Sayt test rejimida ishlamoqda

NAVROʻZ KOʻNGILLAR MUNAVVARLIGI

01.02.2023

2793

msk_yangiliklari_in

Yil fasllarining almashinishi, qahraton qishning bahorga oʻrin boʻshatib berishi, qish boʻyi mudrab yotgan dalalarda taft paydo boʻlib, sepilgan urugʻlarning asta-sekin nish otishi tabiiy muvozanatga asoslangan. Insonning butun hayoti shu muvozanatda oʻz ifodasini topadi desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Suv va quruqlik, kun va tun, togʻlaru yalangliklar oʻrtasida ilohiy bir muvozanat bor. Uning boshida yilda bir keladigan Navroʻz turadi.

 

Navroʻz muvozanati nainki moddiy olamga, maʼnaviy hayotimizga, soʻz va amallarimizga, uyqu va uygʻoqligimizga ham tegishli. Sohibi qudrat tomonidan yaratilgan jamiki narsalar oʻz maqomi va meʼyorida saqlanishi zarur. Inson hayoti davomida buyuk ixtirolar qiladi, moddiy boyliklar yaratadi, dunyoni bezab, oʻzi ham bezanadi, oʻzi yaratgan narsalardan bahramand boʻladi. Farzandlari yanada yaxshi yashashi uchun harakat qiladi. Ammo bu harakat ona-tabiatning ishiga nooʻrin, xudbinlarcha, tor manfaatlarni koʻzlab aralashish, yoʻllarga, daryolarga sunʼiy toʻsiqlar qoʻyish degani emas. Oqqan daryo oqmay qolmas deganlaridek, tabiat baribir oʻz hukmini oʻtkazadi, muvozanatini tiklab oladi. Yaqin oʻtmishda sodir etilgan bunday aralashuvlar qanday ayanchli oqibatlarga olib kelganini Orol dengizi misolida yaxshi bilamiz. Bunga yana koʻplab misollar keltirish mumkin.

 

Muvozanat faqat tabiatga emas, insonga ham tegishli. Har bir odam har bir holatda oʻziga oʻzi hisob berishi, oʻzini oʻzi taftish qilishi, yonida xuddi oʻzi kabi boshqalar ham borligini, ularda ham ichki “men” tuygʻusi mavjud boʻlib, bu dunyo lazzatlaridan zavqlanish, foydalanish huquqiga egaliklarini tan olishi darkor. Hamma oʻz holicha, faqat oʻzini oʻylab, turli tomonga ot surmay, bir-birining yelkasiga qoʻlini qoʻyib, ulkan bir halqa boʻlib yashasa, bir-biridan xabardor boʻlsa, bir-birini tushunsa, faqat shundagina dunyo dunyo boʻladi, muvozanat tarozisi bir tomonga ogʻib ketmaydi. Faqat shundagina dunyo dunyolik maqomida turadi, yashash zavqli boʻladi, umrguzaronlik qilish, yaratish va yangilash mantiqiy maʼno kasb etadi.

 

Moddiy va maʼnaviy boʻhronlarni shu birlik, shu ahil-inoqlik, oliyjanob insoniy fazilatlar bilan yengish mumkin. Soʻngi uch yildan buyon davom etib kelayotgan koronavirus pandemiyasi degan global ofat butun insoniyatni larzaga soldi. Bunday ulkan falokat jahon miqyosida soʻnggi yuz yilda roʻy bermagan, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

 

Bugun dunyoning taraqqiy topgan koʻplab davlatlari ham iqtisodiy tanazzuldan aziyat chekmoqda. Ishchi oʻrinlari qisqarib, ishlab chiqarish koʻlami, yalpi ichki mahsulot hajmi pasayib borayotgani bois, oddiy mehnatkashlar hayotida jiddiy muammolar paydo boʻlayotir. Bu muammoni ham birgalashib, bamaslahat hal qilish mumkin. Shundagina dunyo halovat beshigiga aylanadi. Bunday beshikda dunyoning oʻzi ham orom topadi.

 

Har gal Navroʻz eshik qoqib kelayotganida shu tuygʻular hayolimdan oʻtadi. Bu ulugʻ tenglashuv zimmasida nechogʻli buyuk masʼuliyat mavjudligini his etaman. Navroʻz bahoriy kayfiyat, shoʻx-shodonliklar, tansiq taomlar, qizaloqlar sochidagi tolpopuklargina emas, u yangi umid, yangi reja, ruhiyatimizdagi yangi tozarish ayyomi hamdir. Navroʻz hayot chirogʻining oʻchmasligidan, ona zamin buyuk samo bagʻrida aylanar ekan, bobo Quyosh mangu nur sochishidan dalolat.

 

Navroʻzda bu donishmand dunyo koʻrkamlik libosiga burkanadi, tabiat uygʻonadi, tuygʻularimizda ham uygʻonish, tiniqlashish yuz beradi, koʻchalar, hovlilar tartibga keltiriladi. Hosil dalalari yetilib koʻpchiydi. Qushlar simfoniyasi, koʻklamoyim qoʻshiqlari avjiga chiqadi. Bu ayyomda bir-birimizga ancha mehribon va yaqin boʻlib qolamiz. Ezgu niyatlar qilib, bir-birimizni bagʻrimizga bosamiz. Gina-kuduratlar unutiladi, qish boʻyi unniqqan xonalarning derazalari ochilib, musaffo havo vujudimizga singadi. Doshqozonda sumalak qaynaydi. Qozon atrofida tabarruk onaxonlarga qoʻshilib boʻy yetgan qizlar, kelinchaklar raqsga tushadilar. Bu munavvarliklar inson qalbiga koʻchadi, qalb bogʻlarida ham tozarish yuz beradi.

 

Navroʻzni qanday kutib olishimiz, bu tabarruk ayyomga oʻzimizni qanday chogʻlashimizda gap koʻp. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifi bilan joriy yil “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” nomini oldi. Shu munosabat bilan ishlab chiqilgan va tasdiqlangan Davlat dasturida:

 

inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;

mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;

milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash;

adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;

maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish;

milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish;

mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish ustuvor vazifalar etib belgilandi.

 

Shu oʻrinda, oilani har jihatdan mustahkamlash, bu borada davlat va jamiyat tomonidan koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlikni yanada kuchaytirish, oila salomatligini, onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish, jismonan sogʻlom, maʼnaviy yetuk va har tomonlama rivojlangan barkamol avlodni tarbiyalash, mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, mahalla mavqeyini koʻtarish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni buyuk ajdodlarning munosib vorislari qilib tarbiyalashga alohida ahamiyat berildi. Bu yerda yana shuni taʼkidlash oʻrinliki, dunyoda iqtisodiy boʻhron davom etayotgan bir paytda mamlakatimizda jamiyatning bosh yacheykasi boʻlgan oilani, ayniqsa, ijtimoiy koʻmakka muhtoj va yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish, yangi ish oʻrinlarini yaratish, yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovini kengaytirish kabi biri-birini mantiqan toʻldiruvchi dastur va rejalar qabul qilindi.

 

Kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sogʻliqni saqlash sohasi vakillari bilan uchrashuvdagi nutqida eʼtirof etilganidek: “Hamma sohalarda boʻlgani kabi tibbiyotda ham barcha masalalarni malakali kadrlar hal qiladi. Bu borada buyuk olim Gippokratning: “Tabobat – barcha ilm va hunarlar ichida eng qiyini va sharaflisi”, degan soʻzlari ayni haqiqatdir. Shu bois bugun tibbiy taʼlim muassasalari sonini koʻpaytirish, ularda chuqur bilim va malakaga, yuksak axloqiy sifatlarga ega boʻlgan kadrlar tayyorlashga alohida eʼtibor beryapmiz. Misol uchun, soʻnggi besh yilda 6 ta yangi tibbiyot oliygohi tashkil etilib, ularning umumiy soni 14 taga yetkazildi, qabul kvotasi esa 4 barobar oshdi.

 

Hududlarni malakali mutaxassislar bilan kafolatli taʼminlash maqsadida viloyatlar buyurtmasiga asosan manzilli oʻqishga qabul qilish yoʻlga qoʻyildi, olis va chekka qishloqlarga ishga boradigan bitiruvchilar uchun “Qishloq shifokori” dasturini amalga oshirish boshlandi. Shuningdek, 1,5 ming nafar shifokorlar nufuzli xorijiy klinika va universitetlarda malakasini oshirdi.

 

Iqlim va aholining turmush tarzi oʻzgarishi (kam harakatlilik, notoʻgʻri ovqatlanish) oqibatida dunyoda asab tizimi, yurak-qon tomir, diabet kasalliklari tobora koʻpayib bormoqda. Mamlakatimizda ham, afsuski, har yili shunday kasalliklarga uchragan yuz minglab bemorlar qayd etilmoqda. Lekin tuman kasalxonalarida bunday kasalliklar boʻyicha yotib davolanadigan boʻlimlar yoʻqligi sababli bemorlar viloyat va respublika shifoxonalariga borishga majbur boʻlmoqda.

 

Endi ana shu kasalliklar boʻyicha aholining oʻzi yashayotgan joyda ixtisoslashgan tibbiy yordam olish imkoniyatlari kengaytiriladi. Jumladan, 2022-yilda tuman markaziy shifoxonalaridagi oʻrinlarning 10 foizi nevrologiya, endokrinologiya, kardiologiya kasalliklari uchun ajratilib, byudjetdan moliyalashtiriladi. Bu koʻrsatkich 2023-yilda 20 foizga yetkaziladi”.

 

Bu vazifalar, Prezidentimizning koʻrsatmalari, eng avvalo, inson farogʻati, salomatligi, oilalarning mustahkamligi, hayotimizning tinch-totuvligi, aziz farzandlarimizning kamoli uchunligini his etib, koʻnglimiz togʻdek koʻtariladi.

 

Shu kunlarda kattayu kichik barcha yurtdoshlarimiz bagʻrini keng ochib, bahor, yasharish va yangilanish ramzi boʻlmish Navroʻz ayyomini “Xush kelibsan oʻlkamizga, Navroʻzi olam!» deb, shodu xurramlik bilan kutib olmoqda. “Nima uchun biz Navroʻzni doimo sogʻinib, intizorlik bilan kutamiz? Nima uchun bu sana barchamiz uchun eng sevimli, eng ardoqlaydigan bayramimizga aylanib qolgan?», degan savol berilishi tabiiydir.

 

Buning sababi, Navroʻzi olam biz uchun eng qadimiy, asl milliy, turli mafkura va siyosatlardan holi, urf-odatlarimizga va qadriyatlarimizga javob beradigan bayram, ekanligidadir. Nega deganda, Navroʻz oʻz ruhi va gʻoyalari bilan har qaysi inson ona zaminning, tabiatning ajralmas uzviy qismi ekanini, tabiatning naqadar goʻzal ekanini his qilib, uni eʼzozlab, hamnafas boʻlib yashashga undashi bilan bizga qadrlidir.

 

Ayni shu betakror va dilbar faslda koʻklam nafasi va mayin shabadalar kirib kelishi, kurtaklarning ochilishi bilan inson vujudiga bahor nashidasi yugurgandek boʻladi. Barchamiz oʻzimizni yasharib ketgandek, kuch-quvvat, gʻayrat va shijoatga toʻlgandek sezamiz, oʻzimizni tabiatning uzviy va ajralmas qismi deb his qilamiz. Aholimiz, qaysi millat va elat vakili boʻlishidan qatʼi nazar, bayramona kayfiyatga berilib, bu ajoyib ayyomni katta shodu xurramlik bilan oʻtkazadi, bunday damlarda nafaqat tanish, balki notanish odamlarni ham qutlab, bagʻriga bosib, sogʻlik, baxtu saodat va omad tilashi hech kimni befarq qoldirmaydi.

 

Shu borada bir faraz qilaylik: agarki, bugungi kunda xalqaro maydonda tobora avjiga chiqayotgan keskinlashuv, mojaro va qarama-qarshiliklarni, hali-beri davom etayotgan qon toʻkishlarning oldini olish, paydo boʻlayotgan muammolarni faqatgina tinchlik va siyosiy muzokaralar yoʻli bilan hal qilishga qaytilsa olam guliston boʻlardi. Agarki shu kunlarda koʻpni koʻrgan, qancha-qancha sinovlarni boshidan kechirgan, yaxshilik va ezgulikni doimo yuragining toʻrida saqlab keladigan, mehr-oqibatli xalqimizdan, sharqona yangi yil kirib kelishi arafasida turib, yangi yilda sizning eng ezgu niyatlaringiz nimalardan iborat, deb soʻrasa, xalqimiz, hech ikkilanmasdan, bizga tinchlik, sogʻlik, baxt, saodat, omad va omonlik kerak, deb javob berishi muqarrar.

 

Bunday yakdillikning sababi va ildizlarini avvalo bizning qadimiy tariximiz, koʻp qirrali buyuk madaniyatimizda, umumbashariy taraqqiyotga oʻchmas hissa qoʻshgan ulugʻ olim va mutafakkirlarimiz qoldirgan bebaho merosda, ona yurtimiz koʻp zamonlar davomida bilim, maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlib kelganida koʻrish mumkin. Buning ustiga, azal-azaldan xalqimizga mansub boʻlgan olijanoblik, bagʻrikenglik, odamiylik va mehribonlik, muhtoj boʻlganlarni qoʻllab-quvvatlash, keksalarning duosini olish, yetim-yesirlarning boshini silash kabi savob ishlarni bajo keltirishda bunday xususiyat va alomatlar aholimizning qon-qoniga, suyak-suyagiga singib ketgani hech kimga sir emas.

 

Bularning barchasi asrlar mobaynida avloddan-avlodga oʻtib, boyitilib, oxir-oqibatda ezgu insoniy tushunchalarga aylanib, xalqimizning maʼnaviy va amaliy dunyoqarashi uchun mustahkam poydevor boʻlgan. Tabiiyki, bunday olijanob, noyob xususiyat va fazilatlarga ega boʻlgan, pok orzu-intilishlar bilan yashayotgan, oʻzi uchun, yurti va xalqi uchun tinchlik va omonlikni, musaffo osmonni istaydigan xalqimiz, hech shubhasiz, yaqin va uzoq qoʻshnilari bilan oʻz munosabatlarini oʻzaro hurmat, doʻstlik, hamjihatlik, bir-birining manfaatlarini hisobga olish asosida quradi. Va yurtimizni, aholimizni har qanday balo-qazolardan omon saqlashni oʻzining muqaddas burchi deb biladi. Soʻngi yillarda shiddat bilan oʻzgarib, tobora murakkablashib borayotgan davr barchamizning, birinchi navbatda, tayanchimiz va suyanchimiz boʻlmish yoshlarimizning oldiga zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, intellektual bilimlarni chuqur egallash, shu bilan birga, mamlakatimizning xalqaro maydonda raqobatdoshligini yangi bosqichga koʻtarish, iqtisodiyotimizni yangilash, modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, bularni taraqqiyotimizning lokomotiviga aylantirish kabi vazifalarni qoʻymoqda. Ayni shu ulkan dolzarb maqsadlarga erishish yoʻlida Vatanparvar, yurtparvar, iqtidorli yoshlarimiz xalqimiz, Vatanimizning ishonchini oqlashga qodir ekaniga albatta ishonamiz.

 

Hademay yurtimizga Navroʻz kirib keladi. Bu qutlugʻ bayram maʼnaviy hayotimizning mazmuniga aylanib borayotir. Navroʻz taronalari janubiy viloyatlarimizda boshlanib, butun mamlakatni, qalblarimizni qamrab oladi. Bu bayramda qilingan ezgu niyatlar, keksalarimizning duolari ijobat boʻlsin, mustaqil Vatanimiz yanada fayzli va koʻrkam boʻlib boraversin. Tinch-totuvligimizga koʻz tegmasin.

 

Xudoyor MAMATOV

Yuridik fanlari doktori, professor

Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyat rahbari

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur