Sayt test rejimida ishlamoqda

SAYLOV QONUNCHILIGI: SOBITQADAMLIK SAMARALARI

27.01.2023

1850

msk_yangiliklari_in

Mamlakatimizda parlament va mahalliy vakillik organlariga yangi qonunchilik asosida saylovlar boʻlib oʻtganiga roppa-rosa bir yil toʻldi.

 

Demokratik davlatda va jamiyatda xalqning xohish-irodasi birlamchi manba sifatida eʼtirof etiladi va unga ogʻishmay amal qilinadi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 7-moddasida “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai”, 32-moddasida esa “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega” ekanligi mustahkamlab qoʻyilgan.

 

Mazkur huquqlar aynan saylovlarda oʻzining amaliy ifodasini topadi. Konstitutsiyada saylov masalalariga maxsus bobning bagʻishlanganligi mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligini shakllantirishda muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qildi. Ushbu konstitutsiyaviy qoida, ayni paytda, mustaqil Oʻzbekistonda saylov qonunchiligini muntazam takomillashtirishda muhim omil boʻlmoqda.

 

Shu nuqtai nazardan, soʻnggi yillarda saylov qonunchiligi va amaliyotida roʻyobga chiqarilgan oʻzgarishlarga eʼtibor qaratsak, milliy saylov sohasida tizimli ravishda amalga oshirilayotgan islohotlarning yuksak samaralari namoyon boʻladi. Keyingi olti yilda Oʻzbekistonda ikki marta parlament va ikki marta prezidentlik saylovlari oʻtkazildi.

 

Bu saylovlarda orttirilgan katta amaliy va huquqiy tajriba, shuningdek milliy va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan bildirilgan tavsiyalar saylov qonunchiligini takomillashtirishda muhim oʻrin tutdi.

 

2014-yili Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga tuzatishlar kiritilib, Markaziy saylov komissiyasiga konstitutsiyaviy maqom berildi hamda uni shakllantirish va mustaqil faoliyatini amalga oshirishning kafolatlari belgilandi.

 

Bunda Markaziy saylov komissiyasi aʼzolarining vakolati muayyan muddat bilan cheklanmagani va mahalliy vakillik organlari hamda parlament palatalari tomonidan shakllantirilishi faoliyati mustaqilligining muhim kafolatlaridan biridir.

 

2015-yili aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilgan holda, tergov ostida boʻlgan va hali sud hukmi bilan aybli deb topilmagan shaxslarning saylovda ishtirok etishini taʼminlash uchun vaqtinchalik qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalarini ochish lozimligi qonunan belgilandi.

 

Shuningdek, xalqaro saylov standartlaridan kelib chiqib, prezidentlikka nomzodlarni qoʻllab-quvvatlovchi imzolar soni keskin kamaytirildi. Xususan, zarur boʻlgan imzolar soni saylovchilar umumiy sonining besh foizidan bir foiz miqdoriga qadar tushirildi.

 

2019-yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan saylovga oid mavjud beshta qonun va oʻnlab qonunosti hujjatlarini oʻzida jamlagan yaxlit Saylov kodeksining qabul qilinishi saylov amaliyotini yangi sifat bosqichiga koʻtarish uchun muhim huquqiy zamin yaratdi.

 

Saylov kodeksining qabul qilinishi bilan eng avvalo, saylov qonunchiligi normalarini tizimlashtirish, yaʼni kodekslashtirish orqali bir-biriga oʻxshash normalar bartaraf etildi, ushbu qonunchilik tarmogʻi unifikasiyalashdi.

 

Kodeks loyihasi Venetsiya komissiyasining xalqaro huquqiy ekspertizasidan oʻtkazildi va tegishli xulosasi olindi. Kodeksga bir qator xalqaro saylov standartlari, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining tavsiyalari singdirildi. Natijada Saylov kodeksi bir qator yangiliklar bilan boyitildi.

 

Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishiga ruxsat berilgani, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Ekologik harakat uchun ilgari ajratib kelingan oʻn beshta deputatlik oʻrni kvotasi bekor qilinib, quyi palataning barcha deputatlari bevosita fuqarolar tomonidan saylanishi, nodavlat notijorat tashkilot – fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan vakillar saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi, saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud prezidentlikka nomzodni qoʻllab-quvvatlovchi imzo qoʻyishga haqli ekanligi mustahkamlab qoʻyilgani ana shunday muhim oʻzgarishlar jumlasidandir.

 

Saylov qonunchiligi va amaliyotidagi islohotlar nafaqat saylov jarayonining ishtirokchilari, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keng eʼtirof etildi. Bu 2019-yilda boʻlib oʻtgan davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylovlarda ham yaqqol namoyon boʻldi.

 

Xususan, YeXHT Byurosining 2019-yili “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtgan parlament saylovlarini kuzatgan toʻlaqonli missiyasi hisobotida bir qator ijobiy oʻzgarishlar eʼtirof etilgan.

 

Xususan, “bu galgi saylovlar takomillashgan qonunchilik va mustaqil fikrga asoslangan tolerantlik muhitida oʻtkazildi. Soʻz va matbuot erkinligi sezilarli darajada kengaygan. Ommaviy axborot vositalarida aksariyati jonli efirda namoyish qilingan debatlar boʻlib oʻtdi. Yangi qabul qilingan Saylov kodeksi milliy saylov qonunchiligini YeXHT qoidalari, Oʻzbekiston tomonidan olingan boshqa xalqaro majburiyatlar va standartlarga yaqinlashtirish imkonini berdi. Saylovlar amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirish zarurligini koʻrsatdi”, deb taʼkidlanadi missiyaning hisobotida.

 

YeXHT Byurosining oldingi yillardagi saylovlarni kuzatish boʻyicha bildirgan fikrlarida milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish, ovoz beruvchilar uchun tanlash imkoniyatini yanada kengaytirish, tashabbuskorlik muhitini ragʻbatlantirish, shu maqsadda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, ommaviy axborot vositalari bilan ishlashni yaxshilashga doir qator tavsiyalar bor edi.

 

Shubhasiz, 2019-yili yangilangan saylov qonunchiligi hamda mamlakatimizda tobora mustahkamlanib va kengayib borayotgan ochiqlik va oshkoralik muhiti Markaziy saylov komissiyasiga oʻtgan yilgi parlament saylovlarini yanada yangi, yuksak sifat bosqichida tashkil etish imkonini berdi.

 

Sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan bunday tizimli oʻzgarishlar nimalarda koʻrinadi?

 

“Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyilini amalda taʼminlash uchun Saylovchilarining yagona elektron roʻyxatining shakllantirilishi Oʻzbekiston milliy saylov tizimidagi mutlaqo yangi amaliyot boʻldi. Mazkur roʻyxatga saylov yoshidagi 20,5 milliondan ziyod fuqaroga doir maʼlumotlar kiritildi va undan saylovlar jarayonida foydalanildi.

 

Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga saylovoldi uchrashuvlarini oʻtkazishlari uchun har qachongidan keng shart-sharoit va imkoniyat yaratildi. Ular oʻtkazgan 26 teledebat toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi. Bularning barchasi zamonaviy Oʻzbekiston tarixida saylovlarni ilk bor real raqobat muhitida oʻtishiga xizmat qildi.

 

Xorijda yashab turgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratilgani ham ana shunday muhim oʻzgarishlar sirasidandir. 38 mamlakatda tashkil etilgan 55 saylov uchastkasida 112 411 nafar yurtdoshimiz oʻzining konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib ovoz berdi. Avvalgi saylovlarda mamlakatimizning chet eldagi vakolatxonalarida konsullik roʻyxatidan oʻtgan fuqarolargina ovoz bera olgan.

 

Saylovlarga tayyorgarlik jarayonida 180 ming nafarga yaqin saylov komissiyalari aʼzolari amaliy seminar-treninglarda oʻqitildi.

 

Ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan va uncha ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar mamlakatimiz tarixida birinchi marta ovoz berish sharafiga muyassar boʻlgani ham Oʻzbekistonning milliy saylov tizimidagi eng muhim yangiliklardandir. Oʻtgan saylovda 4308 nafar ana shunday shaxs oʻzining saylov huquqidan foydalandi.

 

Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan va oddiy fuqarolarning joylarda saylov qonunchiligining buzilishi holatlariga oid xabarlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish, zarur hollarda tegishli tartibda huquqiy chora koʻrish mexanizmi yaratildi.

 

Alohida taʼkidlash zarurki, bu, eng avvalo, Yangi Oʻzbekistonda ijtimoiy-siyosiy muhit oʻzgargani, demokratiya, ochiqlik va oshkoralik prinsiplari amalda roʻyobga chiqa boshlaganining yaqqol tasdigʻidir. Katta donishmandlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik, milliy anʼanalar hamda zamonaviy demokratiya gʻoyalariga ulkan sadoqat va kuchli siyosiy iroda talab etadigan bunday islohotlar sobitqadamlik bilan davom ettirilayotganini butun dunyo koʻrib, xayrixoh kuzatib turibdi.

 

Saylov kodeksining qabul qilinishi va amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etilishi istiqlol yillarida shakllangan milliy saylov qonunchiligimizni, demokratik saylovlarni oʻtkazish boʻyicha qariyb 30 yillik tajribamizni yanada mustahkamlash va takomillashtirish sari qoʻyilgan katta qadam boʻldi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ilk bor 2019-yilda boʻlib oʻtgan parlament saylovlari boʻyicha tahliliy axborot ishlab chiqildi va unda saylovlarni tashkil etishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yuzaga kelgan kamchilik va muammolar, belgilanadigan chora-tadbirlar oʻz ifodasini topdi.

 

Milliy saylov qonunchiligimizni yanada takomillashtirish, umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish doimiy va muntazam davom etadigan jarayondir.

 

Saylov tizimini takomillashtirish boʻyicha xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga hamohang ravishda, albatta, xalqimizning milliy anʼanalari va oʻziga xos madaniy qadriyatlaridan kelib chiqqan holda inobatga olinadi va joriy etiladi.

 

Eng muhimi, Yangi Oʻzbekistonimizda sobitqadamlik bilan tobora mustahkamlanib borayotgan demokratiyani qatʼiy qaror toptirish, fuqarolarning saylov huquqlarini kengaytirishga xizmat qiladigan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash uchun bor kuch va imkoniyatlar ishga solinadi.

 

 

Mahmud ISTAMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

Raisining oʻrinbosari

 

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining

2020-yil 22-dekabr, 248-son

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur