Sayt test rejimida ishlamoqda

SAYLOV QONUNCHILIGI VA AMALIYOTI: SAYLOV HUQUQINING YANGI KAFOLATLARI

27.01.2023

2103

msk_yangiliklari_in

“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” ezgu gʻoyasi atrofida birlashib, yuksak maqsad – demokratik va erkin yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni xalqimiz har tomonlama qoʻllab-quvvatlamoqda.

 

“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” ezgu gʻoyasi atrofida birlashib, yuksak maqsad – demokratik va erkin yangi Oʻzbekistonni barpo etish yoʻlida sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarni xalqimiz har tomonlama qoʻllab-quvvatlamoqda.

 

Mazkur masʼuliyatli jarayonda milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish, saylov qonunchiligi va amaliyotini umum eʼtirof etilgan xalqaro demokratik standartlarga uygʻunlashtirish orqali fuqarolarning saylovga oid huquqlarini yanada kengroq va toʻlaroq taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

 

Bu — saylov boʻyicha ekspertlar, jumladan, xalqaro ekspertlar va nufuzli xalqaro tashkilotlarning saylovlarimizni kuzatib borgan missiyalari ham keng eʼtirof etgan haqiqatdir. Ular soʻnggi yillarda Oʻzbekistonning saylov qonunchiligi va amaliyotida roʻyobga chiqarilayotgan ulkan oʻzgarishlar haqida soʻz yuritar ekanlar, ushbu yoʻnalishda tizimli ravishda amalga oshirilayotgan islohotlarning yuksak samaralarini eng muhim muvaffaqiyatlar qatorida qayd etmoqdalar.

 

Yangi imkoniyatlar

 

Shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyo erishilayotgan muvaffaqiyatlardan xotirjamlikka berilishni emas, takomil va taraqqiyot sari muttasil va dadil intilishni taqozo etadi. Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi asosida parlamentga va mahalliy kengashlarga ilk bor oʻtkazilgan saylovlar jarayonida orttirilgan tajriba milliy saylov qonunchiligi va amaliyotida ayrim boʻshliqlar va yechimini kutayotgan vazifalar mavjudligini koʻrsatdi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan shu yil 8 fevral kuni “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunning imzolanishi fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengroq taʼminlashdek ezgu maqsadlar yoʻlida muhim omil boʻladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ushbu qonun loyihasi konsepsiyasining ishlab chiqilishidan to parlament qoʻyi palatasida qonun loyihasi sifatida jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilishigacha va Oliy Majlisda qabul qilinishigacha boʻlgan ulkan jarayon amalga oshirildi. Bu jarayon davlat organlari faoliyatining ochiqligi va xalqchilligining, yurtimizda soʻz erkinligi va oshkoralikni taʼminlash borasida sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar berayotgan yuksak samaralarning yana bir yorqin tasdigʻiga aylandi.

 

Bu yil davlatimiz va xalqimiz hayotida muhim siyosiy voqea – Prezidentlik saylovi boʻlib oʻtadi. Davlatimiz rahbarining 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida: “Markaziy saylov komissiyasi boʻlajak saylov milliy qonunchiligimiz va umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuksak saviyada tashkil etilishiga alohida eʼtibor qaratishi lozim,”- deb taʼkidlandi.

 

Bunda oʻtgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish ishlarini davom ettirish muhim vazifalardan biridir.

 

Izchil ishlarning yuksak samaralari

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan boʻlajak saylovga tayyorgarlik ishlari pandemiya bilan bogʻliq murakkab sharoitga qaramasdan, jadal boshlab yuborildi va izchil davom ettirilmoqda.

 

Jumladan, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda mamlakatimizning barcha hududlarida saylovchilar vakillari, saylov tashkilotchilari va mahalliy rahbarlar ishtirokida 2019 yilgi saylovlarning natijalari va xulosalariga bagʻishlangan davra suhbatlari oʻtkazildi. Xalqaro va mahalliy ekspertlar hozirligida on-layn muhokamalar yoʻlga qoʻyildi. Ularda mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar, xususan YeXHTning Inson huquqlari boʻyicha byurosi toʻlaqonli Missiyasi tomonidan bildirilgan tavsiyalarni milliy saylov qonunchiligi va amaliyotiga tatbiq etishga oid masalalar chuqur tahlil qilindi va umumlashtirildi. “Saylov–2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” axborotnomasi oʻzbek, rus va ingliz tillarida chop etildi.

 

Ushbu toʻplamdan koʻplab takliflar joy oldi. Saylovlarni yanada samarali tashkil etish, aholining huquqiy bilimi va elektoral madaniyatini yanada yuksaltirish, mahalliy kengashlarga saylov oʻtkazishning uch pogʻonali tizimini optimallashtirish, tuman va shahar saylov komissiyalarining rolini oshirish kabi masalalar shular jumlasidandir.

 

Oʻzbekiston Respublikasini 2017 — 2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Davlat dasturlarida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga oid qonun loyihasining konsepsiyasi tayyorlandi va uning Oliy Majlis palatalari, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, saylov qonunchiligi sohasidagi olimlar, ekspertlar hamda amaliyotchilar ishtirokidagi on-layn muhokamalari oʻtkazildi. Oʻtgan yilning may-iyun oylarida esa qonun loyihasi boʻyicha jamoatchilik ­muhokamasi boʻlib oʻtdi. Bildirilgan asosli fikr-mulohaza va takliflar inobatga olindi.

 

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ushbu konsepsiyaning ishlab chiqilishida, eng avvalo, saylovchilarning, yaʼni xalqimizning, xohish-irodasi va istaklari, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotida orttirilgan boy tajriba, saylovlarga doir umumeʼtirof etilgan xalqaro normalar hamda standartlar, taraqqiy etgan xorijiy davlatlarning saylovlarni oʻtkazish borasidagi tajribasi hisobga olindi.

 

Bir soʻz zamiridagi ulkan eʼzoz

 

Shu oʻrinda qonun loyihasidagi davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov oʻtkazish vaqtini oʻzgartirishga oid taklif, ayniqsa, koʻpchilikning eʼtiborini tortganini qayd etish joiz.

 

Sirasini aytganda, Xalq deputatlari Toshkent shahar, Toshkent viloyati kengashlari deputati, Senat aʼzosi va Senat Raisining oʻrinbosari ekanligimda, saylov jarayonlarining koʻp yillik bevosita ishtirokchisi sifatida oddiy saylovchilardan to saylov tashkilotchilari-yu mahalliy rahbarlargacha – koʻplab fuqarolarning saylovlarni oʻtkazishni iliq kunlarga koʻchirish borasida bildirgan joʻyali istak va takliflariga oʻzim ham guvoh boʻlganman. Biroq saylovlarni yil oxirida oʻtkazish bilan bogʻliq eski anʼanani oʻzgartirishga oʻz vaqtida na hafsala, na qunt qilingani bor gap.

 

Koʻpchilikning fikricha, saylovlarning qahraton qish — dekabr oyidan koʻra, ochiq-sochiq, iliq oyda oʻtkazilishi har tomonlama va hamma uchun – saylovchilar uchun ham, saylanuvchilar uchun ham, saylovlarni tashkil etuvchilar uchun ham, saylovlardan keyin oliy davlat organlarini oʻz vaqtida shakllantirish uchun ham juda qulay.

 

Siyosiy partiyalar vakillari, mahalliy kuzatuvchilar va deputatlar saylov qonunchiligiga kiritilgan bu muhim yangilikni katta quvonch bilan kutib olganiga shubha qilmasa boʻladi. Zero, saylovlarning ayni qahraton qish mavsumiga toʻgʻri kelishi fuqarolarning saylovlardagi faolligiga, saylovoldi tashviqoti tadbirlarini keng qamrovda oʻtkazishga, ayniqsa, ommaviy tadbirlarni tashkil­ etishga salbiy taʼsir etib kelayotgani sir emas.

 

Qolaversa, saylovlar natijasida konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan Oʻzbekistonning qonun chiqaruvchi hokimiyati va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi davriylik prinsipi asosida yangilanishi taʼminlanadi. Barcha darajadagi ijroiya hokimiyati qaytadan shakllantiriladi. Bulardan tashqari, yangi yil bayrami, yil yakunlari va sarhisobi, kelgusi yil rejalari, dasturlari bilan bogʻliq gʻoyat muhim jarayonlar bor.

 

Bunday siyosiy-huquqiy jarayonlar muayyan vaqt va mehnat talab qilishi tabiiy. Prezidentimiz 8 fevral kuni imzolagan yangi qonun boʻyicha saylov qonunchiligiga kiritilgan oʻzgartishlarga binoan, endi Prezidentlikka saylov, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi oʻn kunligining birinchi yakshanbasida oʻtkazilishi belgilandi. Taʼkidlaganimizdek, bunday saylovlar ilgari dekabr oyida oʻtkazilar edi.

 

Bir qarashda, mamlakatimiz Konstitutsiyasining 117-moddasidagi bitta soʻz – “dekabr”ni “oktyabr”ga almashtirib qoʻyish joʻn va oson ishdek tuyuladi. Lekin necha oʻn yillardan buyon amal qilib kelayotgan bu muddatni oʻzgartirishdek xayrli ish bugun, Yangi Oʻzbekiston sharoitida amalga oshirilganida buyuk bir hikmat – xalq fikriga va manfaatlariga hurmat-ehtirom mujassam. Shu jihatdan, davlatimiz rahbari tomonidan nomi qayd etilgan qonunning imzolanishi xalqimiz manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonidagi ulkan eʼzoz va gʻamxoʻrlikning amaldagi yana bir ifodasidir.

 

Takomil va taraqqiyot

 

Saylov kodeksining tegishli modalariga kiritilgan oʻzgartishlarga koʻra, Xalq deputatlari tuman, shahar (Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi bundan mustasno) Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari tuzish amaliyotidan voz kechildi. Sababi: oʻzini oqlamadi. Bunday okruglar komissiyalari hududidagi uchastka saylov komissiyalari soni, mutaxassislarning maʼlumotlariga qaraganda, uchtadan oshmasdi. Muqoyasa uchun: Parlament deputatlari saylanadigan okruglarning har biriga yuztagacha uchastka saylov komissiyasi toʻgʻri keladi.

 

Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarining optimallashtirilishi natijasida 54 mingdan ortiq aʼzodan iborat 5739 okrug saylov komissiyasi endi tuzilmaydi. Bunday maqbullashtirish ortiqcha vaqt, mehnat va inson resurslarini jalb qilish tashvishiga chek qoʻyish bilan birga, maʼlumotlarga qaraganda, davlat byudjetining 33 milliarddan ortiq soʻm mablagʻini tejash imkonini ham beradi.

 

Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilishi va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanishi munosabati bilan tuman, shahar saylov komissiyalari tarkibi 21 nafar aʼzogacha kengaytirildi.

 

Yangi qonunga binoan Saylov kodeksiga kiritilgan qator oʻzgartirishlardan yana biri 23-moddaga, yaʼni uchastka saylov komissiyasini tuzishga taalluqli. Maʼlumki, uchastka saylov komissiyasi okrug saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida qirq kun qolganda tuziladi.

 

2019-yili oʻtkazilgan saylovlar jarayonida mazkur yoʻnalishda saylov qonunchiligini takomillashtirish bilan bogʻliq boʻshlik mavjudligi maʼlum boʻldi. Saylov kodeksining 25-moddasida “uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas”, deb alohida qayd etilgan. Bu taʼkiddan maqsad — saylov jarayonida suiisteʼmolchilik, tanish-bilishchilik kabi qonun buzilishi bilan bogʻliq holatlarning oldini olish. Ammo shifoxonalar, dam olish uylari, harbiy qismlar, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari kabi muassasalarda, ularning qatʼiy ichki tartib qoidalari talablaridan kelib chiqqanda, saylov uchastkasi aʼzolarini bunday tartibda tuzish qiyin.

 

Shularni eʼtiborga olib, yangi qonunga binoan, Saylov kodeksining mazkur moddasi uchinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etildi: “Uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas, bundan Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda va dam olish uylarida, boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum qilish joylarida tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari mustasno”.

 

Xorijda ovoz berish

 

Davlatimiz rahbari uzoqni koʻzlab yuritayotgan oqilona siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri Oʻzbekiston fuqarolarining qayerda yashab turganidan qatʼi nazar, davlat himoyasida boʻlishi, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlarini taʼminlashga yoʻnaltirilgan.

 

2019-yildagi saylovlarda xorijda istiqomat qilib turgan saylov yoshidagi barcha vatandoshlarimiz uchun ilk bor ovoz berish imkoniyati yaratilgani ana shunday yuksak eʼtiborning amaldagi ifodasi boʻldi. Taʼkidlash oʻrinliki, avvallari bunday siyosiy tadbirlarda faqat konsullik vakolatxonalaridan rasman roʻyxatdan oʻtgan oʻzbekistonliklar oʻzlarining konstitutsiyaviy huquqlaridan foydalangan. Oʻtgan saylovda esa Oʻzbekistonning 38 mamlakatda tashkil etilgan 55 saylov uchastkasida chet elda vaqtincha yoki doimiy yashayotgan 112 411 nafar saylovchimiz ovoz berdi. Fuqarolarimiz xorijda zich yashaydigan joylarda koʻchma saylov qutilari orqali 89 807 nafar saylovchi muddatidan oldin ovoz berishi tashkil qilindi.

 

Saylov kodeksining chet davlatlarda istiqomat qilib turgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibi, xorijiy mamlakatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida koʻchma qutilar orqali ovoz berishning huquqiy asoslari mustahkamlandi.

 

Endilikda Oʻzbekistonning chet mamlakatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida saylovchilarning roʻyxati mazkur muassasalar boshliqlari tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar asosida tuzilishi belgilab qoʻyildi.

 

Tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda yashab turgan fuqarolarni saylovchilar roʻyxati bilan tanishish usuli, joyi va vaqti toʻgʻrisida xabardor qiladi.

 

Xorijda yashab turgan fuqarolar oʻzlarini saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisida saylovdan 15 kun oldin yozma shaklda Oʻzbekiston Respublikasining diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalariga yoki Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.

 

Oʻzbekistonning diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyalari chet davlatlarda yashab turgan fuqarolarning ularni saylovchilar roʻyxatiga kiritish toʻgʻrisidagi murojaatida koʻrsatilgan shaxsga doir maʼlumotlarni tekshiradi va fuqaroni saylovchilar roʻyxatiga kiritish haqidagi masalani hal qiladi. Saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.

 

Tashqi ishlar vazirligi saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan fuqarolar haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatiga tegishli tuzatishlar kiritish uchun taqdim etadi.

 

Oʻzbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ovoz berish saylov kuni ushbu saylov uchastkalari joylashgan yerdagi mahalliy vaqt bilan soat 8.00 dan 20.00 gacha oʻtkazilishining Saylov kodeksida aniq belgilab qoʻyilishi ham xorijda yashab turgan saylovchilar uchun yaratilgan yana bir qulaylikdir.

 

Hisobini bilgan adashmaydi

 

Saylov qonunchiligiga saylov komissiyalari zimmasidagi nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga oid vazifaning chiqarib tashlanishi, saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanishning taqiqlanishi, saylov natijalarini eʼlon qilish muddatlarining asossiz choʻzilishining oldini olish maqsadida, saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirilishiga oid yangi normalarning kiritilgani saylovlarni ochiq-oshkora, shaffof va mustaqillik tamoyillari asosida oʻtkazishga xizmat qiladi.

 

Shuningdek, siyosiy partiyalarning moliyaviy shaffofligini taʼminlash maqsadida, ular tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan soʻng yakuniy moliyaviy hisobotlarni, shuningdek Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini eʼlon qilish tartibi joriy etildi.

 

Bunday hisobdorlik saylov kampaniyasi uchun siyosiy partiyalarga ajratilgan mablagʻlarning maqsadli ishlatilishini taʼminlashga xizmat qiladi. Siyosiy partiyalar rahbariyati va masʼul shaxslari tomonidan ushbu resurslar notoʻgʻri ishlatilishiga barham beradi.

 

Ulkan vazifalarning yuksak masʼuliyati

 

“Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunning 5-moddasida Markaziy saylov komissiyasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin, deb qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

 

Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tegishli vazirlik, idora, ilmiy muassasalar va oliy taʼlim dargohlari bilan hamkorlikda aholining elektoral madaniyatini yuksaltirish, huquqiy savodxonligini oshirishga yoʻnaltirilgan ishlar jadal boshlab yuborildi. Bu boradagi hamkorlarimiz safida Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiatsiyasi, vaqtli matbuot, internet nashrlarning jurnalistlari va blogerlar borki, biz koʻrsatayotgan faol yordami uchun ulardan minnatdormiz.

 

Targʻibot va tashviqot ishlari jarayonida Prezident sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishda saylov komissiyalarining tutgan oʻrni toʻgʻrisida xabardor qilish, ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha tartib-taomillarni keng tushuntirishga ham alohida eʼtibor qaratiladi.

 

Bunda targʻibotning barcha ilgʻor texnologiyalaridan, jumladan, davra suhbatlari, seminarlar, uchrashuvlar, onlayn muloqotlar, intervyular, konferensiyalar, treninglar, oʻquv darslari, tanlovlar, viktorinalar oʻtkazish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish nazarda tutilgan.

 

Shuningdek, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda saylov komissiyalari aʼzolarini saylov qonunchiligi va Saylovchilarning yagona elektron roʻyxatidan foydalanishi boʻyicha operatorlarni toʻrt bosqichda oʻqitish boʻyicha ishlar boshlab yuborildi.

 

Bunday tadbirlarning barchasi pirovard natijada saylov jarayonlari ochiq va oshkora oʻtishini, mamlakatimizning xalqaro demokratiya indeksidagi koʻrsatkichlari yanada yaxshilanishini taʼminlash, aholining Prezident saylovida faol ishtirok etishi va yurtimiz taqdiri uchun daxldorlik tuygʻusini kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga kiritilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etib, saylovlarda oshkoralik, shaffoflik, haqqoniylik, xolislik va mustaqillik kabi umum eʼtirof etgan demokratik prinsiplarning yanada mustahkamlanishida muhim omil boʻladi.

 

Zayniddin NIZAMXODJAYEV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi Raisi,

Oʻzbekiston Qahramoni.

 

“Yangi Oʻzbekiston” gazetasining

2021 yil 16 fevral kungi 33-soni

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur