Sayt test rejimida ishlamoqda

USTUVOR VAZIFALARNING AMALIY IFODASI

26.01.2023

1779

msk_yangiliklari_in

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist Mirzo Ulugʻbek АBDUSАLOMOV bilan suhbat.

Oʻzbekistonda “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi” boshlandi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yurist

Mirzo Ulugʻbek АBDUSАLOMOV bilan suhbat.

 

Demokratiya ruhi

 

— Mirzo Ulugʻbek Elchiyevich, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yilning 20 oktyabridan 20 noyabrigacha mamlakatimizda “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi”ni tashkil etishga doir qaror qabul qilindi. Jurnalistlar ushbu hujjat saylovlarga tayyorgarlikning yangi bosqichini boshlab berganini taʼkidlashmoqda. Аvvalo, shu haqda suhbatlashsak.

 

- Mohiyatan olganda, davlat hokimiyati vakillik organlari deputatligiga saylovlar — bir kunda oʻtadigan siyosiy tadbir. Lekin odatda unga oylab, hatto yillab tayyorgarlik koʻriladi. Chunki saylovlar yaqin va olis istiqbol uchun belgilab beriladigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Joriy yilning 22 dekabrь kuni boʻlib oʻtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligiga saylovlarga tayyorgarlik ishlari davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bundan ikki yil avval boshlangan edi.

 

Prezidentimiz tomonidan imzolangan va 2019 yilning 25 iyunidan amaliyotga joriy etilgan Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi milliy saylov qonunchiligimiz tarixida ulkan voqea boʻldi.

 

Joriy yilgi saylovlardagi eng muhim yangilik, shubhasiz, saylovlarning ilk bor Saylov kodeksi asosida oʻtkazilishi bilan bogʻliq.

 

Kodeksdan saylovlarni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va prinsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora va shaffof oʻtkazishga xizmat qiladigan oʻttizdan ortiq yangi norma va qoidalar joy olib, ilgari amalda boʻlgan koʻplab cheklovlar chiqarib tashlandi.

 

Saylov qonunchiligi mamlakatimizning koʻp yillik milliy saylov tajribasi, shuningdek, umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlari va taraqqiy etgan xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasiga muvofiq rivojlanmoqda. Bu borada erishilgan muvaffaqiyatlarimizni nafaqat milliy ekspertlar, balki xalqaro mutaxassislar ham keng eʼtirof etmoqda.

 

Gapni saylovlarga tayyorgarlikdan boshlaganimning boisi shundaki, “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi”ni oʻtkazishga oid qaror milliy saylov qonunchiligimizdagi ana shunday muhim oʻzgarishlarni, avvalo saylov tashkilotchilariga oʻrgatish, jamoatchilik oʻrtasida keng targʻib qilish borasida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan izchil ishlarning uzviy davomidir.

 

Taʼkidlash oʻrinliki, Markaziy saylov komissiyasining mazkur qarori mamlakatimizdagi tegishli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi va qabul qilindi. Endi uning ijrosini taʼminlashga ham boshqa yana koʻplab hamkorlarimiz bilan birgalikda kirishdik.

 

Maʼruzabozlik oʻtmishda qoldi

 

— Sir emaski, joylardagi baʼzi saylov komissiyalari aʼzolari malakasining pastligi haqli eʼtirozlariga ham sabab boʻladi. Mamlakatimizning bosh saylov organi tomonidan bunday muammolarni hal etish yuzasidan qanday chora-tadbirlar koʻrilmoqda?

 

- Аyni eʼtirozlarni rad etmagan holda, bir gapni alohida taʼkidlashni istardim: Mamlakatimiz saylov qonunchiligi milliy huquqiy tizimdagi eng samarali va izchil rivojlanayotgan yoʻnalishlardan biridir. Uni oʻqish-oʻrganish — davomli jarayon.

 

Markaziy saylov komissiyasining muhim vazifalaridan biri — Saylov kodeksining 14-moddasida taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida mazkur qonunning ijrosini nazorat qilish, uning bir xil tarzda qoʻllanishi, saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlashni amalga oshirishdan iborat.

 

Bunday ulugʻvor maqsadga avvalo, saylov tashkilotchilarini tizimli oʻqitish, oʻrgatish va ularning koʻnikmalarini oshirish, saylov qonunchiligini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish orqali erishish mumkin.

 

Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi qabul qilindi. Dasturda belgilangan keng koʻlamli vazifalarning ijrosiga esa har qachongidan erta — iyunь oyidanoq kirishildi.

 

Barcha darajadagi saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarning saylov qonunchiligidagi yangiliklar, saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishga oid bilim va koʻnikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar odatdagidan uch oy avval — 3 avgustdan boshlandi.

 

Ilgarilari bunday tadbirlar saylov kampaniyasi eʼlon qilinganidan soʻng – kech kuzda boshlanar, mashgʻulotlar koʻpincha butun tuman yoki viloyatdagi barcha darajadagi saylov komissiyalari rahbarlari-yu, aʼzolari – 300-400 kishi — bir mahobatli zalga yigʻilib, ularga ikki-uch soat uzundan-uzun va zerikarli maʼruzalar oʻqishdangina iborat boʻlardi. Sababi — vaqt tigʻiz, moliyaviy imkoniyatlar malakali mutaxassislar-u ekspertlarni oʻqitish jarayoniga keng jalb etish imkonini bermasdi.

 

Davlatimiz rahbari tomonidan endi strategik maqsadlarimiz aniq va ravshan belgilab berildi. Yaʼni demokratik, insonparvar davlat qurish, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, Vatanimiz iqtisodiy qudratini yanada yuksaltirish, pirovardida, xalqimizni hayotdan rozi qilish, uning yanada farovon yashashi uchun barcha shart-sharoitni yaratishdan iborat.

 

Mustaqil mamlakatimiz oʻz taraqqiyotining navbatdagi yuksalish bosqichi sari dadil qadam qoʻydi. Endigi saylovlar ham ana shu davr ruhida, tartib-tamoyillar asosida oʻtkazilishi uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda.

 

Shu bois Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Milliy universitet, Toshkent davlat yuridik universiteti, boshqa yetakchi oliy taʼlim oʻquv yurtlari, Аdliya, Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari va sohaning boshqa taʼlim, ilmiy, amaliy, tadqiqot muassasalari olimlari, ekspertlari va amaliyotchilari bilan hamkorlikda seminar-treninglar dasturlari ishlab chiqildi.

 

Bunda anʼanaviy maʼruzabozlikdan voz kechilib, asosiy eʼtibor amaliy koʻnikmalarni oshirishga qaratilmoqda. Mashgʻulotlarda interfaol usullar ustuvorlik kasb etib, zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, auditoriyadagi tinglovchilarning sonini esa 20 nafardan oshirmaslik belgilab qoʻyildi.

 

Koʻlami — keng, samarasi — yuksak

 

- Bunday sharoit hamma joyda bir xil yaratilganmi yo faqat yirik shaharlardami?

 

- Seminar-treninglar qayerda – poytaxt Toshkentda tashkil etiladimi yoki borish qiyin boʻlgan uzoq tumandami, qatʼi nazar, mashgʻulotlar saylov qonunchiligi va amaliyoti boʻyicha malakali ekspertlar, olimlar va tajribali amaliyotchilar tomonidan oʻtkazilmoqda. Oʻquv yakunlangach, seminar-treninglar tinglovchilariga Markaziy saylov komissiyasining maxsus sertifikati berilmoqdaki, bunday hujjat saylov faollarining istiqboldagi faoliyatida ham qoʻl kelishi, shubhasiz.

 

Oʻqitishning yuqoridan quyiga qarab kengayib, takomillashib boradigan koʻp bosqichli bunday usuli oʻz samaralarini bermoqda. Yakuniga yetgan ikki bosqichda saylov komissiyalarining 51 mingga yaqin rais, rais oʻrinbosari va kotibligiga nomzodlar uch kunlik kurslarda oʻqitildi. Shu kunlarda seminar-treninglarning navbatdagi bosqichi davom etmoqda. Oʻqishlarga 30 mingdan koʻproq saylov komissiyalari aʼzolari jalb etilgan. Barcha darajadagi saylov komissiyalarining aʼzolari ikki kunlik seminar-treninglarda oʻz bilimi va koʻnikmasini oshirayotir. Saylov kunigacha jami 180 mingga yaqin kishi tizimli ravishda oʻqitiladi.

 

Bunday keng koʻlamdagi oʻqitish – seminar-treninglar mamlakatimiz milliy saylovlari tarixida birinchi marta yoʻlga qoʻyildi.

 

Navbat — saylovchilarga

 

- Demak, endi navbat – saylovchilarga, ularning huquqiy-siyosiy bilimini yanada oshirishga?

 

- Ha, shunday ezgu niyat bilan “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi”ni oʻtkazishga kirishildi. Zero, saylov – fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokining asosiy shakli, ularning oʻz siyosiy huquqlarini roʻyobga chiqarishi, xohish-irodasini erkin ifodalashini taʼminlashga xizmat qiladigan muhim siyosiy tadbirdir.

 

Mazkur siyosiy tadbirni mamlakatimiz Konstitutsiyasi hamda qonunlari, umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik standartlar asosida oʻtkazish koʻp jihatdan fuqarolarning siyosiy madaniyati va faolligi, fuqarolik burchini chuqur anglashiga bogʻliq.

 

Saylovchilar jamiyatda olib borilayotgan demokratik islohotlar va ularning samaralaridan keng xabardor boʻlgan, oʻz ovozi jamiyat hamda davlat hayoti, mamlakatining kelajagi uchun naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini anglab yetgan taqdirdagina saylovlardan koʻzlangan maqsadga erishish mumkin.

 

Yangi qabul qilingan Saylov kodeksi bilan saylov qonunchiligiga kiritilgan soʻnggi yangiliklar, Markaziy saylov komissiyasining saylov masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarining mazmun-mohiyatini, shuningdek saylovchilarning huquq va erkinliklarini keng tushuntirish boʻyicha ishlar samaradorligini yanada oshirish – dolzarb vazifa.

 

Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi aholining keng qatlamlari, xususan, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan fuqarolar, nuroniylar, nogironligi boʻlgan shaxslar, harbiy xizmatchilar, mehnat jamoalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari oʻrtasida, ularning saylov jarayonida faolligini oshirish, siyosiy bilim darajasini yuksaltirishga qaratilgan targʻibot va tashviqot ishlari samaradorligini yanada yuksaltirish maqsadida, 2019 yilning 20 oktyabridan 20 noyabrigacha mamlakatimizda “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi”ni oʻtkazishga qaror qildi.

 

Shulardan kelib chiqib, saylovlar bilan bogʻliq jarayonlar boʻyicha targʻibot tadbirlarini amalga oshirish hamda ularni ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

 

Targʻibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish mobaynida davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni oʻtkazishda saylovchilarining huquqiy bilimini va saylov madaniyatini yuksaltirish, Saylov kodeksining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari haqida keng tushuntirish va saylov jarayonida qonuniylikni taʼminlash masalalarini ochib berish, saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishda saylov komissiyalarining tutgan oʻrni toʻgʻrisida xabardor etish, ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tartib-taomillarni tushuntirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

 

Bunda targʻibotning barcha ilgʻor texnologiyalaridan, jumladan, davra suhbatlari, seminarlar, uchrashuvlar, bevosita muloqotlar, konferensiyalar, treninglar, oʻquv darslari, tanlovlar, viktorinalar oʻtkazish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish nazarda tutilgan.

 

Bunday tadbirlarning barchasi pirovard natijada aholining saylovlarda faol ishtirok etishi va mamlakatimiz taqdiri uchun daxldorlik tuygʻusini kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

Ezgu intilish

 

- Bilishimizcha, MSK qarorida Xalq taʼlimi vazirligi zimmasiga oylik doirasida umumtaʼlim muassasalarining oʻquvchilari oʻrtasida “Men ham kelajakda ovoz beraman!” mavzusida insholar va rasmlar tanlovlarini tashkil etish vazifasi yuklangan. Saylov masalalariga oʻquvchilarni jalb etish sal ertaroq emasmikin?

 

- Buning ajablanadigan joyi yoʻq. Mamlakatimizda yoshlarning, jumladan, oʻquvchilarning ham, saylovlarga oid huquqiy bilimini oshirish foydadan holi emas. Sababi soʻnggi yillarda kuchli demokratik huquqiy davlat barpo etish yoʻlidan dadil qadamlar tashlayotgan Oʻzbekistonda umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplarni oʻziga singdirgan koʻplab yangi qonunlar, farmonlar va qarorlar qabul qilindi. Ularni oʻqish-oʻrganish va bilish huquqiy demokratik jamiyat barpo etish, farovon hayotga erishishning eng muhim shartlaridan biridir.

 

Zero, saylovchi saylov byulletenini toʻldirar ekan, saylov jarayonlari, siyosiy partiyalar, davlat hokimiyatining boʻlinishi, qonunlar nima-yu ular qanday qabul qilinishi haqida aniq tasavvurga ega boʻlmasdan turib, ongli ravishda ovoz berishi qiyin. Bunday ilgʻor demokratik gʻoyalarni oʻgʻil-qizlar ongiga yoshlikdan singdirish – oʻzining ertasini oʻylagan millat, xalq uchun juda zarur, deb oʻylayman.

 

Shu bois oʻquvchilar oʻrtasida “Men ham kelajakda ovoz beraman!” mavzuida saylovlarning davlat va jamiyat hayotidagi ahamiyatiga oid tushunchalarni shakllantirishga qaratilgan insholar va rasmlar tanlovlarini oʻtkazish — har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga arziydigan tashabbus.

 

Barcha savolga javob bor

 

- “Saylov qonunchiligi targʻiboti oyligi”ni oʻtkazish jarayonida qonun hujjatlari, jumladan, Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasining saylov masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlari va zarur adabiyotlardan foydalanishga ehtiyoj sezilishi tabiiy. Ularni qayerdan va qanday topish mumkin?

 

- Umid qilamizki, saylovlar jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʻllash koʻlami kengayib borayotgan zamonda ayni masalada muammo boʻlmaydi. Аvvalo, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy elections.uz veb-saytidan saylovlarga oid deyarli barcha zarur qonun hujjatlari, jumladan, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, shuningdek huquqiy-normativ hujjatlar, sharhlar, maqolalar va ekspertlar fikrlarini bemalol topish mumkin.

 

Аyni paytda saylov tashkilotchilari va saylovchilar tezkorlik bilan foydalanishi uchun maxsus ishlab chiqilgan “Saylov — 2019” mobilь ilova zarur maʼlumotlar bilan muttasil toʻldirib borilmoqda. Maxsus Telegram messenjer kanali ishlab turibdi. Qolaversa, Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida muntazam ishlab turgan umumrespublika “1197” telefon raqamiga bepul qoʻngʻiroq qilib, mamlakatimizning saylov qonunchiligi, joriy yildagi saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishga doir barcha savollarga mutaxassis va ekspertlardan malakali javob olish mumkin.

 

Bularning barchasi pirovardida xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish, farzandlarimiz kelajagi, Vatanimizning tinchligi va obodligini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Ziyoda АSHUROVА

(“Xalq soʻzi” gazetasi, 22-oktyabr, 2019-yil)

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur