Sayt test rejimida ishlamoqda

SAYLOV HUQUQI: INSON QADRIGA YUKSAK E’TIBOR

31.07.2024

152

msk_yangiliklari_in

Mamlakatimizda ulkan siyosiy jarayon – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari sayloviga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. 

 

Muhim siyosiy voqea

 

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining shu yil 26-iyul kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisi ana shu muhim siyosiy voqeaga bag‘ishlandi.

 

Ma’lumki, Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari besh yil muddatga saylanadi. Amaldagi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga deputatlar saylovi 2019-yili o‘tkazilgan. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi. Demak, Oliy Majlis qo‘yi palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatlari saylovi 2024-yil 27-oktyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida belgilangan muddatlardan kelib chiqib, 26-iyuldan Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasiga start berilib, kalendar reja tasdiqlandi.

 

Ushbu saylovlarda Konstitutsiyamiz va xalqaro saylov standartlariga binoan mamlakatimizning oliy davlat vakillik va qonun chiqaruvchi organi hamda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi yangilanishi ta’minlanadi.

 

Sifat o‘zgarishlari

 

Saylov kampaniyasi boshlangan kuni Komissiyamiz tomonidan qabul qilingan qarorlar, o‘tkazilgan bir qator qiziqarli brifinglar, taqdimot marosimlari va suhbatlar bo‘lajak saylovlarning o‘ziga xos jihatlariga bag‘ishlandi. Ommaviy axborot vositalari ushbu tadbirlarni tezkorlik bilan yoritishga  va atroflicha sharhlashga kirishdi. Turli janrlardagi yuzlab materiallar e’lon qilindi va ulardan millionlab odamlar, shu jumladan, xorijda ham bahramand bo‘ldi. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tarixiy o‘zgarishlarga nafaqat yurtdoshlarimizning, balki xalqaro jamoatchilikning ham katta qiziqishidan dalolatdir.

 

Tadbirlarda bir gap alohida ta’kidlangani ko‘pchilikning e’tiborini tortdi: Yangi O‘zbekiston milliy saylov qonunchiligi va amaliyotining tizimli ravishda demokratik andozalarga hamohang tarzda takomillashtirib kelinayotgani fuqarolarning saylov huquqini keng va to‘la ta’minlash borasida sifat o‘zgarishlarini amalga oshirishga xizmat qilmoqda.

 

O‘z davlat  mustaqilligining o‘ttiz uch yilligini nishonlashga hozirlik ko‘rayotgan mamlakatimiz milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan ana shunday buyuk o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati, ahamiyati va samaralari haqida so‘z yuritishning ayni fursati, deb o‘ylayman.  

 

Jahonda kechayotgan rivojlanish jarayonlariga sinchkov razm solinsa, turfa munozaralarga duch kelish mumkin. Bunday manzara G‘arb va Sharqning eng rivojlangan demokratik davlatlarida xalqaro kuzatuvchi  sifatida saylovlarni kuzatish asnosida ularning saylovlarga doir milliy qonunchiligi va amaliyotida yuz berayotgan o‘zgarishlarda ham ko‘rinadi. Necha yuz yillar burun erkin demokratik saylovlarga beshik bo‘lgan mamlakatlarning milliy saylov tizimi hali  hamon takomilga ehtiyoj sezadi. O‘zgarishlarga yuz tutadi. Ha, taraqqiyot  – muttasil takomilga intilishda.  

 

Yangi O‘zbekistonning milliy saylov qonunchiligi, saylov komissiyalari va saylovlarni o‘tkazish amaliyoti xalqqa, saylovchilarga yanada yaqinlashganini alohida ta’kidlayotgan xalqaro ekspertlarning fikri amalda o‘z tasdig‘ini topmoqda. Tizim, ta’bir joiz bo‘lsa, saylovchining talab va istaklariga mos yo‘llarni faol izlamoqda va topmoqda. Takomil – dunyo davlatlari intilayotgan  eng to‘g‘ri yo‘l. Har bir yangi qulaylik, taraqqiyotning har bir mevasi, eng avvalo, aziz va mukarram insonning manfaatlariga xizmat qilishi, insonning qalbini yanada yuksaltirishi zarur.

 

Hayotbaxsh g‘oya

 

Shu jihatdan olib qaraganda, mamlakatimizning milliy saylov qonunchiligi, amaliyoti va saylov komissiyalari tizimidagi sifat o‘zgarishlari inson qadri har narsadan ulug‘ degan hayotbaxsh g‘oyaga mos ravishda takomillashib borayotganini ko‘ramiz. Yangi O‘zbekistonda saylovlar va referendumga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish falsafasida ana shu yorqin milliy g‘oya o‘zining in’ikosini topmoqda. 

 

Eslaylik, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bundan besh yil avval milliy saylov qonunchiligiga oid beshta qonun va o‘nlab qonunosti hujjatlarini o‘zida mujassam etgan Saylov kodeksining qabul qilinishini saylov jarayoni ishtirokchilari ham, xalqaro ekspertlar ham  qanday qizg‘in xayrixohlik bilan kutib olgan edi. Loyihasi samarali muhokamalardan so‘ng qabul qilingan Kodeks parlamentimiz qo‘yi  palatasi va mahalliy kengashlarga saylovlarda  2019-yili ilk bor sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgani ham yodimizda.  

 

Bunday muvaffaqiyatlarning bosh omili – avvalo jamoatchilik fikri inobatga olinib, xalqimiz bilan birgalikda, maslahatlashib qabul qilinayotgan qonunlar va qarorlardadir. Bu o‘tgan yili yangi tahrirdagi milliy Konstitutsiyamizni ishlab chiqish va umumxalq referendumida qabul qilish jarayonida yanada yorqin namoyon bo‘ldi. Konstitutsiya tom ma’nodagi xalq muallifligidagi tarixiy hujjat bo‘lganini ahli dunyo keng e’tirof etdi. Hamyurtlarimiz, ayniqsa, yoshlarning bu jarayonlarda faol ishtiroki ularda Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi baland va sobit ekanini ko‘rsatdi.

 

2023-yilning 18-dekabr kuni kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun ham jamoatchilikning fikrlari keng e’tiborga olinib qabul qilingan hujjatlardan biridir.

 

Mazkur Konstitutsiyaviy qonunda Qonunchilik palatasiga saylovda aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizimini joriy qilishga doir yangi nomalar belgilandi. Aralash saylov tizimining afzalligi  – o‘zida amaldagi majoritar va proporsional saylov tizimlarining eng ilg‘or tamoyillarini uyg‘unlashtirib, bir-birini o‘zaro to‘ldirganida.

 

Bilamizki, parlamentimiz qo‘yi palatasi besh yil muddatga saylanadigan bir yuz ellik deputatdan iborat. Bu yil mamlakatimiz tarixida birinchi marta deputatlarning yetmish besh nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylovchilarning bevosita nomzodlarga bergan ovozlariga muvofiq saylanadi. Qolgan, yetmish besh nafari esa yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati (ya’ni partiya ro‘yxati) asosida saylanadi.

 

Endi saylovchi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovda ikkita byulleten orqali ovoz beradi: birinchisida aniq bir nomzodga ovoz bersa, boshqasida o‘zi ishongan siyosiy partiyani belgilaydi.

 

Ilgari deputatlikka nomzodlar orasida ayollar kamida 30 foiz bo‘lishi kerak degan gender kvotasi, endilikda 40 foizgacha ko‘tarildi. Siyosiy partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda esa kamida har besh nomzodning ikki nafari ayol kishi bo‘lishi lozim.

 

Majoritar tizimda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning hech biri saylovchilarning yarmidan ko‘pining ovozini ololmasligi mumkin edi. Bu esa takroriy ovoz berishni o‘tkazish, qo‘shimcha tashvish va xarajat demakdir. Jumladan, 2019-yilda o‘tkazilgan parlament saylovlarida yigirma beshta saylov okrugida takroriy ovoz berish o‘tkazilgan.

 

Bundan tashqari, bo‘shab qolgan deputatlar o‘rnini to‘ldirish uchun saylov komissiyalari faoliyatini qaytadan tiklash zarur. Bu esa minglab odamlarni yana saylov komissiyalari ishiga jalb etish, saylovchilarni yana ovoz berishga da’vat qilish bilan bog‘liqdir. Proporsional saylov tizimining afzalligi – bunday holatlarda partiya tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat bo‘yicha navbatdagi nomzod deputatlik o‘rnini egallaydi. Partiyalar tomonidan shakllantirilgan ro‘yxatlar jamoatchilik e’tiboriga havola qilinadi.

 

Faol raqobat muhiti

 

Joriy yildagi saylovlar yangilangan Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan kuchli parlamentarizm va joylarda vakillik organlarining vakolatlari sezilarli darajada kuchaytirilgan sharoitda o‘tadi.

Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi beshtadan o‘n ikkitaga, Oliy Majlis Senatiniki esa, o‘n ikkitadan o‘n sakkiztaga ko‘paytirildi. Parlamentning ijro etuvchi, sud, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va maxsus xizmatlar faoliyati ustidan nazorat funksiyalari kengaytirildi. 

Hokimlarning xalq deputatlari kengashlariga rahbarlik qilishi bekor qilindi. Davlat hayotining muhim masalalarini hal etishda vakillik organlarining rolini oshirish maqsadida avval hokimlar vakolatida bo‘lgan o‘ttiz uchta vakolat mahalliy kengashlarga o‘tkazildi. Bu esa siyosiy partiyalar va nomzodlar o‘rtasida faol raqobat muhitining shakllanishiga xizmat qiladi.

Qayd etish zarurki, nomi qayd etilgan  Konstitutsiyaviy qonun talablaridan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasining barcha normativ-huquqiy hujjatlari to‘la xatlovdan o‘tkazildi. O‘nga yaqin nizom, yo‘riqnoma va boshqa hujjatlar yangidan ishlab chiqildi va qabul qilindi. Ayrimlariga zarur o‘zgartirishlar kiritildi.

 

E’tibor markazidagi odam

 

Saylovlar jarayonida e’tibor markazidagi eng muhim odam –saylovchi. Butun jarayon uning manfaatlarini ko‘zlab tashkil etiladi. Qonunlar, tartib-qoidalar, eng avvalo, saylovchiga qulaylik yaratish nuqtayi nazaridan ishlab chiqiladi va qabul qilinadi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yilning 2-iyul kuni qabul qilingan  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari saylovida ovoz berishni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomda belgilangan tartib-qoidalar ham ayni maqsadga xizmat qiladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, unda saylovda ovoz berishni tashkil qilishning “ipidan ignasigacha” qamrab olingan.

 

Deylik, saylovchilar ovoz berish xonasiga qaysi eshikdan kirib, qayerdan chiqib ketishigacha, ovoz berish xonasida saylov kuni va ovozlarni sanab chiqish jarayonida  kimlar, masalan, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, komissiya raisi, o‘rinbosari, kotibi, a’zolari qayerda turishi yoki o‘tirishigacha, qanday vazifalarni bajarishigacha, yashirin ovoz berish kabinalari, saylov qutisi, hatto ko‘chma ovoz berish qutisi qayerda joylashishidan tortib, dalolatnomalarning shakllarigacha aniq belgilandi. Saylov tashkilotchilariga tanlash imkoniyatini yaratish maqsadida ovoz berish xonasini tashkil etishning to‘rt xil variantdagi tarhi-sxemasi  taklif etiladi.

 

Saylovchilar uchun ham, saylov tashkilotchilari uchun ham pishiq-puxta ishlab chiqilgan bunday qulaylik, aniqlik, birxillik va qat’iy tartib o‘z samaralarini berishiga ishonaman. Bir qarashda, anchayin mayda, hatto arzimas narsadek ko‘ringan bunday tartibotni shu paytgacha har kim har xil - o‘zining didi, saviyasi va imkoniyatidan kelib chiqib qo‘llagani ma’lum. Natijada, uchastka saylov komissiyalarining ishini to‘g‘ri tashkil etish borasida muayyan noqulayliklar tug‘ilgani sir emas. Holbuki, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishdek muhim siyosiy jarayonda  e’tibordan soqit qilish mumkin bo‘lgan mayda narsaning o‘zi yo‘q.

 

 E’tibor bering: hatto uchastka saylov komissiyasining peshlavhasi, saylov uchastkasiga yo‘naltirilgan yo‘lko‘rsatkichlar har xil shakl va ranglarda yozilgan yoki umuman unutilgan. Har xillikka chek qo‘yilib, birxillik sari jiddiy qadamlar tashlandi: milliy standartlar va talablar belgilandi.

 

Bir yo‘la Qonunchilik palatasi, viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlar bo‘lib o‘tadigan joriy yilda bu ayniqsa, yanada muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Teatr kiyimilgichdan boshlanadi, degan mashhur iborani ko‘pchilik biladi. Saylov uchastkasida saylovchiga e’tibor yo‘lko‘rsatkichdan boshlanadi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ovoz bermoqchi bo‘lgan saylovchilar, ayniqsa, keksalar, saylov uchastkasini topishga qiynalib, so‘rab-surishtirib yurganiga ko‘pchiligimiz duch kelganmiz. Ikki qarishlik oddiy lavhada davlatimizning o‘z  fuqarolariga hurmat-ehtiromi mujassamdir.

 

Bularning barchasi mamlakatimizda inson qadrini yanada yuksaltirish, saylov huquqini yanada keng va to‘la ta’minlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor berayotgan samaralardir.  

 

Nomzod ko‘rsatish huquqi

 

Saylov kampaniyasining avvalida ko‘pchilikni qiziqtiradigan  savollar bo‘ladiki, ularga biryo‘la javob berish foydadan holi bo‘lmaydi.  Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlar hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida besh yil muddatda o‘tkaziladi. Ushbu kengashlardagi deputatlik o‘rinlari soni aholi sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Ilgari Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarida teng tartibda - oltmish nafargacha, tuman va shahar kengashlarida esa  o‘ttiz nafargacha deputatlik o‘rni bo‘lgan.

 

Saylov kodeksiga asosan Qonunchilik palatasi deputatligiga va mahalliy kengashlar deputatligiga nomzod ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar ega.

 

Ta’kidlash o‘rinliki, siyosiy partiya saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingan kundan kamida to‘rt oy oldin O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ro‘yxatga olingan va o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi kamida qirq ming saylovchining imzosini to‘plagan hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovda ishtirok etishiga ijozat berilgan taqdirdagina, deputatlikka nomzodlar ko‘rsatishi mumkin.

 

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov kampaniyasi boshlanganligi e’lon qilingandan keyin siyosiy partiyalarga belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalari beriladi.

 

Siyosiy partiya bitta ma’muriy-hududiy tuzilmada (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahri) qirq ming saylovchining ko‘pi bilan sakkiz foiz imzosini to‘plashi mumkin.

 

Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to‘g‘ri to‘ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhini tuzadi.

 

Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylovlarda ishtirok etishga ijozat olish va deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish uchun esa siyosiy partiyalar tomonidan saylovchilarning qo‘llab-quvvatlovchi imzolarini to‘plash talab etilmaydi.

 

Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish saylovga oltmish besh kun qolganida boshlanadi va saylovga qirq besh kun qolganida tugaydi. Nomzodlarni ro‘yxatga olish saylovga o‘ttiz besh kun qolganida yakunlanadi.

 

Kimlar deputat bo‘lishi mumkin?

 

Qonunchilik palatasiga saylanish huquqiga saylov kuni yigirma besh yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar ega.

 

Mahalliy kengashlar deputatligiga saylanish huquqiga esa saylov kuni yigirma bir yoshga to‘lgan hamda kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan fuqarolar ega. Deputatlikka nomzod sifatida ro‘yxatga olish uchun qo‘yiladigan talablar Saylov kodeksida belgilab qo‘yilgan.

 

Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari tomonidan amalga oshiriladi. Qayd etilganidek, siyosiy partiyalar: bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha deputatlikka yetmish besh nafar nomzod, ya’ni har bir saylov okrugidan bittadan deputatlikka nomzod ko‘rsatadi.Partiya ro‘yxati bo‘yicha esa yetmish besh nafardan kam bo‘lmagan, yuz nafardan ko‘p bo‘lmagan deputatlikka nomzod ko‘rsatadi.

 

Bir mandatli saylov okruglarida ayni bir shaxs faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin.

 

Partiya ro‘yxatiga kiritilgan nomzodlar ushbu siyosiy partiyaning a’zolari yoki partiyasiz bo‘lishi mumkin. Boshqa siyosiy partiyaning a’zolari ushbu ro‘yxatga kiritilishi mumkin emas. Bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha ko‘rsatilgan nomzodlar ham partiya ro‘yxatiga kiritilmaydi.

 

Gap mahalliy kengashlar deputatligiga nomzodlar haqida borar ekan, bunda ham siyosiy partiyalarning tegishli organlari tomonidan nomzodlar ko‘rsatilishini ta’kidlashimiz o‘rinli.

 

Siyosiy partiyalar tegishli hududda joylashgan har bir saylov okrugidan mahalliy kengashlar deputatligiga bittadan nomzod ko‘rsatishga vakolatlidir. Bir shaxs tegishli mahalliy kengashga saylov o‘tkazish bo‘yicha faqat bitta saylov okrugidan deputatlikka nomzod etib ko‘rsatilishi mumkin.

 

Raqamlashayotgan muloqot

 

O‘zbekistonda saylov jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish – doimiy e’tibor qaratilayotgan eng muhim yo‘nalishlardan biridir. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati, Saylov jarayonini boshqarish axborot tizimining so‘nggi yillarda o‘tkazilgan saylovlarda muvaffaqiyatli qo‘llanilgani shular jumlasidandir.

 

Endilikda barcha darajadagi saylov komissiyalari faoliyati, ularning saylov jarayonlari ishtirokchilari bilan o‘zaro munosabatlari to‘liq raqamlashtirildi. Saylov tartibotidagi byurokratiya, ortiqcha vaqt sarfi va hujjatlar harakati qisqartirildi.

 

Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda milliy saylov amaliyotiga “E-saylov” axborot tizimi joriy etishga kirishilgani bu yilgi saylovlar jarayonidagi muhim yangiliklardan yana biridir. Ushbu zamonaviy tizimning afzalligi – saylov komissiyalarining siyosiy partiyalar, nomzodlar, kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari bilan qariyb 60 turdagi munosabatlari to‘liq elektron tarzda amalga oshiriladi. Saylov jarayonining jami 400 mingga yaqin ishtirokchisi, jumladan saylov komissiyalari a’zolari, deputatlikka nomzodlar, kuzatuvchilarga oid katta ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi. Tizimdan 32 ming nafar saylov jarayoni ishtirokchisi professional tarzda foydalanadi va  qirq turdagi SMS-xabarnomalar orqali muloqot o‘rnatiladi.

 

“E-Saylov” axborot tizimida fuqarolar uchun ham saylovga oid axborotlarni olishda bir qator qulayliklar joriy etilgan. Xususan, axborot tizimi saylovchilar va saylov uchastkalariga oid statistik ma’lumotlarni olish, barcha turdagi saylovlar bo‘yicha deputatlikka nomzodlar haqida axborotga ega bo‘lish, interaktiv xaritalarda deputatlikka nomzodlar va ularning tarjimayi holi bilan tanishish imkonini beradi.

 

Ushbu yangi tizim joriy yilda Xalq deputatlari Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar kengashlaridagi bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga o‘tkazilgan saylovlarda muvaffaqiyatli sinab ko‘rildi. 

 

Yuksak sharaf va ulkan mas’uliyat

 

Milliy saylov qonunchiligi ilg‘or demokratik standartlarga mos ravishda tubdan takomillashtirildi. Jumladan, saylov organlarining Markaziy saylov komissiyasi boshchiligidagi yangi tizimi joriy etildi.

 

Endilikda Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazuvchi komissiyalari tizimi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, tuman va shahar saylov komissiyalari, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalaridan iboratdir.

 

Markaziy saylov komissiyasining 2024-yil 29-may kuni qabul qilingan  “Viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalarini tuzish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimiz tarixida birinchi marta viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari tuzildi. Milliy saylov komissiyalarimiz tizimida yangi va muhim bo‘g‘in bo‘lgan ushbu komissiyalar viloyatlar va Toshkent shahri chegaralari doirasida tuzildi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Qonunchilik palatasi deputatlari saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq hududiy saylov komissiyalarining vakolatlarini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi amalga oshiradi.

 

Hududiy saylov komissiyalari a’zolarining umumiy salmog‘i – 267 nafar (56 foizi –  erkaklar, 44 foizi – ayollar), shundan 223 nafari (84 foizi) avvalgi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazishda qatnashgan. Saylov kodeksiga muvofiq, ushbu komissiyalarning uch nafargacha a’zosi doimiy asosda ish yuritadi.

 

Xalqaro tashkilotlar reytingida dunyodagi eng xatardan holi, tinch va osoyishta, huquq ustuvorligi eng tez yaxshilanayotgan   mamlakat sifatida birinchi o‘rinni olgan Yangi O‘zbekistonning milliy saylov tizimida faoliyat yuritish har bir fuqaro uchun yuksak sharaf va ulkan mas’uliyatdir.

 

Xalqaro andozalar asosida

 

Saylovlarni yuqori saviyada tashkil etishda saylov komissiyalari a’zolarining milliy saylov qonunchiligi va amaliyoti hamda saylovlarga oid xalqaro standartlar bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash muhim ahamiyatga ega.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yilning 27-may kuni tasdiqlangan va ijrosiga jadal kirishilgan Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi ana shunday maqsadga xizmat qiladi.

 

Konsepsiya doirasidagi o‘qitish ishlari uch yo‘nalish va ikki bosqichda amalga oshiriladi. Mashg‘ulotlarda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalaniladi. Ayni paytda, malakali ekspertlar tomonidan tayyorlangan o‘quv-uslubiy materiallar, jumladan, qo‘llanmalar, ma’ruzalar matni, topshiriq savollari, test, taqdimot, infografika, video-dars va boshqa materiallar tinglovchilar e’tiboriga havola etiladi.

 

Ayni kunlarda mazkur Konsepsiyada belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.  

 

Eshiklarimiz doim ochiq

 

Saylovlarga tayyorgarlik jarayonida saylovoldi tashviqoti alohida ahamiyat kasb etadi. Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni va partiya ro‘yxatini belgilangan tartibda ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan, ya’ni 22-sentyabrdan boshlanadi.  Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi.

 

Markaziy saylov komissiyasi va barcha darajadagi saylov komissiyalari o‘z ishini hamisha ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik tamoyillariga binoan tashkil etib kelmoqda. Jurnalistlar uchun eshiklarimiz doim ochiq. Faqat ovoz berish yashirin! Buning yaqqol dalili – Markaziy saylov komissiyasi huzurida Matbuot markazi faoliyatining yo‘lga qo‘yilganidir. Ta’kidlash zarurki, Matbuot markazining hududiy bo‘linmalari ham tashkil etiladi.

 

Mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlarni, jumladan, saylovchilarning ovoz berish jarayonini  siyosiy partiyalarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari, jurnalistlar, jumladan xorijlik jurnalistlar, kuzatib boradi.

 

Vatan manfaati

 

Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli, dadil va izchil islohotlarning ustuvor vazifalari va asosiy yo‘nalishlaridan biri – inson qadrini yanada yuksaltirish, uning huquqlarini, jumladan, saylov huquqini har tomonlama va keng ta’minlashdan iborat.

 

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek: “Albatta, biz turli siyosiy partiyalarga mansub bo‘lishimiz, turli g‘oya va qarashlar tarafdori bo‘lishimiz mumkin. Demokratiya degani ham aslida shu. Ammo mohiyat e’tibori bilan qaraganda, barchamizning, butun O‘zbekiston xalqining maqsadi bir. Bizning barchamizni Vatan, el-yurt manfaati birlashtiradi”.

 

Zero, taraqqiyparvar xalqimiz va jonajon Vatanimiz taqdiri uchun har birimiz mas’ulmiz. Shu jihatdan olganda, o‘zida ulug‘ hikmat, buyuk maqsadni mujassam etgan  “Mening tanlovim – obod Vatanim!” degan shior ostida o‘tishi joriy yildagi saylovlarga yangicha mazmun va yuksak joziba  bag‘ishlaydi. “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.

 

Shubha yo‘qki, mamlakatimizda 27-oktyabr kuni o‘tkaziladigan saylovlar jonajon O‘zbekistonimizning bugungi va istiqboldagi hayotida muhim ahamiyat kasb etadigan milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlarning yangi tarkibini shakllantirishda muhim omil bo‘ladi. Barcha darajadagi saylov komissiyalarining sa’y-harakatlari shu maqsadga yo‘naltirilgan. 

 

Zayniddin NIZAMXODJAYEV,

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy

saylov komissiyasi Raisi,

O‘zbekiston Qahramoni

 

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasining 2024-yil 30-iyul. 151-soni (1212)

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur