Sayt test rejimida ishlamoqda

MALDIV RESPUBLIKASI: SAYLOV QONUNCHILIGI VA AMALIYOTI

25.09.2023

2871

msk_yangiliklari_in

Baxrom Kuchkarov,

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi

raisning oʻrinbosari

 

Maldiv Respublikasida 2023-yil 9-sentyabr kuni boʻlib oʻtgan ovoz berish yakunlari boʻyicha respublika prezidenti lavozimiga nomzodlarning hech biri 50 foizdan koʻp ovoz toʻplay olmagani sababli saylovning ikkinchi turi 30-sentyabr kuni boʻlib oʻtishi belgilandi.

 

Maldiv – orollar mamlakati. Hind okeanida, Hindiston va Shri-Lankaning janubi-gʻarbiy qismida joylashgan. Bu taxminan 1 190 korall orollaridan iborat 21 maʼmuriy atollar tizimidir. Maʼmuriy atollar sakkizta tumanga birlashtirilgan. Maldiv orollarida aholi atollardagi bir yuz toʻqsonga yaqin orolda yashaydi. 164 orol sayyohlik-kurort joylar sifatida rivojlangan. Qolgan orollarda odam yashamaydi, ular qishloq xoʻjaligi yoki boshqa maqsadlarda foydalaniladi. Maldiv Respublikasining aholisi 520 621 kishini tashkil etadi.

 

Maldiv Respublikasida prezidentlik boshqaruvi joriy etilgan va Prezident bir vaqtning oʻzida davlat va hukumat boshligʻi, shuningdek, mamlakat qurolli kuchlarining bosh qoʻmondoni hisoblanadi.

 

Qonun chiqaruvchi hokimiyat bir palatali parlament – Xalq Majlisiga tegishli. Parlamentning vakolat muddati besh yil. Parlament aʼzolari bir mandatlik saylov okruglari boʻyicha majoritar tizim asosida saylanadi. Parlament aʼzolarining soni atollar aholisiga qarab belgilanadi. Oxirgi parlament saylovlarida (2019-yil) 87 deputat saylangan, ulardan 65 nafar deputatlik oʻrnini Maldiv Demokratik partiyasi egallagan. Deputatlikka nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan koʻrsatilishi yoki mustaqil boʻlishi mumkin.

 

Prezident saylovi mamlakat Konstitutsiyasi, Umumiy saylovga oid qonun, Prezident sayloviga doir qonun, Maldiv Respublikasi saylov komissiyasining nizomlari va boshqa qarorlari bilan tartibga solinadi. Ovoz berishni tashkil etish va oʻtkazishning protsessual masalalari saylov komissiyasining qarorlarida batafsil bayon etilgan.

 

Maldiv Respublikasi Konstitutsiyasiga koʻra, Prezident toʻgʻridan-toʻgʻri, umumiy va yashirin ovoz berish yoʻli bilan besh yil muddatga saylanadi. Aynan bir shaxs ketma-ket yoki boshqacha tarzda ikki muddatdan ortiq Prezident lavozimini egallashi mumkin emas. Ushbu qoidalar 2008-yilgi Konstitutsiya bilan qabul qilingan.

 

Ovoz berish huquqiga ega saylovchilarning koʻpchiligi, yaʼni 50 foizdan koʻproq, ovozini olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Agar hech bir nomzod mutlaq koʻpchilik ovozga ega boʻlmasa, saylov ikkinchi turga oʻtadi va bu ikki yetakchi nomzod oʻrtasida saylovdan keyin 21 kun ichida oʻtkazilishi kerak. Koʻpchilik ovoz olgan nomzod Prezident etib saylanadi.

 

Prezidentlikka nomzod boʻlajak vitse-prezidentni ham belgilaydi, prezidentlikka nomzod saylangan taqdirda, vitse-prezidentni ham saylangan hisoblanadi.

 

Birinchi turda prezidentlik uchun sakkiz nafar nomzod kurash olib bordi. Ulardan besh nafari, jumladan, amaldagi davlat rahbari siyosiy partiyalar tomonidan, uch nafari esa mustaqil nomzod sifatida koʻrsatildi. Mamlakatning amaldagi prezidenti Ibrohim Muhammad Solih nomzodi Maldiv Demokratik partiyasi tomonidan ilgari surilgan.

 

Ushbu prezidentlik saylovida 2008-yilda boʻlib oʻtgan birinchi demokratik saylovlardan beri eng koʻp nomzod roʻyxatga olingan.

Nomzodlarni roʻyxatga olish Saylov komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Ariza beruvchilar ariza va kerakli hujjatlarni topshirishdan tashqari 40 000 rufiya (taxminan 2 600 AQSH dollari) miqdorida depozit toʻlashlari kerak.

 

Mustaqil nomzodlar, qoʻshimcha ravishda kamida 1 500 nafar yoshi oʻn sakkizdan oshgan fuqarolarning imzosi bilan nomzodni qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisidagi arizani ham taqdim etishlari kerak.

 

Prezident etib saylangan shaxs Maldiv Respublikasi fuqarosi boʻlishi, ota-onasi Maldiv Respublikasi fuqarosi boʻlgan, bir vaqtning oʻzida boshqa davlat fuqarosi boʻlmagan, sunniy musulmon, kamida oʻttiz besh yoshga toʻlgan, muomalaga layoqatli (aqli raso) boʻlishi zarur. Bunday shaxsning aniqlangan va undirilmagan qarzi boʻlmasligi kerak. Shuningdek, u jinoyat sodir etganlikda ayblanib, oʻn ikki oydan ortiq muddatga hukm qilinmagan boʻlishi kerak, bu holatda u ozod qilingan yoki jazolangan jinoyati uchun afv etilganidan keyin uch yil oʻtgan boʻlishi lozim. Bundan tashqari, u Qurʼon va Sunnatda koʻrsatilgan axloq va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar, firibgarlik, aldash yoki jinoiy ishonchni suiisteʼmol qilishda ayblanmagan boʻlishi kerak.

 

Prezidentlik saylovida ishtirok etayotgan nomzodlar saylov jarayoni bilan bogʻliq operatsiyalarni amalga oshirish uchun oʻz nomiga bankda maxsus hisob raqami ochishi shart. Deputatlikka nomzodning saylov fondi mablagʻlari xarajatlarining eng koʻp chegarasi saylovchilar sonini ikki ming rufiyaga koʻpaytirish yoʻli bilan belgilanadi. 2023-yildagi saylovda har bir prezidentlikka nomzod saylovoldi kampaniyasi doirasida maksimal 564 million rufiya sarflashi mumkin.

 

Jismoniy shaxslar uchun xayriya miqdori xarajatlar maksimal miqdorining 0,5 foizidan, yuridik shaxslar uchun – xarajatlar maksimal miqdorining 2 foizidan oshmasligi kerak. Xorijiy fuqarolar va tashkilotlarning, xalqaro tashkilotlarning, davlat organlari va tashkilotlarining (muassasalarining) xayriyalari, shuningdek anonim xayriyalar taqiqlanadi.

 

Saylovoldi tashviqoti tadbirlariga mitinglar, uchrashuvlar va saylovchilar bilan muloqotlar oʻtkazish, materiallarni ommaviy axborot vositalarida joylashtirish, saylovchilarga xatlar yuborish, fotosuratlar, stikerlar, varaqalar tarqatish va hokazolar kiradi. Saylov komissiyasi saylovda ishtirok etayotgan nomzodlarni rasman eʼlon qilgan paytdan boshlab saylov kunidan bir kun oldin soat 18:00 ga qadar Maldiv orollaridagi teleradiokompaniyalar nomzodlarga saylovoldi tashviqoti uchun efir vaqtini taqdim etishlari shart. Shu bilan birga, Maldiv orollaridan tashqarida faoliyat yurituvchi radioeshittirish stansiyalaridan tashviqot maqsadida foydalanish taqiqlanadi. Ovoz berish kunidan bir kun oldin soat 18:00 dan boshlab saylovoldi tashviqotini olib borish taqiqlanadi.

 

Maldiv orollari Konstitutsiyasi va qonunchiligiga muvofiq saylov kuni 18 yoshga toʻlgan fuqarolarga ovoz berish huquqiga ega.

 

Jinoyat sodir etganlikda aybdor deb topilgan, besh yildan ortiq qamoq jazosiga hukm qilingan hamda jazoni oʻtayotgan Maldiv orollari fuqarolari saylovda qatnashish huquqidan mahrum etiladilar.

 

Joriy yildagi prezidentlik saylovida 282 395 nafar fuqaro ovoz berish huquqiga ega, ulardan 20 270 nafari birinchi marta ovoz beruvchilardir. Saylovchilarning qariyb 56 foizi siyosiy partiyalar aʼzosidir.

 

Saylov komissiyasi saylovchilar roʻyxatini yuritadi, unga saylovchining ism familiyasi, tugʻilgan sanasi, jinsi, doimiy yashash manzili (shu jumladan, orol va atoll nomi) hamda milliy guvohnoma raqamini kiritiladi.

 

Saylovchilar roʻyxatini shakllantirish passiv va aktiv shakldadir. Saylov komissiyasi aholi roʻyxatiga asoslanib, saylov uchastkalari boʻyicha roʻyxatlarni tuzadi va ularni hukumat gazetasi va oʻz veb-saytida eʼlon qiladi. Saylovchilarning dastlabki roʻyxati tuzatishlar uchun eʼlon qilinadi. Saylov kuni doimiy yashash joyida boʻla olmaydigan saylovchilarga oʻzlarining joriy yashash manzillaridagi saylov uchastkalari boʻyicha qayta roʻyxatdan oʻtish uchun vaqt ajratildi.

 

Har bir uchastka boʻyicha yakuniy roʻyxatlar Saylov komissiyasining vakolatli shaxsi tomonidan tasdiqlanadi, shuningdek, nomzodlar vakillari tomonidan imzolanadi. Saylovchilarning yakuniy roʻyxatiga oʻzgartirishlar faqat sud qarori bilan kiritilishi mumkin.

 

Saylovlar doimiy organ boʻlgan va besh aʼzodan iborat Maldiv Respublikasi Saylov komissiyasi tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.

Maldiv Respublikasi Saylov komissiyasi 2008-yil 7-avgustda barcha saylovlar va referendumlarni oʻtkazish va nazorat qilish hamda siyosiy partiyalarni tartibga soluvchi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish maqsadida mustaqil va xolis institut sifatida tashkil etilgan.

Saylov komissiyasiga oid qonunga muvofiq, Komissiya aʼzolari Prezident tomonidan Parlament bilan kelishilgan holda 5-yil muddatga tayinlanadi. Komissiya rais, rais oʻrinbosari va uch nafar aʼzodan iborat.

 

Prezident saylovini oʻtkazish uchun 574 ta saylov uchastkasi (saylov punkti) tashkil etilgan. Ularning eng katta qismi – 176 tasi poytaxt Male mintaqasida, 319 tasi atollarda, oltmish beshtasi alohida kurortlarda, beshtasi qamoqxonalarda va bittasi xalqaro aeroport hududida joylashgan. Maldivlik saylovchilar soni 150 nafardan oshgan beshta davlatda ham sakkizta xorijdagi saylov uchastkalari ochilgan.

 

Saylov uchastkalarida (saylov punktlarida) ishlashga davlat xizmatchilari yoki xususiy sektorning koʻngillilari jalb etiladi. Bunday ishlarga siyosiy partiyalar faollari yoki aʼzolari jalb etilmaydi. Saylov xodimlarini tanlash imkoniyati cheklangan orollar istisno hisoblanadi. Bu orollarda Saylov komissiyasi siyosiy partiyalarning roʻyxatdan oʻtgan aʼzolaridan foydalangan holda, hech bir siyosiy partiya saylov uchastkasida ustunlik qilmasligini taʼminlashga harakat qiladi. Joriy saylovlar jarayonida Saylov komissiyasi tomonidan 4 969 nafar saylov uchastkasi xodimlari, jumladan zaxiradagilar, tayyorlangan.

 

Saylov uchastkalarida (saylov punktlarida) xodimlar soni saylovchilar soniga bogʻliq. Saylovchilar soni 500 nafargacha boʻlsa, xodimlar soni 7 nafar, 501 nafardan 750 nafargacha saylovchiga – 8 nafar xodimga, 750 nafardan ortiq saylovchiga – 11 nafarga teng boʻladi.

 

Maldiv orollarida roʻyxatga olingan siyosiy partiyalar, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan tayinlangan fuqarolar, xalqaro tashkilotlar tomonidan belgilangan shaxslar, shuningdek, kuzatuvchi sifatida qatnashish istagini bildirgan fuqarolar saylovda kuzatuvchilar boʻlishi mumkin. Kuzatuvchilar akkreditatsiyadan oʻtishi yoki Saylov komissiyasi tomonidan maʼqullanishi lozim.

 

Saylov monitoringi milliy yoki xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari tomonidan amalga oshirilishi mumkin. Ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan oʻtishi yoki saylov komissiyasi tomonidan maʼqullanishi shart.

 

Saylov komissiyasi tomonidan ovoz berish jarayonini kuzatish va monitoring qilish uchun 3 027 nafar milliy kuzatuvchi, 3 799 nafar milliy ommaviy axborot vositalari vakili va 1 490 nafar nomzod vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazildi. Shuningdek, saylovda 143 nafar xalqaro kuzatuvchi va 22 nafar xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

 

Maldiv Respublikasi qonunchiligi saylovlarda kuzatuvchilar va ommaviy axborot vositalari vakillarining faoliyatini, ularning huquq va majburiyatlarini, ovoz berish punktlarida oʻzini tutish qoidalarini alohida tartibga soladi.

 

Saylov kuni ovoz berish vaqti saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi. Ovoz berish 8:00 dan 16:00 gacha ovoz berish punktlarida oʻtkaziladi.

 

Har bir ovoz berish punkti ikkita sayyor kabina, saylov qutisi, bino ichida va tashqarisida joylashtiriladigan zarur axborot materiallari, saylovchilarning ovoz berish binosi ichida harakatlanishini koʻrsatuvchi koʻrsatkichlar va boshqa jihozlar bilan taʼminlangan.

 

Ovoz berish punktining har bir xodimi ovoz berish jarayonida oʻzining oldindan belgilangan funksional majburiyatlariga ega.

 

Ovoz berish punkti xodimlari soat 7:00 da ish boshlaydilar va ovoz berishni boshlashga tayyorgarlik koʻradilar. Yaʼni xodimlar oʻrtasida vazifalarni taqsimlanib, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari va nomzodlar vakillarining akkreditatsiya maʼlumotlari tekshiriladi, olingan saylov byulletenlari va saylov uchastkasida saylovchilar soni eʼlon qilinadi va boshqa vazifalar amalga oshiriladi.

 

Ovoz berish quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

 

- saylovchi kirish joyidagi saylov uchastkasi xodimiga shaxsini tasdiqlovchi guvohnomasini koʻrsatadi, u bino ichida kutish joyi mavjud boʻlsa, uni ichkariga kiritadi;

 

- shundan soʻng kirish joyida bir yoki ikki nafar xodim saylovchini saylovchilarning elektron roʻyxatida, shuningdek saylovchilarning bosma roʻyxatida bor-yoʻqligini tekshiradi, saylovchilar roʻyxatida uning tartib raqami yozilgan navbat raqamini beradi;

 

- saylovchi maxsus ajratilgan joyda oʻz navbatini kutadi;

 

- saylov byulletenlarini berish uchun masʼul xodimlar saylovchilarni navbatdagi tartib raqamlariga muvofiq chaqirib, ularni saylovchilar roʻyxatidan tekshirib, tegishli belgi qoʻyadi. Kuzatuvchilar uchun saylovchilar roʻyxatidagi saylovchining ismi, familiyasi va tartib raqami eʼlon qilinadi. Uning koʻrsatkich barmogʻiga maxsus marker bilan belgi qoʻyiladi, shundan soʻng saylovchiga byulleten beriladi;

 

- saylovchi ovoz berish kabinasiga boradi va saylov byulleteniga oʻzi lozim topgan tegishli belgini qoʻyadi;

 

- saylovchi belgilangan saylov byulletenini saylov qutisiga tashlaydi, u yerda tegishli xodim bu jarayonni kuzatib boradi va saylovchilarning hisobini yuritadi.

 

Ovoz berish xonasiga mobil telefonlar, video, foto va audio yozuvchi uskunalar, qogʻoz solingan papkalar, ryukzak va sumkalar olib kirish mumkin emas. Foto va video suratga olish faqat akkreditatsiyadan oʻtgan OAV vakillariga ruxsat etiladi.

 

Soat 16:00 da saylov qutisi plombalanadi. Agar soat 16:00 da saylovchilar ovoz berish joyida hozir boʻlsa yoki ular navbatda turgan boʻlsa, ularga ovoz berish imkoniyati beriladi. Bunda navbatda turgan barcha saylovchilar ovoz berganidan keyin saylov qutisi muhrlanadi.

 

Ovozlarni sanash jarayonlari saylov qutisi muhrlanganidan keyin 30 daqiqa oʻtgach boshlanadi. Bu vaqt sanoqqa tayyorgarlik koʻrish uchun ajratiladi.

 

Saylov qutisini ochish va ovozlarni sanab chiqish umumeʼtirof etilgan standartlar tartiblariga muvofiq bajariladi. Hisoblash uchta xodim tomonidan amalga oshiriladi.

 

Sanoq natijalari uchastka rahbari, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari, nomzodlar vakillari tomonidan imzolangan hisobotga kiritiladi. Saylov uchastkasida ovoz berish natijalarining bir nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun ovoz berish binosining kirish qismiga osib qoʻyiladi. Ikkinchi nusxa va toʻldirilgan saylov byulletenlari maxsus paketlarga muhrlanadi va Saylov komissiyasiga yetkaziladi.

 

Saylov kuni saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan 282 295 nafar saylovchidan 225 486 nafari yoki 79,87 foizi ovoz berdi, bu esa avvalgi prezident saylovlari bilan solishtirganda saylovchilarning eng past ishtiroki hisoblanadi. 4 835 ta (2,14%) byulleten haqiqiy emas deb topildi.

 

Saylovning ikkinchi turida prezidentlik uchun birinchi turda 46,06 foiz ovoz olgan “Xalq milliy kongressi” partiyasidan nomzod Muhammad Muizzu va 39,05 foiz ovoz olgan amaldagi Prezident Ibrohim Muhammad Solih kurash olib boradilar.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur