“Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonida eʼtirof etilganidek: “Mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini taʼminlash uchun muhim poydevor boʻldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi”.
Xudoyor Mamatov,
Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyat rahbari.
Yuridik fanlari doktori, professor
“Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirish boʻyicha Harakatlar strategiyasi toʻgʻrisida”gi Prezident Farmonida eʼtirof etilganidek: “Mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng koʻlamli islohotlar milliy davlatchilik va suverenitetni mustahkamlash, xavfsizlik va huquq-tartibotni, davlatimiz chegaralari daxlsizligini, jamiyatda qonun ustuvorligini, inson huquq va erkinliklarini, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik muhitini taʼminlash uchun muhim poydevor boʻldi, xalqimizning munosib hayot kechirishi, fuqarolarimizning bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi”.
Keng jamoatchilikning katta qiziqishi va alohida eʼtiboriga sazovor boʻlgan “Harakatlar strategiyasi” Oʻzbekiston taraqqiyotining yuksalish bosqichida konseptual ahamiyatga egaligi bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur hujjatning davlat va nodavlat tashkilotlari, ayniqsa, fuqarolik jamiyatining eng muhim institutlaridan biri boʻlgan siyosiy partiyalarning faollari, qolaversa, jamoatchilik vakillari tomonidan muhokama etilishi mamlakatimizdagi demokratik islohotlarning amaldagi hayotiy koʻrinishi, deb eʼtirof etish oʻrinli boʻladi. Bir soʻz bilan aytganda, “Harakatlar strategiyasi”ning muhokamaga chiqarilishi — xalq bilan muloqotning nihoyatda hayotiy, yorqin ifodasidir.
Zero, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining:
7-moddasida belgilab qoʻyilganidek: Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbaidir. Oʻzbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini koʻzlab va Konstitutsiya hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan idoralar tomonidangina amalga oshiriladi. Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini oʻzlashtirish, hokimiyat idoralari faoliyatini toʻxtatib qoʻyish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos boʻladi.
10-moddasiga asosan Oʻzbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan Respublika Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin. Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs Oʻzbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas.
11-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga boʻlinishi prinsipiga asoslanadi.
76-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi boʻlib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. Oliy Majlis ikki palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati vakolat muddati — besh yil.
Yuqoridagi normalardan koʻrinib turibdiki, mamlakat qonun chiqaruvchi organi sifatida – Oliy majlis, Oʻzbekiston xalqi nomidan ish olib borish vakolatiga ega davlat hokimiyatining oliy organlaridan biri hisoblanadi. U ikki palatadan iborat. Quyi palata – Qonunchilik palatasi 150 nafar deputatdan iborat boʻlib, ular bevosita Oʻzbekiston Respublikasining 18 yoshga toʻlgan fuqarolari tomonidan saylanadi.
Yuqori palata – Senat 100 nafar senatordan iborat boʻlib, hududiy vakillik palatasi hisoblanadi. Uning 84 nafar aʼzosi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda — olti kishidan saylanadi. Senatga saylov Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bevosita saylovchilar tomonidan saylangan deputatlarning tegishli qoʻshma majlislarida mazkur deputatlar orasidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan oʻtkaziladi.
Senatning oʻn olti nafar aʼzosi fan, sanʼat, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida hamda davlat va jamiyat faoliyatining boshqa tarmoqlarida katta amaliy tajribaga ega boʻlgan hamda alohida xizmat koʻrsatgan eng obroʻli fuqarolar orasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Saylov kodeksida aks etgan ushbu muhim normalarga asoslanib aytish mumkinki, joriy yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligiga saylovlar milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, Oʻzbekistonni dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qoʻshishda yana bir muhim amaliy qadam boʻladi. Butun xalqimiz, saylovchilarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning orzu-intilishlarini ifoda etishlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Darhaqiqat, saylovlar demokratik qadriyatdir. Shu bois, har bir demokratik davlat xalq hokimiyatini ushbu qadriyatga asoslanib oʻrnatadi. Saylovlar – bu mamlakatimizda amalda boʻlgan huquqiy normalarning nechogʻliq demokratik ruhda ekanini namoyon etadigan, demokratik huquqiy davlatning uzviy belgisi, xalqning oʻz xohish-irodasini erkin ifoda etishining, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokining asosiy shakli boʻlib, oʻta muhim va hal qiluvchi ahamiyatga ega masaladir.
Maʼlumki, demokratik davlatlarda saylov institutining ahamiyati quyidagilarda namoyon boʻladi:
birinchidan, saylov orqali davlat hokimiyatining oliy organlari va mahalliy vakillik organlari shakllantiriladi.
ikkinchidan, saylov hokimiyatni shakllantirish uchun kurashadigan siyosiy kuchlarning qonuniy yoʻl bilan shakllanishiga va sogʻlom raqobat muhitining vujudga kelishiga xizmat qiladi;
uchinchidan, saylov jarayonining joriy qilinishi fuqarolar siyosiy faolligining oshishi, huquqiy ongi va siyosiy madaniyatining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.
Binobarin, istiqlol yillarida Oʻzbekistonda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotining ajralmas qismiga aylandi, fuqarolarning siyosiy va huquqiy ongi yuksalishiga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Oʻtgan davr mobaynida saylov qonunchiligi ham rivojlandi. Bugungi kunda u huquqning mustaqil tarmogʻiga aylandi.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi umumeʼtirof etilgan prinsiplar va xalqaro huquqning ustuvor normalarini oʻzida ifoda etgan boʻlsa, aynan ushbu jihat milliy saylov huquqini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etdi. Saylov qonunchiligi xalqaro saylov standartlariga muvofiq rivojlanmoqda. Bu borada erishilgan muvaffaqiyatlarimizni nafaqat milliy ekspertlar, balki xalqaro mutaxassislar ham eʼtirof etmoqda. Ularning fikricha, Oʻzbekistonda zamon talablariga toʻliq javob beradigan va hatto, ayrim yoʻnalishlar boʻyicha baʼzi rivojlangan davlatlardan ilgarilagan demokratik saylov qonunchiligi yaratilgan. Xususan, 2016-yilning 4-dekabrda mamlakat Prezidentligiga oʻtkazilgan saylovni kuzatish uchun tashrif buyurgan 600ga yaqin chet ellik kuzatuvchilar, nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillarining xolis xulosalarining oʻziyoq buning isbotidir.
Bugungi kunda davlat oʻz milliy huquqiy tizimi va uning uchun maqbul qonunchilik bazasini yaratar ekan, oʻzi tanlagan yoʻlning istiqbolini jahonning globallashuv jarayonlari bilan uygʻunlikda koʻrmasligi mumkin emas. Xalqaro huquqning milliy huquqqa nisbatan taʼsiri ancha sezilarli va muqarrardir. Xalqaro-huquqiy hujjatlar darajasida boshqa mamlakatlarning umumlashtirilgan tajribasi milliy huquq va qonunchilik tizimini qoʻllash samarali modellarini koʻrib chiqish chogʻida keng tarqalgan xatolarni takrorlamaslik imkonini beradi. Demokratlashuv milliy institutlar qayta shakllanishida namoyon boʻladi va birinchi galda inson huquqlari hamda erkinliklarini roʻyobga chiqarish uchun xizmat qiladi.
Mamlakatimiz saylov qonunchiligi milliy huquqiy tizimdagi eng dinamik va izchil rivojlanayotgan tarmoqlardan biri hisoblanadi. Mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida xalqaro saylov standartlari saylov sohasidagi oʻzgarishlarning mustahkam asosi va mezonlaridan biriga aylangan. Ular demokratik saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazishda ochiqlik va oshkoralik, barcha darajadagi saylov komissiyalarining faoliyatida qonuniylik, kollegiallik, mustaqillik va adolatlilikka rioya qilish kabi huquqiy kategoriyalarni oʻzida mujassamlashtirgan. Milliy huquqiy tizim darajasida xalqaro saylov majburiyatlarining mustahkamlab qoʻyilishi va xalqaro saylov normalarining amaldagi qonunchilikka tatbiq etilishi mamlakatimizning kuchli demokratik huquqiy davlat barpo etish yoʻlidagi jiddiy qadami hisoblanadi.
Xalqaro saylov standartlari saylov oʻtkazishning asosiy prinsiplarini oʻzida ifoda etadi. Saylov oʻtkazishning asosiy prinsiplari deganda, saylovlarga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan ustuvor qoidalar (prinsiplar) yigʻindisi tushuniladi. Bu prinsiplarga quyidagilar kiradi: a) umumiy saylov huquqi; b) teng saylov huquqi; v) toʻgʻridan-toʻgʻri saylov huquqi; g) yashirin ovoz berish huquqi.
Birlashgan millatlar tashkiloti tomonidan qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning 25-moddasida, Parlamentlararo ittifoq kengashi tomonidan qabul qilingan Erkin va adolatli saylovlar mezonlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning 1-moddasida, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Insoniylik mezonlari boʻyicha Kopengagen kengashining hujjati va boshqa xalqaro hujjatlarda aks etgan mazkur prinsiplar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda saylovga oid boshqa qonun hujjatlarida mustahkamlangan boʻlib, boʻlajak saylovlarning demokratik tarzda, xalqaro standartlar talablariga mos, ochiq va oshkora oʻtishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Xalqaro saylov standartlari bir qator xalqaro hujjatlarda oʻz ifodasini topgan boʻlib, ularning asosiylari jumlasiga quyidagilar kiradi: birinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1948-yil 10-dekabrda qabul qilingan). Ikkinchidan, 1950-yildagi Inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Yevropa konvensiyasi, unga doir 1-bayonnoma bilan birga. Uchinchidan, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt (BMT,1966-yil 16-dekabr). Toʻrtinchidan, YXHTning insoniylik mezonlari boʻyicha konferensiyasi Kopengagen kengashining hujjati (Kopengagen, 1990-yil 29-iyun). Beshinchidan, 1994-yildagi Erkin va adolatli saylovlar mezonlari toʻgʻrisidagi deklaratsiya. Oltinchidan, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga ishtirok etuvchi davlatlarda demokratik saylovlar, saylovga doir huquqlar va erkinliklar standartlari toʻgʻrisidagi Konvensiya (Kishinyov, 2002-yil 7-oktyabr) va boshqalar.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 21-moddasida har bir inson bevosita yoki erkin saylangan vakillar orqali oʻz mamlakatini boshqarishda qatnashish huquqiga egaligi, shu bilan birga, xalq irodasi davlat hokimiyatining asosi boʻlishi lozimligi, hokimiyat umumiy va teng saylov huquqidan foydalangan holda yashirin ovoz berish yoʻli bilan yoki ovoz berish erkinligini taʼminlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida oʻtkaziladigan saylovlarda ifoda etilishi lozimligi taʼkidlangan.
Shuningdek, BMT tomonidan qabul qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning 25-moddasiga muvofiq, har bir fuqaro quyidagi huquq hamda imkoniyatlarga ega boʻlishi kerak: birinchidan, ham bevosita, ham erkin saylangan vakillar orqali davlat ishlarini boshqarishda qatnashish; ikkinchidan, yalpi va teng saylov huquqi asosida, yashirin ovoz berish orqali oʻtkaziladigan va saylovchilarning erkin holdagi xohish-irodasini taʼminlovchi chinakam davriy saylovda ovoz berish va saylanish; uchinchidan, oʻz mamlakatida umumiy shartlarda davlat xizmatiga kirishda teng imkoniyatlarga ega boʻlish.
Parlamentlararo ittifoq Kengashining 1994-yil 26-martda Parijda 154-sessiyasida qabul qilingan Erkin va adolatli saylov mezonlari toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning 11–12-bandiga asosan chinakam erkin va adolatli saylovlar oʻtkazishning institutlari va huquqiy kafolatlarini taʼminlash, saylovlarni tashkil etish va oʻtkazishda xolisona, adolatli va barqaror mexanizm oʻrnatish, barcha fuqarolarning huquqlarini hurmat qilish va ularga rioya etish, partiyalar va nomzodlar uchun oʻz dasturlari bilan tanishtirish uchun zarur imkoniyatlar taʼminlash, yashirin ovoz berish prinsipiga rioya qilish, pora berish yoki boshqa noqonuniy harakatlarga yoʻl qoʻymaslik, saylov jarayonining aniq va tushunarli olib borilishini taʼminlash, saylovlarda zoʻravonlik qilish holatlarining oldini olish, saylov jarayoniga taalluqli boʻlgan shikoyatlarni saylov organlari va sudlar tomonidan tezkor ravishda va samarali koʻrib chiqishda qonuniy va boshqa choralar koʻrish aʼzo davlatlarning majburiyatlari hisoblanadi.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Insoniylik mezonlari boʻyicha konferensiyasi hujjatida muntazam oʻtkaziladigan va haqiqiy saylovlar borasida erkin ifoda etiladigan xalq irodasi hokimiyat va har qanday hukumat qonuniyligining asosi ekanligi nazarda tutilgan. Shu bilan birga, ushbu hujjatning qator normalarida xalq xohish-irodasi davlat hokimiyatining asosi boʻlib xizmat qilishi ifoda etilgan, yaʼni ishtirokchi davlatlar:
– qonunda belgilanganidek, oqilona vaqt oraligʻida erkin saylov oʻtkazadilar;
– milliy qonun chiqaruvchi organning hech boʻlmaganda bir palatasidagi hamma mandatlar umumxalq saylovi jarayonida nomzodlar erkin tortishuvining obyekti boʻlishiga yoʻl qoʻyadilar;
– katta yoshdagi fuqarolarga umumiy va teng saylov huquqini kafolatlaydilar;
– ovoz berish yashirin oʻtkazilishini yoki erkin ovoz berishga teng keladigan tartibot qoʻllanilishini va ovozlarni hisoblash hamda bu haqdagi axborot haqqoniy boʻlishini, uning rasmiy yakunlari esa matbuotda eʼlon qilinishini taʼminlaydilar;
– fuqarolarning shaxs sifatida yoki siyosiy partiyalarning yoxud tashkilotlarning vakili sifatida, kamsitishlarsiz, siyosiy mavqeyiga yoki davlat lavozimlariga erishish huquqlarini hurmat qiladilar;
– alohida shaxslarning yoki shaxslar guruhlarining toʻla erkinlik sharoitida oʻz siyosiy partiyalarini tuzish huquqini hurmat qiladilar hamda bunday siyosiy partiyalar va tashkilotlarga huquq va davlat organlari oldida tenglik asosida, bir-biri bilan musobaqalashish imkonini beruvchi zarur yuridik kafolatlar beradilar;
– ishtirok etuvchi davlatlar ham xorijiy, ham milliy kuzatuvchilarning hozir boʻlishi saylov oʻtkaziladigan davlat uchun saylov jarayonining obroʻsini oshirishi mumkin, deb hisoblaydilar. Shuning uchun ular YXHTda ishtirok etuvchi har qanday boshqa davlatdan hamda tegishli muassasa va tashkilotlardan kuzatuvchilarni qonun yoʻl qoʻyadigan darajada milliy saylov borishini kuzatish uchun taklif qiladilar, degan normalar oʻrnatilgan.
Mamlakatning jahon miqyosidagi nufuzi koʻp jihatdan unda amal qilayotgan saylov tizimining ochiqligi va demokratikligiga ham uzviy bogʻliq. Chunki saylovga kuchli fuqarolik jamiyatiga ega boʻlgan demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi, xalq xohish-irodasining erkin ifodalanishi, fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etishining asosiy shakli sifatida baho beriladi. Demokratik davlatchilik rivojida xalq bilan jamiyat oʻrtasidagi munosabatlar bir shaxsning yoki bir guruh shaxslarning xohish-irodasi bilan emas, balki qonun asosida tartibga solinishi muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun qonun ustuvorligi demokratik huquqiy davlatning asosiy belgilaridan biri, deb eʼtirof etiladi. Zero, u adolatni taʼminlashga xizmat qiladi. Jahondagi rivojlangan demokratik huquqiy davlatlar konstitutsiyalaridan oʻrin olgan ushbu prinsip Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida ham mustahkamlab qoʻyilgan.
Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, saylovlarni umumeʼtirof etilgan mazkur tamoyillar asosida oʻtkazish demokratiyani rivojlantirishning asosiy talabi, shuningdek, inson huquqlari va qonun ustuvorligini hurmat qilishdan manfaatdorlikning ifodasi sifatida xizmat qilmoqda. Oʻzbekistonda saylov tizimining rivojlanishi xalqaro saylov standartlariga mos boʻlib, milliy davlatchilik hamda jamoatchilik siyosi-huquqiy ongi va madaniyati yuksalishiga xizmat qilmoqda.