Sayt test rejimida ishlamoqda

SAYLOV OKRUGLARI VA OKRUG SAYLOV KOMISSIYALARI: TUZISH TARTIBI VA VAKOLATLARI

25.01.2023

2349

msk_yangiliklari_in

Har bir oʻtayotgan kun bizni joriy yil 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligi uchun boʻlib oʻtadigan saylovlarga yaqinlashtirmoqda.

 

Har bir oʻtayotgan kun bizni joriy yil 22-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligi uchun boʻlib oʻtadigan saylovlarga yaqinlashtirmoqda.

 

Saylovlarni ochiq-oshkora, milliy saylov qonunchiligimiz talablariga muvofiq, demokratik saylovlar oʻtkazish boʻyicha toʻplangan boy milliy tajribamizga asoslangan holda hamda umumeʼtirof etilgan xalqaro huquq normalari va standartlari talablariga hamohang tarzda tashkil etish, eng asosiysi saylovlar jarayonida har bir fuqaroga, saylovchiga oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etishi uchun shart-sharoit va imkoniyat yaratib berish oʻta muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Darhaqiqat, bu jarayonda milliy saylov tizimining ajralmas boʻgʻini sanalmish saylov komissiyalarining alohida oʻrni va roli borligini inobatga olib, bugungi maqolamizda saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari faoliyatiga toʻxtalib oʻtmoqchimiz.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 9-moddasiga binoan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun bir yuz ellikta hududiy saylov okrugi tuzilishi, har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanishi belgilangan.

 

Mazkur saylov okruglarining chegaralari esa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanishi, oʻz navbatida saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp chetga chiqishi, yaʼni bir biridan farqi oʻn foizdan oshmasligi kerakligi qoida tariqasida belgilangan.

 

Saylov okruglarining roʻyxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri koʻrsatilgan holda saylovdan kamida yetmish besh kun oldin saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinishi lozim.

 

Yuqoridagilarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2019-yil 7-oktyabrdagi yigʻilishida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomasiga binoan Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun bir yuz ellikta hududiy saylov okrugi tuzish haqida qaror qabul qildi. Saylov okruglarining roʻyxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri koʻrsatilgan mazkur qaror Markaziy saylov komissiyasining vebsaytida, “Xalq soʻzi” va “Norodnoye slovo” gazetalarida hamda mahalliy matbuotda eʼlon qilindi.

 

Xuddi shuningdek, Saylov kodeksining ushbu moddasiga muvofiq, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish uchun — oltmishtadan koʻp boʻlmagan, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish uchun — oʻttiztadan koʻp boʻlmagan saylov okrugi tuzilishi lozim. Ushbu normalar doirasida mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish uchun saylov okruglari soni tegishli mahalliy Kengash tomonidan aholi, saylovchilar soni, hudud va boshqa mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilanishi kerak.

 

Mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda tuziladi. Saylov okruglarining chegaralari viloyatlar, tumanlar va shaharlarning maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda belgilanadi hamda har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 21-moddasiga binoan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan, mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyasi esa tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan saylovga kamida yetmish kun qolganida komissiya raisi, rais oʻrinbosari, kotibi va olti — sakkiz nafar komissiya aʼzosidan, jami toʻqqiz nafardan oʻn bir nafarga qadar tarkibda tuzilishi belgilangan.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlar jamoatchilikning obroʻ-eʼtiborli vakillari orasidan tanlanib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining majlislarida muhokama qilinib, undan soʻng Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlash uchun tavsiya etilishi lozim.

 

Oʻz navbatida, qonunga muvofiq xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalarining aʼzolari xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlarining tavsiyasiga binoan viloyat saylov komissiyasi tomonidan, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashiga saylov oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalarining aʼzolari fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining tavsiyasiga binoan tegishli tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

 

Yuqoridagilarga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi 2019-yil 11-oktyabrdagi yigʻilishida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasiga asosan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha okrug saylov komissiyalarini tuzdi va ularning toʻqqiz nafardan oʻn bir nafargacha boʻlgan aʼzolarini, shu jumladan rais, rais oʻrinbosari va kotibdan iborat tarkibda tasdiqlash haqida qaror qabul qildi. Mazkur qaror Markaziy saylov komissiyasining vebsaytida hamda mahalliy matbuotda eʼlon qilindi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 22-moddasiga binoan, okrug saylov komissiyalarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

 

Saylov okrugi hududida saylov kampaniyasi davrida Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining ijrosi ustidan nazorat qilish;

Saylovga kamida oltmish kun qolguniga qadar, saylovchilar soni kamida yigirma nafardan va koʻpi bilan uch ming nafardan oshmagan holda saylov uchastkalarini tuzish va okrug boʻyicha ularning tartib raqamini belgilash, manzilini koʻrsatgan holda ularning roʻyxatini matbuotda eʼlon qilish orqali saylov uchastkalarining joylashgan yeri haqida saylovchilarni xabardor etish;

Xalq deputatlari tuman, shahar kengashlarining tavsiyasiga asosan uchastka saylov komissiyalarini tuzish, ularning tarkibini tasdiqlash va bu haqidagi maʼlumotlarni eʼlon qilish hamda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq jarayonlarda uchastka saylov komissiyalarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

Deputatlikka nomzodlar saylov kampaniyasida ishtirok etishlari uchun teng sharoitlarni taʼminlash, ularning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga koʻmaklashish, ishonchli vakillarini roʻyxatga olish va tegishli guvohnomalar berish;

Siyosiy partiyalar, boshqa jamoat birlashmalari, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillarining, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlarining saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar yuzasidan axborotini eshitish;

Saylovchilar roʻyxatlarining tuzilishini va ularning hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilishini kuzatib borish;

Saylov okrugi boʻyicha saylov natijalarini aniqlash va ularni tegishlicha Markaziy saylov komissiyasiga, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalariga taqdim etish;

Takroriy ovoz berish va takroriy saylov, shuningdek boʻshab qolgan oʻrinlarga deputatlar saylovi oʻtkazilishini tashkil etish hamda saylovchilarning va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini koʻrib chiqish hamda ular yuzasidan qarorlar qabul qilish.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksida viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalarini tuzish va tarkibini tasdiqlash masalalari, ularning vakolatlari ham batafsil keltirib oʻtilgan. Milliy saylov tizimining muhim boʻgʻini boʻlgan saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari bilan ular faoliyatini chalkashtirib yubormaslik uchun, bugungi maqolamizda faqat Saylov okruglari va okrug saylov komissiyalari haqida toʻxtalib oʻtdik.

 

Kelgusi maqolalarimizda, Oʻzbekiston Respublikasi saylov tizimida alohida oʻringa ega boʻlgan viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari, uchastka saylov komissiyalari, ularni tuzish, tarkibini shakllantirish va tasdiqlash tartibi, faoliyat yoʻnalishlari va vakolatlari xususida batafsil toʻxtalamiz.

 

Xudoyor Mamatov,

Markaziy saylov komissiyasining Kotibiyat rahbari. Yuridik fanlar doktori, professor.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur