakatimiz Parlamenti va mahalliy Kengashlarga ilk bor Saylov kodeksi asosida “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtgan saylovlar yorqin misoldir. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va barcha darajadagi saylov komissiyalari oʻz ishini ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga binoan tashkil etdi. Bunda Markaziy saylov komissiyasi huzurida Xalqaro matbuot markazi va uning hududiy boʻlinmalari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani muhim ahamiyat kasb etdi. Saylov jarayonlarini mamlakatimiz va xorijiy ommaviy axborot vositalarining 1 155 nafar vakili yoritib bordi.

 

Xalqaro matbuot markazida yuzdan ortiq brifing va matbuot anjumani, seminar va davra suhbatlari oʻtkazildi, Markaziy saylov komissiyasining oʻndan ortiq yigʻilishi va siyosiy partiyalar va nomzodlar oʻrtasida oʻtkazilgan 26 teledebat toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi.

 

2019-yil 20-oktyabrdan 20-noyabrga qadar mamlakatimiz miqyosida “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi” oʻtkazilib, targʻibot tadbirlari bilan millionlab saylovchilar qamrab olindi.

 

Oltmishta saylov uchastkasida kuzatuv kameralari oʻrnatilib, ulardagi ovoz berish jarayoni Xalqaro matbuot markazida, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida hamda “Oʻzbekiston24” telekanalida real vaqtda namoyish etildi.

 

Bulardan tashqari, Xalqaro matbuot markazi bilan hamkorlikda 28 marotaba 150 daqiqalik “Press-coffee” hamda yetti marotaba 30 daqiqalik “Press-brifing” jonli efirda namoyish etildi.

 

Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi va unga aʼzo ellikdan ortiq teleradiostansiya tomonidan “Demokratik debat” tok-shousining 26 soni jonli efirga uzatildi.

 

Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti (elections.uz) modernizatsiya qilinib, unga oʻzbek tilida 3 800 dan ortiq, rus tilida 2 400 ga yaqin, ingliz tilida 350 dan ortiq materiallar joylashtirildi.

 

Umuman olganda, saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda saylovlarga bagʻishlangan 42 mingdan ortiq, jumladan, 4 mingga yaqin tanqidiy ruhdagi chiqishlar qayd etildi.

 

Saylovoldi tashviqoti davrida barcha siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari uchun saylovchilar bilan uchrashuvlar, bahslar, debatlar, matbuot konferensiyalari, fuqarolarning yigʻilishlari, intervyular, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, plakatlar, roliklar, bannerlarni joylashtirish uchun teng imkoniyatlar yaratilganini ham qayd etish oʻrinli. Umuman olganda, ommaviy axborot vositalari, Internet sahifalar va ijtimoiy tarmoqlarda siyosiy partiyalar va ularning nomzodlariga oid jami 141 952 tashviqot materiali eʼlon qilindi.

 

Bularning barchasi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq barcha jarayonlar qonunchilikda belgilangan muddatlarda, erkin, ochiq-oshkora, shaffof, saylov sohasidagi milliy qonunchilik, xususan, Saylov kodeksiga muvofiq oʻtkazilishiga xizmat qildi.

 

Oʻtgan saylovlarda orttirilgan katta amaliy va huquqiy tajriba, shuningdek milliy va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan bildirilgan tavsiyalar saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishda muhim oʻrin tutadi.

 

Joriy yilning 8-fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengaytirish, milliy saylov tizimini takomillashtirish, saylovlarda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni taʼminlashdek ezgu maqsadlarga erishishda muhim omil boʻladi.

 

Saylov jarayonlarini xolis va oshkora yoritish jurnalistlardan, avvalo, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini pishiq-puxta bilishni, jurnalist etikasiga qatʼiy rioya qilishni talab etadi. Shu jihatdan, 2019-yilgi saylovlar oldidan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan bu borada jurnalistlar oʻquvi tashkil etilgani yaxshi samara berganini taʼkidlash oʻrinli.

 

Saylovlarning natijalari va xulosalari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tayyorlangan “Saylov–2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” axborotnomasida oʻzbek, rus va ingliz tillarida chop etildi.

 

Saylov qonunchiligiga kiritilgan yangi oʻzgartishlarni puxta bilish hammamizning burchimiz. Zero, qonunni bilmasdan, kishi, ayniqsa, jurnalist, oʻz haq-huquqi, burchi va majburiyatlariga amal qilishi mushkul. Ana shunday muhim oʻzgartishlarning ayrimlariga toʻxtalib oʻtish foydadan holi boʻlmaydi, deb oʻylayman.

 

Yangi qonunga binoan Saylov kodeksiga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov oʻtkazish vaqtini oʻzgartirishga oid taklif, ayniqsa, koʻpchilikning eʼtiborini tortganini qayd etish joiz.

 

Aslida, saylov jarayonlarining koʻp yillik bevosita ishtirokchisi sifatida oddiy saylovchilardan to saylov tashkilotchilarigacha – koʻplab fuqarolarning saylovlarni oʻtkazishni iliq kunlarga koʻchirish borasida bildirgan istak va takliflarini ilgari ham necha bor eshitganman. Negadir saylovlarni yil oxirida oʻtkazish bilan bogʻliq eski anʼanani oʻzgartirish masalasi hozirgacha eʼtibordan chetda qolib kelayotgan edi.

 

Ekspertlar tomonidan qayd etilganidek, saylovlarning qahraton qish — dekabr oyidan koʻra, ochiq-sochiq, iliq oyda oʻtkazilishi har tomonlama va hamma uchun – saylovchilar uchun ham, saylanuvchilar uchun ham, saylovlarni tashkil etuvchilar uchun ham, saylovlardan keyin oliy davlat organlarini oʻz vaqtida shakllantirish uchun ham juda qulay.

 

Saylov qonunchiligiga kiritilgan bu muhim yangilikni katta xayrixohlik bilan kutib olayotganlar orasida siyosiy partiyalar vakillari, mahalliy kuzatuvchilar, deputatlar va jurnalistlar ham koʻp. Ularning fikricha, saylovlarning ayni sovuq qish mavsumiga toʻgʻri kelishi fuqarolarning saylovlardagi faolligiga, saylovoldi tashviqoti tadbirlarini keng qamrovda oʻtkazishga, ayniqsa, ommaviy tadbirlarni tashkil­ etishga salbiy taʼsir etib kelayotgan edi.

 

Qolaversa, saylovlar natijasida konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan Oʻzbekistonning qonun chiqaruvchi hokimiyati va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi davriylik prinsipi asosida yangilanishi taʼminlanadi. Barcha darajadagi ijroiya hokimiyati qaytadan shakllantiriladi. Bulardan tashqari, yangi yil bayrami, yil yakunlari va sarhisobi, kelgusi yil rejalari, dasturlari bilan bogʻliq gʻoyat muhim va sertashvish jarayonlar bor.

 

Bunday siyosiy-huquqiy jarayonlar muayyan vaqt va mehnat talab qilishi tabiiy. Prezidentimiz 8-fevral kuni imzolagan yangi qonun boʻyicha saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartishlarga binoan, endi Prezidentlikka saylov, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilishi belgilandi. Taʼkidlaganimizdek, bunday saylovlar ilgari dekabr oyida oʻtkazilar edi.

 

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilib, ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanishi munosabati bilan tuman, shahar saylov komissiyalari tarkibi 21 nafar aʼzogacha kengaytirildi.

 

2019-yili oʻtkazilgan saylovlar jarayonida mazkur yoʻnalishda saylov qonunchiligini takomillashtirish bilan bogʻliq qator vazifalar mavjudligi maʼlum boʻldi. Saylov kodeksining 25-moddasida “uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas”, deb qayd etilgan. Ammo shifoxonalar, dam olish uylari, harbiy qismlar, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari kabi muassasalarda, ularning qatʼiy ichki tartib qoidalari talablaridan kelib chiqqanda, saylov uchastkasi aʼzolarini bunday tartibda tuzish qiyin.

 

Shularni eʼtiborga olib, yangi qonunga binoan, Saylov kodeksining mazkur moddasi uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi: “Uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas, bundan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari mustasno”.

 

Taʼkidlash zarurki, 2019-yilgi saylov davrida 38 xorijiy davlatdagi Oʻzbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalarida 55 saylov uchastkasi tashkil etildi. Mamlakatimizning xorijdagi vakolatxonalarida konsullik hisobida boʻlgan yoki boʻlmaganidan qatʼi nazar, barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratilgani ham ana shunday muhim oʻzgarishlar sirasidandir. Xorijda 112 411 nafar yurtdoshimiz oʻzining konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, ovoz berdi. Avvalgi saylovlarda mamlakatimizning chet eldagi vakolatxonalarida konsullik roʻyxatidan oʻtgan fuqarolargina ovoz bera olgan.

 

Saylov qonunchiligiga kiritilgan yangi oʻzgartirishlarga koʻra, saylov komissiyalari zimmasidagi nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifaning chiqarib tashlanishi, saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanishning taqiqlanishi, saylov natijalarini eʼlon qilish muddatlarining asossiz choʻzilishining oldini olish maqsadida, saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilishiga oid yangi normalarning kiritilgani saylovlarni ochiq-oshkora, shaffof va mustaqillik tamoyillari asosida oʻtkazishga xizmat qiladi.

 

Shuningdek, siyosiy partiyalarning moliyaviy shaffofligini taʼminlash maqsadida, ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan soʻng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini eʼlon qilish tartibi joriy etildi.

 

Mazkur oʻzgartishlardan yaxshi xabardor boʻlish va ularning amaliyotdagi ijrosini kuzatib borish ommaviy axborot vositalari vakillaridan joriy yilda kutilayotgan Prezidentlik saylovining ham umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov prinsiplari asosida oʻtishida muhim omil boʻlishi, shubhasiz. Bu muhim siyosiy kampaniya Yangi Oʻzbekiston sharoitida saylovchilarimiz, barcha fuqarolarimizning siyosiy va huquqiy madaniyati, dunyoqarashi, grajdanlik pozitsiyasi yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon etadi, deb bildirilgan ishonchni oqlash barchamizdan faol harakatni talab qiladi.

 

Hasan ABDURAHMONOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

matbuot xizmati rahbari,

yuridik fanlar boʻyicha falsafa doktori.

 

Manba: “Hurriyat” gazetasi, 2021-yil 3-mart. 9-son.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur