Sayt test rejimida ishlamoqda

MSK RAISI O‘RINBOSARI KELAYOTGAN SAYLOVLAR NIMA SABABDAN TARIXGA KIRISHINI AYTIB BERDI

21.11.2019

2163

msk_yangiliklari_in

Oʻzbekistonda 2019-yilning 22-dekabrida yagona saylov kuni boʻlib oʻtadi. Ushbu saylov kampaniyasi oldingilaridan nimasi bilan farq qilishi haqida Sputnik muxbiriga Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari Maxmud Istamov hikoya qilib berdi.

 

Oʻzbekistonda 2019-yilning 22-dekabrida yagona saylov kuni boʻlib oʻtadi. Ushbu saylov kampaniyasi oldingilaridan nimasi bilan farq qilishi haqida Sputnik muxbiriga Markaziy saylov komissiyasi raisi oʻrinbosari Maxmud Istamov hikoya qilib berdi.

 

- Ushbu saylov kampaniyasida qanday yangiliklar joriy etilgan?

 

Eng asosiysi – biz ushbu saylovlarga yangi qonun bilan bormoqdamiz. U oldin amal qilgan beshta normativ-huquqiy aktlar oʻrniga qabul qilingan. Yaʼni, bu oʻyin qoidalarini yangilovchi, butunlay yangi tizim. Undan tashqari biz xalqaro kuzatuvchilarning saylov jarayonini takomillashtirish haqidagi maslahatlarini hisobga olgan holda saylovchilar yagona elektron roʻyxatini joriy etdik. Bu respublika miqyosidagi maʼlumotlar bazasi boʻladi. Ayni damda unga 18 yoshga toʻlgan, ovoz berish huquqiga ega boʻlgan 20,6 million fuqaro kiritilgan.

 

Ana shunday dastur ilk bor 2017-yilda Toshkentdagi mahalliy saylovlarda sinovdan oʻtgan edi. Endi boʻlsa biz ushbu yechimni respublika miqyosida qoʻllamoqdamiz. Undan tashqari ogʻir jinoyat sodir etmagan, jamiyat uchun xavfli boʻlmagan sudlangan shaxslarga ham birinchi marotaba ovoz berish huquqi berildi.

 

Shuningdek, biz saylovda kuzatuvchi boʻlishi mumkin boʻlgan fuqarolar toifalarini ham kengaytirdik. Oldin kuzatuvchilar safiga faqat siyosiy partiyalar vakillari va xorijiy kuzatuvchilar kirgan boʻlsa, endi oddiy oʻzbekistonliklar, mahallar vakillari ham saylovning qonuniy oʻtkazilayotganini kuzatib borishlari mumkin.

 

Yana bir yangilik – bu xorijdagi saylovchilar bilan yanada kengroq ishlash. Turli maʼlumotlarga koʻra, ayni damda 2 millionga yaqin fuqarolar xorijiy yurtlarda. Biz ular ham ovoz berishlari uchun barcha sharoitlarni yaratishga harakat qilmoqdamiz. Buning uchun biz tashqi ishlar vazirligi, elchixona va konsulxonalar bilan yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻyganmiz. Mamlakat ichida saylov oʻtkazish bu bir narsa boʻlsa – xorijda saylov tashkil qilish ancha murakkab ishdir. Biz OAV vakillarini faol taklif qilmoqdamiz. Odamlarga ular u yoki bu mamlakatlarda qanday ovoz berishlari mumkinligi haqida maʼlumot berib bormoqdamiz. Natija ijobiy boʻlishiga umid qilamiz.

 

- Oldin amal qilgan qonunlarni oʻzgartirishga nima sabab boʻlgan?

 

- Men huquqshunos sifatida shuni aytishim mumkin. Oldin bir vaqtning oʻzida 5 ta qonun parallel ravishda amal qilgan. Ularning ayrim normalari bir-biriga zid boʻlgan. Baʼzan saylov qoʻmitalari muayyan vaziyatda qanday yoʻl tutish kerakligini bilmay qolardi: bir qonunda bunday boshqasida boshqacha yozilgani sababli.

 

Endi boʻlsa ushbu muammolar bartaraf etilgan, normalar yagona shaklga keltirilgan. Bunday muammolar endi takrorlanmaydi.

 

- Siz xalqaro tashkilotlar tavsiyalari haqida gapirdingiz. Ular orasida Oʻzbekiston qabul qilmaganlari ham bormi?

 

- Ha, bor. Masalan bizga nomzodlarni xususiy shaxslar yoki biznes tuzilmalari tomonidan moliyalashtirishni taklif qilishgan edi. Lekin bu borada bizning oʻz fikrimiz bor – bizda odamlar va plyuralizm kurashi, pul va kapital kurashi emas. Aynan shu sababli, barcha saylov jarayonlari davlat tomonidan moliyalashtiriladi. Biz barcha partiyalar va barcha nomzodlar uchun teng miqdorda mablagʻ ajratamiz, va shu bilan ularga teng imkoniyatlar beramiz.

 

Oliy Majlisga nomzodlar uchun – 10,6 million, viloyat nomzodlariga – 2 million va tuman nomzodlariga – 1 million soʻmdan. Respublika boʻyicha bizda jami 35 ming nomzod bor.

 

- Xalqaro standartlarga mos saylovlar oʻtkazish uchun qanday ishlar qilinmoqda?

 

Men boya aytganimdek, birinchi navbatda bu yangi qonun. Biz milliy normativ-huquqiy asosni umumjahon talablari va tendensiyalariga muvofiqlashtirdik.

 

Buning yaqqol misoli sifatida – parlamentda kvotalar bekor qilinishi. Oldin ekologiya partiya uchun kvota mavjud edi. Endi ular Qonunchilik palatasidagi oʻrinlar uchun barcha bilan barobar kurashadi. Quyi palata faqat saylovchilar tomonidan aniqlanadi.

 

- Aytmoqchi, ekologlar saylovda ilk bor ishtirok etmoqda. Ular buni qanday uddalashmoqda?

 

- Ha, ular bu ishda pionerlar. Oldin ular uchun 15 kafolatlangan oʻrin bor edi. Endi esa ushbu amaliyot bekor qilingan. Ular oʻz joylarini yoʻqotishlari yoki aksincha koʻpaytirishlari ham mumkin. Bu ochiq kurash boʻladi. Ular qanday natijaga erishishi bizga ham qiziq.

 

- Sizningcha bugungi kunda Oʻzbekistonda oʻrtacha saylovchi qanday koʻrinishga ega? Soʻnggi yillarda u oʻzgardimi?

 

- Albatta, elektorat oʻzgargan. Birinchi navbatda bu respublikada olib borilayotgan islohotlar bilan bogʻliq. Ochiqlik, OAVga berilgan erkinlik ham bu borada oʻz vazifasini bajardi. Bugungi kunda har bir fuqaro deputatlar, senatorlar va vazirliklar oldida muayyan masalalarni qoʻyib ularni hal qilishni talab qilishmoqda. Bugun fuqarolar kelajak ularga bogʻliq ekanini yaxshi tushunishmoqda. Ushbu saylovlarda saylovchilar faol boʻlishiga ishonchim komil.

 

Aytmoqchi, Jamoat fikrini oʻrganish fondi tomonidan noyabrda oʻtkazilgan soʻrovlarga koʻra, 90 % aholi saylovda ishtirok etishga tayyor. Sentyabr oyida ushbu koʻrsatgich 82%ni tashkil qilgan edi. Albatta bunday oʻzgarish bizni faqat xursand qiladi. Amalda qanday boʻlishini koʻramiz, lekin men fuqarolarni faol ishtirok etadi deb umid qilmoqdaman.

 

- 18-noyabrda saylovoldi kampaniyasi rasman boshlangan edi. MSK ushbu jarayonni qanday tashkillashtirgan, partiyalarga agitatsiyalar shakllari haqida qanchalik toʻliq maʼlumot berilgan?

 

- Biz oʻz tomonimizdan qilishimiz kerak boʻlgan hamma ishlarni bajardik: barchaga bir xil efir vaqti, agitatsiya uchun mablagʻ, OAV bilan muloqot qilish imkoniyati ajratdik. Shuningdek, siyosiy kurash olib borishning umumiy prinsiplarini tushuntirdik. Endi partiyalar agitatsiyaga kirishdi. Ularning har birida oʻz qarashlari, oʻz ish tutish uslublari bor. MSQ ishtirokchilarning qoidalarga rioya qilish jarayonni kuzatib turibdi xolos.

 

- Odatda axborot maydonida unchalik faol boʻlmagan partiyalar hozir ancha faollashgan. Sizningcha ushbu nomutanosiblikni nima bilan tushuntirish mumkin?

 

- Menimcha bu holat butun dunyoda shunday. Hozir partiyalar faol ravishda ovozlar uchun kurashmoqda. Ular saylovchilar diqqatini oʻzlariga faol jalb qilishga harakat qilishmoqda. Boshqa vaqtda esa partiyalar orasida mafkuraviy kurash parlament ichida sodir boʻladi. Shuning uchun ham buni oddiy saylovchi koʻrmaydi.

 

- Saylovoldi kampaniyasi davomida biror qonunbuzarlik qayd etilganmi?

 

- Kampaniyaning faqat ikkinchi haftasi tugadi. Hozircha nomzodlar yoki OAV vakillari tomonidan yoʻl qoʻyilgan biror kamchilikni sezmadik. Lekin bizga murojaatlar doimiy ravishda kelib tushmoqda. Hozircha hammasi qonun doirasida. Biz kuzatishda davom etamiz.

 

- Bu yil nomzodlar orasida ayollar soni 40 %dan oshdi. Siz ushbu oʻzgarishga qanday qaraysiz? Ushbu jarayon qanchalik tabiiy? Bugungi kunda ayollar siyosatga kirishga tayyormi yoki ushbu nomzodlar faqat minimal kvotaga toʻgʻri kelishi uchun qoʻyilgan xolosmi?

 

- Albatta bu ijobiy vaziyat. Ayollar ishtirokiga kelsak, bizda ayol nomzodlar uchun 2004-yildan buyon amal qilib kelayotgan 30 %li eng kam chegara bor edi. Agar ushbu koʻrsatgich oshgan boʻlsa, demak partiyalar munosib nomzodlar topishga muvaffaq boʻlishgan va ushbu nomzodlar parlamentdagi joy uchun boshqalar bilan baravar kurashishga tayyor.

 

Davlat organlari va parlamentda ayollar borligi – qonunchilikda ayol va erkaklar manfaatlarini hisobga olish uchun xizmat qiladi. Yangi qonunlarni ishlab chiqishda ayollar va bolalar manfaatlari toʻliq va aniq hisobga olinadi. Ayollarning hukumatga kelishiga naqadar faol harakat qilsak, jamiyatda ayollar bilan bogʻliq muammolar shunchalik tez hal boʻladi.

 

- Bu yaqinda qabul qilingan gender tengligi va ayollarni maishiy zoʻravonlikdan himoya qilish haqidagi qonunlar bilan bogʻliqmi?

 

- Ushbu ikki juda muhim qonuniy aktlar, ayol parlamentariylarimiz tomonidan ishlab chiqilgan edi. Lekin bu ayol deputatlarni faqat qonunchilik sohasida koʻrish kerak degani emas. Ayollar bugungi kunda maʼnaviy tarbiya, tadbirkorlik va iqtisodiy islohotlar sohasida ham koʻplab tashabbuslar bilan chiqishmoqda.

 

- Oʻzbekistonda elektron ovoz berish istiqbollari qanday?

 

- Elektron ovoz berish, bu umumjahon trendi. Undan ayrim mamlakatlarda saylovga odam kam kelishini oldini olish chorasi sifatida ham foydalanishadi. Albatta, fuqarolar uchun saylov komissiyasiga kelib vaqt ketkazishdan koʻra, masofadan turib ovoz berish anchagina qulay.

 

Lekin ushbu texnologiyaning oʻziga yarasha kamchiliklari ham bor. Masalan, yashirin ovoz berish, saylov natijalarini qalbakilashtirish, axborot xavfsizligi muammolari. Ushbu tizimni kiritishda ularni hisobga olish kerak. Biz Oʻzbekistonda elektron ovoz berish tizimini bosqichma-bosqich kiritishga kelishib oldik.

 

Ushbu yoʻlni biz saylovchilar yagona roʻyxati tuzishdan boshladik. Biz shuningdek aholini ogohlantirish uchun zamonaviy texnologiyalardan ham faol foydalanmoqdamiz. Buning uchun biz fuqarolarga qonunchilik normalari haqida maʼlumot beruvchi maxsus mobil ilova ishga tushirdik. Elektron ovoz berish tizimini bosqichma-bosqich ishga tushiramiz.

 

- Oldinda turgan saylovlar shaffofligini qanday texnologiyalar yordamida taʼminlashni rejalashtirmoqdasizlar?

 

- Bu borada asosiy vazifa kuzatuvchilarga yuklanadi. Bizda 5 ta siyosiy partiya bor. Har bir saylov uchastkasida har bir partiyadan bir nafar vakil va OAV vakili boʻladi. Bunday kuchli nazorat ostida biror nimani soxtalashtirishning iloji boʻlmasa kerak. Menimcha, bu saylov jarayoni va natijalarini hisobga olishning eng samarali uslubi boʻlsa kerak.

 

Bundan tashqari, dastlabki loyiha sifatida biz 60 ta saylov uchastkasida onlayn-translyatsiya uchun 120 ta kamera oʻrnatamiz. Ular vaziyatni xalqaro press-sentrga koʻrsatib turadi. Videotasvir soat 08:00 dan 20:00 ga qadar real vaqt davomida olib boriladi. Kuzatuvchilar ayni damda saylov uchastkalarida nima boʻlayotganini koʻrib turishadi.

 

- Siz saylov oldidan saylovchilarga nima degan boʻlar edingiz?

 

- Mening asosiy tilagim – vatanimiz kelajagiga befarq boʻlmagan barcha fuqarolar 22-dekabr kuni saylov uchastkasiga kelib oʻzlari munosib deb topgan nomzodga ovoz berishdir.

 

Dilshoda Rahmatova

02.12.2019

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur