Sayt test rejimida ishlamoqda

ADOLAT YOʻLI SHAFQAT VA MURUVVATDIR

02.02.2023

3049

msk_yangiliklari_in

Munosabat

Xudoyor Mamatov,

yuridik fanlar doktori, professor

 

Prezidentimiz 20-iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan boʻlgan uchrashuvda Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan bir masala cheksiz quvontirdi. Gap oʻlim jazosini bekor qilish toʻgʻrisida borar ekan buni butun Oʻzbekiston xalqi qoʻllab-quvvatlashi shubhasiz. Davlatimiz rahbari ayni masalaga alohida toʻxtalgani bejiz emas. Asosiy qonunimizga Oʻzbekistonda oʻlim jazosi toʻla taqiqlanadi, degan alohida konstitutsiyaviy normaning kiritilishi bu yoʻlda eng katta qadam demakdir. Toʻgʻri, oʻlim jazosini bekor qilish masalasi oʻz yechimini topgan. Uning Bosh qomusimizdan oʻrin olishi esa buni yanada mustahkamlaydi.

 

Mazkur holatning naqadar muhimligi haqida oʻzimning ayrim fikrlarimni bildirib oʻtsam. Insonparvarlik gʻoyalari azaldan xalqimizda ulkan qadriyat sifatida ulugʻlanganini bobokalonimiz Alisher Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonida keltirilgan quyidagi parchadan bilib olishimiz mumkin: “...ёмонга jazo berish — garchi qonun va siyosat yuzasidan toʻgʻri boʻlsa ham, ammo adolatli hukmdorning asl yoʻli — shafqat-muruvvatdir. Bir shaxs oʻlimga qanchalik sazovor boʻlsa ham, uning oʻlimini orqaga surish, bu haqda shoshmaslik яхши...».

 

Mamlakatimizda oʻlim jazosining bekor qilingani Oʻzbekistonda umuminsoniy tamoyillar ustuvorligi va xalqaro andozalar amalga joriy etilganini bildiradi. Xususan, Konstitutsiyamizning 13-moddasida qayd etilganidek, Oʻzbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga koʻra inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston qoʻshilgan birinchi xalqaro hujjat — Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 3-moddasida “Har bir inson yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga egadir” deb belgilangan.

 

Shunday ekan, jinoyat sodir etgan shaxsni jazolashdan koʻzlangan maqsad jismoniy azob berish yoki inson qadr-qimmatini kamsitish emas, balki uni tarbiyalash ekani mamlakatimiz Jinoyat kodeksida ham oʻz aksini topgan.

 

Keling holat yuzasidan mashhur fransuz adibi Viktor Gyugoning parlament majlisida oʻlim jazosi haqida soʻzlagan nutqidan olingan havolani oʻqib, bir fikr yuritsak: “Oʻlim jazosi vahshiylikka xos abadiy belgi, qayerda oʻlim jazosi xuruj qilsa, u yerda vahshiylik hukm suradi, oʻlim jazosi amalda boʻlgan joyda kamdan-kam hollarda rivojlanish boʻladi”.

 

Endi esa mazkur holat yuzasidan dunyodagi vaziyatga eʼtiboringizni qaratsak: Filippin hukumatining maʼlumotlariga koʻra, 2016-yil 1-iyulidan 2018-yil 30-noyabriga qadar giyohvand moddalar savdosiga qarshi oʻtkazilgan amaliyotlarda 5050 kishi qatl qilingan. Human Rights Watch tashkiloti bu raqam kamida 12 ming nafarga teng, deb koʻrsatgan. Lekin tahlillar shuni koʻrsatadi-ki, oʻn yildan beri narkotrafikka aloqador jinoyatlar uchun oliy jazo tayinlab kelingan boʻlsa ham, oʻlim jazosi giyohvand moddalar savdogarlarini mutlaqo qoʻrquvga solmagan. Harm Reduction International tadqiqot guruhi tahlilchisining taʼkidlashicha, “mazkur jinoyat uchun qatl etilganlarning aksariyati giyohvand moddalarning oddiy tashuvchisi hisoblanadi. Giyohvand moddalar savdosidagi tashuvchilarni osongina almashtirish mumkin. Ularni yoʻq qilish narkobiznes modeliga hech qanday jiddiy taʼsir qilmaydi”.

 

Yaʼni Fillipinda oʻlim jazosining qayta tiklanishi giyohvand moddalar savdosi bilan bogʻliq jinoyatlar kamayishiga yordam bermagan, aksincha jinoyatchilik soni oʻsib, qatl etilgan insonlar soni ortgan. Bunday holat Malayziya, Vetnam va Eronda ham kuzatilgan. Mazkur davlatlarda har yili oʻnlab qatllar amalga oshirilgan, lekin giyohvand moddalar taʼsiriga berilib qolgan insonlar soni narkotrafik uchun oʻlim jazosini bekor qilgan davlatlardagidan sezilarli darajada koʻp boʻlgan.

 

Oʻlim jazosi belgilangan davlatlarda korrupsiya holati kamaymagan, aksincha, oʻlim jazosi yoʻq davlatlar korrupsiyaga qarshi kurashishda ijobiy koʻrsatkichlarga erishganini koʻrish mumkin. Masalan, Finlyandiya va Daniya davlatlarida oʻlim jazosi mavjud boʻlmasa-da, korrupsiya koʻrsatkichlari juda past.

 

Yurtimizda oʻlim jazosi bekor qilingani insonparvarlik va bagʻrikenglik tamoyillarining, xalqaro huquq meʼyorlari umum eʼtirof etilgan prinsiplarining bajarilishi ifodasidir. Shuningdek, oʻlim jazosi xalqimizga xos kechirimlilik fazilatiga yot tushunchadir. Undan koʻra, jamiyatimiz uchun hayot-mamot masalasi boʻlgan taʼlim, farzandlarimiz tarbiyasi, yoshlarimiz huquqiy ongini yuksaltirish masalalari ustida bosh qotirsak jamiyatimizda shu kabi yomon hissiyotlar vujudga kelishiga sabab boʻladigan insonlar yetishib chiqishini oldini olgan boʻlamiz. Bu haqiqat yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan insonparvar, odilona siyosatning markaziy masalalaridan biriga aylanib ulgurgani kelajagimizga boʻlgan ishonchimizni yanada mustahkamlaydi.

 

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2022-yil 23-iyun. 124-soni (646)

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur