Sayt test rejimida ishlamoqda

SAYLOV SOHASIDAGI QONUNCHILIKNI YANADA TAKOMILLASHTIRISHNING USTUVOR YO‘NALISHLARI

27.01.2023

2002

msk_yangiliklari_in

Mamlakatimiz saylov tizimi milliy qadriyatlarimizga tayanilgan holda xalqaro andozalarga asoslanib, shuningdek, xorijiy mamlakatlar qonunchiligi va amaliyotini oʻrganish hamda mustaqillik yillarida mamlakatimizda oʻtkazilgan saylovlar tajribasining tahlili natijasida takomillashib bormoqda. Bunda umumeʼtirof etilgan prinsiplarga amal qilgan holda erishilgan yutuqlardan unumli foydalanish orqali mentalitetimizga xos milliy xususiyatlarni yanada mustahkamlab borish tendensiyasi kuzatilmoqda.

 

Mamlakatimiz saylov tizimi milliy qadriyatlarimizga tayanilgan holda xalqaro andozalarga asoslanib, shuningdek, xorijiy mamlakatlar qonunchiligi va amaliyotini oʻrganish hamda mustaqillik yillarida mamlakatimizda oʻtkazilgan saylovlar tajribasining tahlili natijasida takomillashib bormoqda. Bunda umumeʼtirof etilgan prinsiplarga amal qilgan holda erishilgan yutuqlardan unumli foydalanish orqali mentalitetimizga xos milliy xususiyatlarni yanada mustahkamlab borish tendensiyasi kuzatilmoqda.

 

Saylov jarayoni butun dunyoda eʼtirof etilgan eng muhim konstitutsiyaviy -siyosiy munosabatlardan biri boʻlib, u fuqarolarga davlat hokimiyati organlariga oʻz vakillarini saylash imkoniyatini yaratib beradi. Zero, fuqarolarning oʻz saylov huquqlarini hech toʻsqinliksiz amalga oshirishlari, ularning davlat boshqaruvidagi ishtirokining eng muhim kafolatlaridan biridir.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev taʼkidlab oʻtganlaridek, “Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtgan bu kampaniya mamlakatimiz siyosiy hayotidagi gʻoyat muhim voqeadir. Konstitutsiyamizga muvofiq, fuqarolar davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Saylovda oʻziga maʼqul boʻlgan nomzod yoki biron-bir partiya ilgari surayotgan dastur uchun ovoz berish, ularni qoʻllab-quvvatlash vakillik demokratiyasining yaqqol koʻrinishidir”.

 

Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasida: “Har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillari vositasi orqali oʻz mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga ega. Har bir inson oʻz mamlakatida davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega. Xalq irodasi davlat (hukumat) hokimiyatining asosi boʻlishi lozim. Bu iroda davriy va soxtalashtirilmagan, yalpi va teng saylov huquqidan, yashirin ovoz berish yoʻli bilan yoki ovoz berish erkinligini taʼminlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida oʻtkaziladigan saylovlarda oʻz aksini topishi lozim”ligi qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

 

Endi, ushbu noyob, umumeʼtirof etilgan insonparvar xalqaro huquq normalari bizning milliy qonunchiligimizda qay darajada aks etganligiga eʼtibor qaratamiz.

 

Birinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasiga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish oʻzini oʻzi boshqarish, referendumlar oʻtkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.

 

Ikkinchidan, Konstitutsiyaning 117-moddasiga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Har bir saylovchi bir ovozga ega. Ovoz berish huquqi, oʻz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanadi. Saylovlar umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasining oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar”.

 

Uchinchidan, Konstitusiyasining 18-moddasiga muvofiq, “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar”.

 

Toʻrtinchidan, Saylov kodeksining 7-moddasiga muvofiq, “Saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yoʻl qoʻyilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali taʼminlanadi”.

 

Beshinchidan, Saylov kodeksining 8-moddasiga muvofiq, “Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishni saylov komissiyalari ochiq va oshkora amalga oshiradi. Saylov komissiyalari fuqarolarni oʻz ishi toʻgʻrisida, saylov okruglari, uchastkalari tuzilganligi haqida xabardor etadi, saylovchilarning roʻyxatlari, saylovda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalarning roʻyxati bilan tanishtiradi, ovoz berish va saylov yakunlari haqidagi maʼlumotlarni maʼlum qiladi.

 

Ommaviy axborot vositalari saylovga tayyorgarlikning borishini va saylov qanday oʻtayotganligini yoritib boradi. Saylov komissiyalarining majlislari ochiq oʻtkaziladi. Saylov komissiyalarining qarorlari ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadi yoki Saylov kodeksida belgilangan tartibda hammaga maʼlum qilinadi. Saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etish huquqiga ega”.

 

Shu kabi xalqaro huquqda umumeʼtirof etilgan, Oʻzbekistonning milliy manfaatlari va qadriyatlariga zid boʻlmagan normalarning milliy qonunchiligimizda aks etganligini koʻplab misollar orqali yoritish mumkin. Zero, Oʻzbekiston Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan asosiy qoidalarni milliy qonunchilikka toʻliq implementatsiya qilgan.

 

2019 yil 22 dekabrda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisi Qonunchilik palatasi hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlari saylovlari “Yangi Oʻzbekiston. Yangi saylovlar” shiori ostida yuqori saviyada uyushqoqlik bilan boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, hududlarda tashkil etilgan barcha darajadagi saylov komissiyalari tomonidan oʻz faoliyatlarida mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilik prinsiplariga qatʼiy amal qilgan holda saylovni ochiq oshkora, milliy qonunlarimiz, boy tajribamiz va umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar talablariga mos ravishda yuqori saviyada tashkil etildi va oʻtkazildi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari oʻz vakolatlari doirasida barcha darajadagi saylov komissiyalari ishiga yaqindan koʻmak berdilar.

 

Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning 2018 yil 6 noyabrdagi PQ-4004-sonli Qarorida saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish, shuningdek, fuqarolar konstitutsiyaviy saylov huquqlarini amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplar va standartlarni hisobga olgan holda, saylov tizimi va qonunchiligini bosqichma-bosqich liberallashtirish Oʻzbekiston Respublikasi saylov tizimini yanada takomillashtirishning eng muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.

 

Mustaqil davlatimiz tarixida Prezidentimiz tashabbuslari bilan ilk bora Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksini qabul qilish maqsadlaridan biri ham aynan zamonaviy xalqaro saylov standartlarini hisobga olgan holda saylov tizimining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish edi.

 

Yuqoridagi Qarorga asosan Markaziy saylov komissiyasi tarkibida Saylov qonunchiligi va zamonaviy texnologiyalar boʻyicha oʻquv markazi tashkil etildi. Milliy saylov qonunchiligining umumeʼtirof etilgan xalqaro prinsiplari va standartlariga muvofiqligini tizimli ravishda monitoring qilib borish mazkur markazning asosiy vazifalaridan biri etib belgilandi.

 

Erkin va adolatli saylovlar mezonlari toʻgʻrisidagi Deklaratsiyaning 4-bandida doimiy haqiqiy erkin va adolatli saylovlar oʻtkazish uchun xalqaro huquqiy majburiyatlarga muvofiq ravishda davlatlar huquqlarni kafolatlashni taʼminlash maqsadida qonunlar qabul qilishlari va boshqa choralarni koʻrmoqliklari lozimligi belgilangan. Saylov kodeksning qabul qilinishi ham mamlakatimizni aynan mazkur talabni ogʻishmay, izchillik bilan bajarganidan dalolatdir.

 

Xalqaro huquqiy hujjatlarda saylovga oid standartlar, eng asosiy prinsip va qoidalar sifatida umumiy, teng, toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi, yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylash, erkin va adolatli, haqiqiy saylov oʻtkazish va shu kabilar belgilangan.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida fuqarolarni davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga ega ekanliklari, har bir saylovchi bir ovozga egaligi, ovoz berish huquqi, oʻz xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi belgilab qoʻyilgan.

 

Asosiy qonunimizga muvofiq saylovlar umumiy, teng va toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasining oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarolari saylash huquqiga egadirlar.

 

Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksining 4-moddasiga asosan fuqarolar jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyi, maʼlumoti, mashgʻulotining turi va xususiyatidan qatʼi nazar, teng saylov huquqiga egadir.

 

Saylov kodeksida “bitta saylovchi-bitta ovoz” tamoyilini amalga oshirishni taʼminlaydigan Oʻzbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron roʻyxatiga oid qoidalar belgilandi.

 

Xalqaro standartlarda davlatlar milliy qonun chiqaruvchi organning hech boʻlmasa bir palatasidagi hamma mandatlar umumxalq saylovi jarayonida nomzodlar erkin tortishuvining obyekti boʻlishiga yoʻl qoʻyishlari lozimligi belgilangan.

 

Shu maʼnoda Saylov kodeksimizdagi eng katta yangiliklardan biri bu – siyosiy maydon toʻliq siyosiy partiyalarga berilishi, Ekologik harakatga qoʻyilgan kvota chiqarib tashlanganida namoyon boʻldi. Siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtadigan saylovda 135 emas, balki toʻliq 150 ta saylov okrugida nomzodlarini koʻrsatish huquqiga ega boʻldilar, bu esa milliy qonun chiqaruvchi organning bitta palatasidagi barcha mandatlar umumxalq saylovi jarayonida nomzodlar erkin tortishuvining obʼyekti boʻlishini taʼminladi.

 

Xalqaro standartlarda har bir ishtirokchi-davlatlar ayollarga erkaklar bilan bir xil sharoitlarda hech bir kamsitishsiz saylovlarda ovoz berish huquqi va ochiqdan-ochiq saylanadigan organlarga saylanish huquqi taʼminlashlari lozimligiga oid talablar belgilangan.

 

Konstitutsiyamizning 46-moddasiga koʻra xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar. Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tashabbuslariga koʻra 2019 yil 2 sentyabrda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Ushbu qonunning 4-bobi alohida “Saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari”ga bagʻishlangan. Unga koʻra xotin-qizlar va erkaklar hokimiyat vakillik organlariga saylash va saylanishda teng huquqlarga ega. Siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar taʼminlandi.

 

Agar avvallari qonunlarda faqat Markaziy saylov komissiyasiga nisbatan faoliyatining huquqiy asoslari, mustaqillik, ochiqlik prinsiplari, faoliyatiga aralashmaslik kabilar qayd etilgan boʻlsa, endilikda Saylov kodeksida barcha saylov komissiyalari va ularning aʼzolari oʻz faoliyatini har qanday davlat organlaridan, jamoat birlashmalaridan va mansabdor shaxslardan mustaqil holda amalga oshirishi belgilab qoʻyildi.

 

Avvallari mahalladan kuzatuvchilar ishtirok etishi nazarda tutilmagan edi. Yangi Saylov kodeksiga koʻra fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar barcha saylovlarda qatnashishi mumkinligi qayd etildi. Bu saylovlar ustidan fuqarolik kuzatuvini, shaffoflikni taʼminlashga, saylov jarayoniga jamoatchilik ishonchini oshishiga omil boʻlib xizmat qildi.

 

Yuqorida bayon etilgan fikrlarning barchasi milliy saylov qonunchiligimiz asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlardagi umum eʼtirof etilgan saylov prinsiplari va standartlari talablariga muvofiq kelishidan, fuqarolarning davlat vakillik organlariga saylash va saylanishi bilan bogʻliq konstitusiyaviy huquqlarini amalga oshirilishi uchun mustahkam kafolatlar belgilab qoʻyilganidan dalolat beradi.

 

Shu bilan birgalikda boʻlib oʻtgan saylovlar milliy saylov qonunchiligini yanada takomillashtirish, boʻshliqlarni toʻldirishga ehtiyoj mavjudligini koʻrsatdi. Zero, saylov jarayoni, demokratlashtirish jarayonlari zamon bilan hamnafas boʻlishni, xorijiy va xalqaro tajribani oʻqish oʻrganishni, orttirilgan milliy tajribadan yanada unumliroq foydalangan holda saylov qonunchiligi va amaliyotini yildan yilga takomillashtirib, demokratlashtirib borishni talab qiladi.

 

Ushbu talabga koʻra, Markaziy saylov komissiyasi bir qator davlat va nodavlat tashkilotlari, xalqaro kuzatuvchilar va mahalliy ekspertlar, saylovchilar tomonidan bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda “Saylov – 2019: yutuqlar, muammolar, takliflar” nomli axborot tarzidagi risola tayyorlandi. Oʻzbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan risola 5 ta boʻlim, 24 ta bobdan iborat boʻlib, unda 2019-yil 22-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda mahalliy vakillik organlari saylovlariga tayyorgarlik koʻrish, oʻtkazish va natijalarini eʼlon qilish bilan bogʻliq bosqichlar batafsil tahlil qilingan. Shu bilan birga risolada erishilgan yutuqlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqilgan.

 

Bugungi kunda milliy saylov qonunchiligimizni takomillashtirish, uni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish va amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar bilan uygʻunlashtirish, mamlakatimizning siyosiy nufuzini yangi bosqichga koʻtarish, xalqaro reyting va indekslardagi oʻrnini yanada yaxshilash asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.

 

Jumladan, Saylov kodeksining 25-moddasida nazarda tutilgan “Uchastka saylov komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas”-degan norma talabini Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, harbiy qismlarda, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuziladigan uchastka saylov komissiyalari uchun qoʻllamaslik haqidagi normani oʻrnatish;

 

saylov komissiyalari uch bosqichli tizimini muqobillashtirish, yaʼni xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tugatib, ularning vakolatlarini tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklash orqali, ular tarkibini oʻn bir nafardan yigirma bir nafarga qadar kengaytirish;

 

xorijda istiqomat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼiy nazar saylovchilar roʻyxatiga kiritish tartibini, shuningdek chet davlatlarda saylovchilar yashayotgan yoki ishlayotgan joyida koʻchma qutilarda ovoz berish, yaʼni saylovchilarga ovoz berishda qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkasidan tashqaridagi hududlarda ovoz berishning huquqiy asoslarini Saylov kodeksida mustahkamlash;

 

saylovoldi tashviqoti doirasida ommaviy tadbirlarni oʻtkazish uchun mahalliy davlat hokimiyati organlaridan ruxsat olish tartibi oʻrniga hokimliklarni tadbirga muayyan muddat qolganida xabardor qilish orqali, ommaviy tadbirlarni oʻtkazish amaliyotini joriy etish maqsadga muvofiq boʻladi.

 

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz milliy taraqqiyotining hozirgi bosqichida turli sohalarda boʻlgani kabi milliy saylov qonunchiligini ham xalqaro standartlarga muvofiq va milliy tajribaga mos tarzda yanada takomillashtirish taraqqiyotga xizmat qiladi.

 

Xudoyor Mamatov,

Yuridik fanlari doktori, professor

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur