Sayt test rejimida ishlamoqda

KONSTITUSIYA – XALQIMIZ TAFAKKURI VA IJODINING MAHSULI

27.01.2023

2293

msk_yangiliklari_in

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining gʻoyasi, maqsadi, ruhi – har bir qoidasi Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi, asrlar mobaynida shakllangan demokratik qadriyatlar, milliy davlatchilik, shuningdek, bir necha ming yillardan buyon avloddan avlodga meros boʻlib kelayotgan oʻzbekona va sharqona davlatni idora etish hamda xalq bilan bamaslahat siyosat olib borish anʼanalarini oʻzida toʻla mujassamlashtirgan.

 

Xudoyor Mamatov

Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyat rahbari, yuridik fanlar doktori, professori

 

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining gʻoyasi, maqsadi, ruhi – har bir qoidasi Inson huquqlari Umumjahon deklaratsiyasi, asrlar mobaynida shakllangan demokratik qadriyatlar, milliy davlatchilik, shuningdek, bir necha ming yillardan buyon avloddan avlodga meros boʻlib kelayotgan oʻzbekona va sharqona davlatni idora etish hamda xalq bilan bamaslahat siyosat olib borish anʼanalarini oʻzida toʻla mujassamlashtirgan.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Hammamizni tarbiyalagan, voyaga yetkazgan – shu xalq. Barchamizga tuz-nasiba bergan ham – shu xalq. Bizga ishonch bildirgan, rahbar qilib saylagan ham aynan shu xalq. Shunday ekan, biz birinchi navbatda kim bilan muloqot qilishimiz kerak – odamlarimiz bilan. Kim bilan bamaslahat ish tutishimiz kerak – avvalo xalqimiz bilan. Shunda xalqimiz bizdan rozi boʻladi. Xalq rozi boʻlsa, ishimizda unum va baraka boʻladi. Xalq bizdan rozi boʻlsa, Yaratgan ham bizdan rozi boʻladi”, degan fikrlari xalq bilan bamaslahat siyosat olib borish anʼanalari davom etayotganligining amaliy isbotidir.

 

Qadimiy Sharq hamisha oʻzining azaliy anʼanalari, betimsol qadriyatlari bilan kishilik jamiyatiga oʻz taʼsirini oʻtkazib kelgan. Jumladan, Turonzamin jahonning ulugʻ davlatchilik solnomasida oʻzining qator hokimiyat tuzilmalari, dovruqli saltanatlari, davlat ishlarini yuritish tajribasi bilan munosib oʻrin tutadi. Ayniqsa davlat boshqaruvining huquqiy asoslari barpo etilib, bu borada muayyan tajribaga erishilgan. Xalqning huquqiy ongi, madaniyati va maʼrifatini oʻstirish barobarida, jamiyatda qonunlar ustuvorligini taʼminlash, hamma uchun birdek taalluqli, adolatli, haqqoniy qonunlar ishlab chiqish mexanizmlari yaratilgan. Shu bois ham “har qanday davlatning Konstitutsiyasi unda yashovchi xalqning irodasini, ruhiyatini, ijtimoiy ongi va madaniyatini aks ettiradi. Konstitutsiyamiz tom maʼnoda xalqimiz tafakkuri va ijodining mahsulidir”.

 

Xalqimizda “Kengashli toʻy tarqamas” degan gʻoyat ibratli bir maqol bor. Ijtimoiy hayotimizning qaysi bir jihatiga eʼtibor qaratmaylik, mana shu hikmatga amal qilinishini kuzatishimiz mumkin. Qaysi bir joyda ibratli bir ish boʻlsa, u – kengashilgan tadbirning natijasi ekaniga guvoh boʻlamiz. Bu bejiz emas, zotan biz ulugʻvor oʻtmishimizdan shunday saboq olganmiz. Sohibqiron Temur oʻz tuzuklarida shunday taʼlim beradi: “Davlat ishlarining toʻqqiz ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilur... Yuz ming otliq askar qila olmagan ishni bir toʻgʻri tadbir bilan amalga oshirish mumkin... Har kimdan soʻz olib kengash soʻrar edim. Lekin aytilgan har bir maslahatning yaxshi va yomon tomonlari haqida oʻylab koʻrgach, toʻgʻri va savoblirogʻini tanlab olardim”.

 

Bu haqda mashhur nemis tarixchisi F.Shlosser ham shunday maʼlumot beradi: “... sarkarda, hokim va qonunchi sifatida buyuk talant egasi edi. Yolgʻonni yomon koʻrar, bilimga muhabbat qoʻyishdan mahrum emas edi. Uning manzilida shoirlar, olimlar, mashshoqlar va mistiklar (soʻfilar) koʻp bo‘lardi... u odil sudya, ilm-fan doʻsti, birga suhbatlashishni xush koʻradigan, rassomlar va olimlarning homiysi edi”.

 

Bu fikr toʻgʻridan-toʻgʻri xalqning xohish-irodasini qonunlarda ifoda etish, baayni uning tomonidan saylangan vakillar orqali bajarilishi lozimligini bildiradi. Shuning uchun ham “Davlatning manbai xalq” degan qoida barcha zamonlarda oʻz dolzarbligini saqlab kelgan. Jan Jak Russo: “Qonunga itoat etguvchi xalq uning ijodkori ham boʻlmogʻi lozim” deydi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir”, deb taʼkidlagan edi. Darhaqiqat, suveren Respublikamiz Konstitutsiyasi – inson va fuqaro huquqlarining demokratik xartiyasi boʻlib, u huquqiy va insonparvar davlatni shakllantirishning strategik dasturi vazifasini oʻtab kelmoqda. Konstitutsiya – davlatimiz mustaqilligining huquqiy zamini, xalq xohish-irodasining oliy ifodasi sifatida maydonga chiqdi. U eng taraqqiy topgan, rivojlangan davlatlarning konstitutsiyaviy tajribalariga tayanish bilan birga, tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan huquqiy hujjatdir.

 

Konstitutsiya oʻzbek davlatchiligini zamonaviy, maʼrifiy asosda qayta tiklash, tinch-totuv yashash va tinchlikni barcha choralar bilan mustahkamlash, demokratiyani chuqurlashtirish, inson huquqlari va davlat suvereniteti gʻoyalariga sodiq qolish, adolatli huquqiy davlat barpo etish, fuqarolar tinchligi va milliy hamjihatlikni taʼminlash kabi vazifalarga masʼul va kafolat boʻlib hisoblanadi.

 

Konstitutsiya istiqlol mahsuli, shu bilan birga uni himoya qiluvchi qalqon, jamiyatimizning asosiy huquqiy poydevori hamdir. Uning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, unda davlatning qiyofasi, jamiyatning xususiyati yaqqol oʻz ifodasini topadi, hayotimizning siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy va huquqiy tizimi demokratik tamoyillarga asoslangani, umuminsoniy qadriyatlarning ulugʻlanayotganligi, fuqarolarning huquq va erkinliklari nechogʻli kafolatlangani hamda himoya qilinayotgani koʻrinib turadi.

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida, Bosh qomusimizning mohiyati haqida toʻxtalib, shunday deb taʼkidlagandi “Har bir davlat oʻz istiqlol va taraqqiyot yoʻlini tanlar ekan, xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini oʻzining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, oʻz xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega boʻlgan mamlakat oʻzi belgilagan yuksak marralardan hech qachon ogʻishmasdan, doimo oldinga qarab boradi. Tarixga nazar solsak, asrlar davomida shakllangan maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar va insonning tabiiy huquqlari sivilizatsiya jarayonlari natijasida Konstitutsiya shakliga kelganini koʻramiz. Konstitutsiya bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega boʻlish, taʼlim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, soʻz hamda eʼtiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga koʻtardi”.

 

Darhaqiqat, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiya – shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi.

 

Konstitutsiyamizning 18-moddasida belgilab qoʻyilganidek, Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeyidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar.

 

Dunyo hamjamiyati oldida yangilangan qiyofasi, xalqaro hamjamiyat bilan yaqin qoʻshnichilik, strategik sherikchilik hamda oʻzaro hurmatga asoslangan ochiqlik va oshkoralik siyosati bilan tanilib, jahonda tutgan oʻrni va nufuzi yildan yilga yuksalib borayotgan Oʻzbekistonda soʻngi yillarda amalga oshirilgan insonparvar islohotlar tufayli yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlari taʼminlanib, zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratmoqda.

 

Aynan shu sababli Konstitutsiyamizni ehtirom bilan ulugʻlashimiz, har tomonlama oʻrganishimiz, unga izchil amal qilishimiz, Asosiy qonunimizda mujassam boʻlgan ajdodlarimizning buyuk merosi va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlarimiz qalbiga singdirishimiz zarur.

 

Biz intilayotgan demokratik jamiyatning istiqboli, birinchi navbatda, demokratik qadriyatlar har birimizning qalbimiz va ongimizdan qay darajada chuqur oʻrin olishiga, bu qadriyatlarning nechogʻli asrab-avaylanishi va kelajak avlodlarga yetkazilishiga bevosita bogʻliq. Bu borada esa Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini chuqur anglab yetish, konstitutsion talablarga qatʼiy rioya etish darkor.

 

Mamlakatimizda tinchlik, barqarorlik va millatlararo totuvlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar zamirida yurtimizdagi turli millat va elat ijtimoiy toifa-yu, kasbu-korga mansub boʻlgan kishilarni maʼnaviy-mafkuraviy tajovuzlardan asrash, ularni ogohlikka chorlash, mavjud xavf va tahdidlarning oqibatlarini anglab yetish, ular haqida jamoatchilik fikrini shakllantirish, eng muhimi, milliy istiqlol gʻoyasi asosida xalqni birlashtirish, jipslashtirish, yosh avlod ongi va qalbida ezgu gʻoyalarga sadoqat tuygʻularini tarbiyalashga qaratilgan tizimli va aniq maqsadli amaliy harakatlar mujassamdir.

 

Bugungi kunda yurtdoshlarimizning nafaqat bilimini oshirish, balki ular qalbida va amaliyotida mustaqilligimizni mustahkamlash bilan bogʻliq demokratik tafakkur va yangi gʻoyalarni kamol toptirish, ularni yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz taraqqiyotini anglash yoʻlida ezgu ishlarga ragʻbatlantirish, odamlar ong-u shuurida hayotimizning turli sohalarida olib borilayotgan keng qamrovli demokratik islohotlarga daxldorlik, bunyodkorlik, kelajakka ishonch va shukronalik tuygʻularini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur