Sayt test rejimida ishlamoqda

MUSTAQIL DAVLATLAR HAMDO‘STLIGIGA AʼZO MAMLAKATLARDA SAYLOVCHILARNING RO‘YXATLARINI TUZISH VA UNDAN FOYDALANISH TARTIBI

21.03.2023

3173

msk_yangiliklari_in

Mustaqil davlatlar hamdoʻstligiga ishtirokchi davlatlarning “Mustaqil davlatlar hamdoʻstligiga ishtirokchi davlatlarda demokratik saylovlar, saylovga doir huquqlar va erkinliklar standartlari toʻgʻrisidagi konvensiya”sida (Kishinev, 2002-yil 7-oktyabr) “Demokratik saylovlar xalq hokimiyati va irodasining bevosita yuksak ifodalaridan biri, saylanadigan davlat hokimiyati va mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish organlari, boshqa xalq (milliy) vakillik organlari, saylov yoʻli bilan tayinlanadigan mansabdor shaxslarning poydevori” ekanligi belgilab qoʻyilgan.

 

Konvensiyada shuningdek, “har bir fuqaroning saylovchilar roʻyxatiga oʻzining kiritilishi toʻgʻrisida axborot olishga, bu axborotning toʻliqligi va ishonchliligini taʼminlash maqsadida uni aniqlashtirishga, oʻzining saylovchilar roʻyxatiga kiritilishining rad etilishi ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilishga boʻlgan huquqi kafolatlanadi” deb taʼkidlangan.

 

Mustaqil Davlatlar hamdoʻstligiga kiruvchi Armaniston, Belorussiya, Moldova, Ozarbayjon, Rossiyada, Turkmaniston, Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻistonda 18 yoshga toʻlgan fuqarolar saylash huquqiga ega hisoblanadi.

 

Armaniston Respublikasida saylovchilar reyestri yuritiladi va u doimiy yuritiladigan hujjat hisoblanadi, bu roʻyxatga aholining davlat reyestriga kiritilgan hamda munitsipalitetlaridan birida roʻyxatga olingan saylov huquqiga ega boʻlgan Armaniston Respublikasi fuqarolari kiritiladi.

 

Vakolatli organ yiliga ikki marta, iyun va noyabr oylarida (birinchi haftada) Markaziy saylov komissiyasiga Armaniston Respublikasi saylovchilar reyestrini munitsipalitetlar boʻyicha elektron shaklda taqdim etadi.

 

Saylovchilarning roʻyxatlari jurnal shaklida tuziladi va 1000 nafargacha saylovchi roʻyxati tuziladi, lekin 1000 nafardan ortiq saylovchisi boʻlgan saylov uchastkasiga beriladigan har bir saylovchilar roʻyxati jurnaliga taxminan teng miqdordagi saylovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kiritilishi kerak. Saylovchilar roʻyxatining har bir sahifasida koʻpi bilan 20 nafar saylovchiga oid maʼlumotlar boʻlishi mumkin. Statsionar davolash muassasalaridagi saylovchilarning qoʻshimcha roʻyxatlari elektron shaklda shakllantirilmaydi va uchastka saylov komissiyalariga taqdim yetiladigan texnik jihozlarga kiritilmaydi.

 

Uchastka saylov komissiyasining raisi ovoz berish kuniga 2 kun qolganda saylovchilar roʻyxatining nusxasini, shu jumladan statsionar davolanayotgan shaxslarning qoʻshimcha roʻyxatining nusxasini uchastka markaziga hamma uchun koʻrinadigan joyga osib qoʻyadi. Ushbu roʻyxatlar ovoz berishdan keyingi yettinchi kungacha uchastka markazida saqlanadi.

 

Belorussiyada saylovchilar roʻyxatidagi fuqarolarning familiyalari ovoz berish uchun qulay tartibda koʻrsatiladi. Yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan fuqarolar roʻyxatga faqat turgan joyidagi saylov uchastkasida kiritiladi.

 

Saylovchi faqat bitta saylov uchastkasida roʻyxatga kiritilishi mumkin. Agar fuqaro ushbu saylov uchastkasi hududida roʻyxatdan oʻtmagan boʻlsa, u Belarus Respublikasi fuqarosining pasporti va saylov uchastkasi hududida yashashini tasdiqlovchi hujjat asosida roʻyxatga kiritiladi. Bunda ushbu uchastka komissiyasi saylovchini yashash joyi yoki turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olingan uchastka saylov komissiyasiga saylovchilar roʻyxatiga kiritilganligi toʻgʻrisida xabar yuboradi.

 

Moldova Respublikasida Saylovchilarning davlat reyestri — saylovchilarni roʻyxatga olishning yagona integratsiyalashgan axborot tizimi boʻlib, 18 yoshga toʻlgan va saylash huquqidan mahrum boʻlmagan Moldova Respublikasi fuqarolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, saqlash, yangilash va tahlil qilish uchun moʻljallangandir.

 

Saylovchilar roʻyxatlarini shakllantirish masʼul organning aholi roʻyxatining davlat reyestri maʼlumotlari asosida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Masʼul organ komissiyaga har yili 31-yanvardan kechiktirmay va undan keyin muntazam ravishda, saylovlar oʻtkazilganda esa — saylov kuni aniqlangandan keyin saylovchilarning davlat reyestrini tuzish va yangilash uchun zarur maʼlumot va axborotlarni taqdim etadi.

 

Saylovchilarning davlat roʻyxati asosida tuzilgan saylovchilar roʻyxatiga saylov huquqiga ega boʻlgan, yashash joyi yoki joylashgan joyi istalgan saylov uchastkasi hududida boʻlgan barcha fuqarolar kiritiladi. Saylovchi faqat bitta saylovchilar roʻyxatiga va faqat bitta saylov uchastkasiga kiritilishi mumkin.

 

Turgan joyini oʻzgartirgan saylov huquqiga ega boʻlgan shaxslar saylovchilar roʻyxatiga kiritish uchun navbatdagi saylov kuniga kamida 30 kun qolganda mahalliy davlat hokimiyati organiga yangi turgan joyi toʻgʻrisida maʼlum qilishi shart.

 

Ozarbayjonda saylovchilarning yagona roʻyxati Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yuritiladi. Har yili saylovchilar roʻyxatini aniqlashtirish bilan bogʻliq maʼlumotlar uchastka saylov komissiyalari tomonidan okrug saylov komissiyalari orqali Markaziy saylov komissiyasiga taqdim yetiladi. Saylovchilarning yagona roʻyxati saylov uchastkalarida, saylov okruglarida va umuman Ozarbayjon Respublikasida yuritiladi. Vaqtinchalik saylovchilar roʻyxati yagona saylovchilar roʻyxatiga kiritiladi.

 

Saylovchilarning doimiy roʻyxati har yili 30-mayga qadar har bir saylov uchastkasi boʻyicha uchastka saylov komissiyasi tomonidan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan shaklda tasdiqlanadi va ovoz berish kuniga kamida 25 kun qolganida yangilanadi.

 

Saylov kuni saylovchilar roʻyxatiga hech qanday qoʻshimcha yoki oʻzgartirish kiritilishi va bosma nashrda eʼlon qilish taʼqiqlangan boʻlib, saylovchilarning roʻyxati belgilangan tartibda Markaziy saylov komissiyasining tegishli veb-saytiga joylashtiriladi. Bunda saylovchilarning yashash manzillari koʻrsatilmaydi.

 

Saylovchilarning saylovchilar roʻyxatiga kiritilganligini tasdiqlovchi hujjat saylovchi guvohnomasi hisoblanadi.

 

Agar saylovchi qasddan bir nechta saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan boʻlsa, u Ozarbayjon Respublikasining Maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi kodeksiga muvofiq maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin.

 

Rossiya Federatsiyasi fuqarosini maʼlum bir saylov uchastkasi boʻyicha saylovchilar roʻyxatiga kiritish uchun uning yashash joyi toʻgʻrisida Rossiya Federatsiyasi fuqarolarini roʻyxatga olish organlari tomonidan saylovchining ushbu saylov uchastkasi hududida belgilangan tartibda qayd etilganligi haqidagi maʼlumoti asos boʻladi.

 

Rossiya Federatsiyasida yashash joyiga ega boʻlmagan saylovchilar Davlat Dumasi deputatlari saylovida Federal saylov okrugida ovoz berish uchun Mobil saylovchi mexanizmidan foydalanishlari mumkin. Yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olingan saylovchilar esa, agar yashash joyi shu saylov okrugi hududida boʻlsa, bir mandatli saylov okrugi boʻyicha ham ovoz beradi.

 

“Mobil saylovchilar” mexanizmi saylovchilarga ovoz berish kuni uning turgan joyi roʻyxatga olingan joyiga toʻgʻri kelmasada va saylov okrugi hududida joylashgan boʻlsa saylovda ovoz berish imkonini beradi.

 

Ovoz berish kuni(lar)ida vaqtinchalik yashash joyida boʻlgan saylovchilar belgilangan Tartibga muvofiq saylovchilar roʻyxatiga kiritish haqida ariza berish huquqiga ega. Saylovchi turgan joyidagi saylovchilar roʻyxatiga kiritish uchun “Davlat xizmatlari” portali orqali yoki hududiy saylov komissiyasiga yoxud davlat va kommunal xizmatlar koʻrsatishning koʻp funksional markazi orqali ariza berishi mumkin.

 

Tojikistonda esa saylovchilarning roʻyxatlari uchastka saylov komissiyalari tomonidan har bir saylov uchastkasi boʻyicha tuziladi hamda uchastka saylov komissiyasining raisi va kotibi tomonidan imzolanadi hamda muhr bilan tasdiqlanadi. Saylovchilarning yashash joyi boʻyicha roʻyxatlari mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan taqdim etilgan saylovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar asosida tuziladi.

 

Saylovchilarning roʻyxatlarini tuzish uchun uchastka saylov komissiyalari davlat organlarining, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, davlat muassasalari va tashkilotlarining, shuningdek jamoat birlashmalarining vakillarini jalb etadilar.

 

Saylovchilarning roʻyxatlari uchastka saylov komissiyalari tuzilganidan keyin kamida 15 kun oʻtgach tuziladi, unda saylovchilarning familiyasi, ismi, otasining ismi, tugʻilgan yili va manzili koʻrsatiladi.

 

Qirgʻizistonda saylovchilarning huquqlarini amalga oshirish, saylovchilarni oʻzlari haqidagi maʼlumotlar bilan tanishtirish, shuningdek, ovoz berishni oʻtkazish maqsadida har bir saylov uchastkasi boʻyicha saylovchilar roʻyxati tuziladi. Yagona saylov okrugi boʻyicha Prezident va Jogorku Kenes deputatlari saylovi boʻyicha saylovchilar roʻyxatiga saylov kuni aktiv saylov huquqiga ega boʻlgan va qonun hujjatlariga muvofiq biometrik roʻyxatdan oʻtgan saylovchilar kiritiladi.

 

Bir mandatli saylov okruglari boʻyicha Jogorku Kenesh deputatlari saylovi boʻyicha saylovchilar roʻyxatiga ovoz berish kuni aktiv saylov huquqiga ega boʻlgan, mahalliy hamjamiyat aʼzolari boʻlgan va biometrik roʻyxatdan oʻtgan Qirgʻiziston Respublikasining barcha fuqarolari kiritiladi.

 

Saylovchilar roʻyxati saylov uchastkalarining chegaralarini hisobga olgan holda Aholi yagona davlat reyestriga kiritilgan shaxsiy maʼlumotlar (shu jumladan biometrik maʼlumotlar) asosida tuziladi. Aholining yagona davlat reyestrini shakllantirish, saqlash va yangilash vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

 

Har bir saylovchi saylovchilarning dastlabki roʻyxatida xato yoki noaniqlik aniqlangan taqdirda, ovoz berish kuniga kamida 15 kalendar kun qolganda tegishli uchastka saylov komissiyasiga tasdiqlovchi hujjatlar nusxasini ilova qilgan holda ariza bilan murojaat qilishga haqli, bunda saylovchi biometrik identifikatsiyadan oʻtadi.

 

Uchastka saylov komissiyasi mazkur arizani roʻyxatga kiritish, yoʻl qoʻyilgan xato yoki noaniqliklarni tuzatish boʻyicha tegishli choralar koʻrish uchun darhol tegishli hududiy saylov komissiyasidagi Markaziy saylov komissiyasining tizim administratoriga yuboradi.

 

Markaziy saylov komissiyasi ovoz berish kuniga 7 kalendar kun qolganida saylovchilarning raqamlangan, bogʻlangan va muhrlangan yakuniy roʻyxatini ikki nusxada chop etadi va tegishli uchastka saylov komissiyalariga taqdim etadi. Bunda har bir saylov uchastkasi boʻyicha saylovchilarning qogʻozdagi yakuniy roʻyxatining osib qoʻyish uchun moʻljallangan ikkinchi nusxasida yakuniy roʻyxatga kiritilgan saylovchilarning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlmasligi kerak.

 

Saylovchilarning yakuniy roʻyxatlarida mavjud boʻlgan shaxsiy maʼlumotlarga tegishli maʼlumotlarni tuzatish, nusxa koʻchirish, eʼlon qilish yoʻli bilan oshkor qilish qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlikka sabab boʻladi.

 

Qozogʻiston Respublikasida fuqaroning saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi uchun saylovchilarning saylov uchastkasi hududidagi yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olinganligi asos boʻladi, fuqarolarini yashash joyi boʻyicha roʻyxatga olishni amalga oshirishga vakolatli organlar adliya organlari hisoblanadi.

 

Saylovda ishtirok etishning asosiy sharti saylovchilarning saylovchilar roʻyxatiga kiritilishi hisoblanadi. Saylovchilarning yashash joyi boʻyicha roʻyxatlari tegishli hokimlik tomonidan tuziladi. Saylov tayinlangan paytdan boshlab har bir saylovchi tegishli hokimlikda saylovchi sifatida roʻyxatdan oʻtish huquqiga ega.

 

Ovoz berish boshlanishiga yigirma kun qolganida tegishli hokimlik dalolatnoma asosida saylovchilar roʻyxatini uchastka saylov komissiyalariga taqdim etadi. Ovoz berish kuniga 15 kun qolganida saylovchilarning roʻyxatlari saylov uchastkalarida tanishish uchun saylovchilarga taqdim etiladi.

 

Saylov kuni mahalliy vaqt bilan soat oʻn ikkidan kechiktirmay, agar saylovchi ovoz berish uchun kela olmasa: sogʻligʻiga koʻra; kasal oila aʼzosiga gʻamxoʻrlik qilish tufayli; saylov uchastkalari tuzilmagan chekka va borish qiyin boʻlgan hududlarda boʻlsa, saylovchi oʻzi turgan joyda ovoz berishni tashkil yetish uchun uchastka saylov komissiyasiga yozma ariza bilan murojaat qilishga haqli. Uchastka saylov komissiyasi ovoz berishni saylovchining yashash joyida tashkil qilishi shart.

 

Mamlakatimizda saylovchilar Yagona elektron roʻyxatidan foydalanish tajribasini Mustaqil Davlat hamdoʻstligiga kiruvchi davlatlar tajribasi bilan qiyoslaganda, oʻzaro tajriba almashishga molik boʻlgan jihatlarini koʻrishimiz mumkin.

 

Birinchidan, Aholining davlat reyestri yoki Saylovchilar yagona elektron roʻyxati bir yilda kamida ikki marta yangilanishi zarur;

 

Ikkinchidan, saylovchilar oʻzlari saylovchilar roʻyxatida bor-yoʻqligini aniqlashtirish talablarini yoʻlga qoʻyish zarur;

 

Uchinchidan, saylovchi haqida saylovchilar roʻyxatida xato yoki noaniqlik aniqlangan taqdirda zudlik bilan hal qilish uchun tegishli hududiy saylov komissiyalarida Markaziy saylov komissiyasining tizim administratori faoliyatini yoʻlga qoʻyish zarur boʻladi.

 

Toʻrtinchidan, hammaga tanishtirish maqsadida osib qoʻyish uchun moʻljallangan yakuniy roʻyxatga kiritilgan saylovchilarning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar boʻlmasligi kerak.

 

Beshinchidan, raqamli texnologiyalarni saylov jarayoniga yanada keng tatbiq etilishi saylovchi saylov kuni yashab turgan joyida boʻlmagan taqdirda ham uni tezkorlik bilan saylovchilar roʻyxatiga kiritish imkonini beradi.

 

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimizda saylovchilar Yagona elektron roʻyxatidan foydalanish tizimining yanada takomillashtirilishi saylovchilarning saylov huquqini roʻyobga chiqarish, fuqarolarning shaxsga oid maʼlumotlarini saqlanishini taʼminlash hamda saylovlarni demokratik prinsiplar asosida oʻtkazishda muhim rol oʻynaydi.

 

Shu asnoda saylovchilar oʻrtasida saylovchilar roʻyxatini tuzish tartiblari hamda saylovda ishtirok etish bilan bogʻliq jarayonlar haqida tushuntirish-targʻibot ishlarini yoʻlga qoʻyilishi saylov jarayonlarida oʻz samarasini beradi.

 

Bahodirjon Yunusov

Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur