Sayt test rejimida ishlamoqda

BIR SOLIH FARZAND TARBIYASI ULUGʻ BIR KASHFIYOT BILAN TENG!

27.01.2023

2869

msk_yangiliklari_in

Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyotiga, xususan, ilm-fan, maʼnaviyat va maʼrifatning yuksalishiga ulkan hissa qoʻshganlar.

 

Ular tomonidan barpo etilgan buyuk saltanatlar, muhtasham tarixiy obidalar bugun ham dunyo ahlini hayratga solib kelmoqda. Xorijda shu ajdodlarimiz tufayli vatandoshlarimizga alohida hurmat va ehtirom koʻrsatilgani bot-bot qulogʻimizga chalinib turadi. Bularning barchasi oʻtmishimiz nechogʻli ulugʻvor ekanini anglatadi.

 

Mana shu shonli oʻtmish qalblarimizda faxr-iftixor tuygʻularini tarbiyalash barobarida, saboq vazifasini ham oʻtaydi. Ularga munosib avlod boʻlish masʼuliyatini zimmamizga yuklaydi. Chunki oʻtmishidan faqatgina gʻururlanish, bobolari bosib oʻtgan zafarli masofalarni pesh qilib, ulugʻlikka daʼvo qilish millatning ravnaqiga xizmat qilmaydi. Binobarin, harakatchanlik, ishtiyoq va sobitqadamlikka uygʻun boʻlmagan umidvorlik notavonlik belgisidir. Yoki Aristotel aytganidek, «...hamma narsaning mohiyati uning harakatida namoyon boʻladi”.

 

Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: nima qilsak ajdodlarimizga munosib avlod boʻlamiz? Batafsil javob aytish oʻta murakkab. Bu oʻrinda bir oddiy haqiqatni eslatib oʻtishni oʻrinli, deb bildik. Ulugʻlik martabasiga musharraf boʻlgan oʻtmishdoshlarimizning birortasi ham bu masnadga siymu zar bilan emas, balki ilmu hunar, tinimsiz izlanish, intilish bilan erishganlar. Oʻzlarida eng goʻzal insoniy fazilatlarni kamol toptirish orqali xulqlariga husn, odoblariga oro berib, aʼmollarini ziynatlaganlar.

 

Sirasini aytganda, odob – oʻqibgina oʻrganiladigan ilm emas. Uning urugʻi inson bolasining qalbiga avval boshdanoq qadalgan boʻladi. Oʻqish-oʻrganish, pandu nasihat, tanbeh, oʻgit va ulgu – bularning barchasi odamning odobini orasta etguvchi vositalar, xolos.

 

OʻQIB-OʻRGANILADIGAN VA AMAL QILINISHI SHART BOʻLGAN ILMLAR MAVJUD

 

Qurʼoni karimda (Alloh) ota-onaning qadrini quyosh qadar sarbaland etgani, bandasi bu haqiqatni fahmu farosati bilan anglashi lozimligi uqdirilgan. Darhaqiqat, katta koʻchani kesib oʻtayotgan qariyaga qoʻltiqdosh boʻlish, jamoat transportida keksalarga joy berish yoki kichik yoshdagi bolalarni bezorisifat bolalar taʼqibidan himoya qilish uchun, albatta, qaysidir mutafakkirning bu boradagi asarini oʻqigan boʻlishimiz shart emas (oʻqigan boʻlsak, nur ustiga nur, albatta). Bu insonda tabiiy ravishda kechadigan jarayon.

 

Shuning barobarida oʻqib-oʻrganiladigan va amal qilinishi shart boʻlgan ilmlar ham mavjud. Masalan, huquqiy bilimlar. Bu borada Konfusiy aytganidek, “oʻqigan biladi, bilgan amal qiladi”. Jamiyatda amalda boʻlgan qonunlarni bilmaslik siyosiy gʻoʻrlik, huquqiy savodsizlik belgisi sanaladi. Bunday kishilarni chalgʻitish, xohlagan tomonga ergashtirish oson kechadi. Chunki oʻqimaydigan kishi nainki qonunlar bilan tanish emas, balki u oʻzligini bilmaydi, oʻtmishini tanimaydi. Shu maʼnoda ham har bir davrda yoshlarning ongida oʻtmishga hurmat hissini tarbiyalash dolzarb mavzu, muhim vazifa sanalgan.

 

TARBIYADA FILMLARNING OʻRNI QANDAY?

 

Bizni oʻrab turgan muhitda chalgʻituvchi omillar bisyor, qonimizda esa chalgʻishga moyillik uygʻotuvchi qusurlar mavjud. Birgina misol: aholimizning aksari sevib tomosha qiladigan hind filmlari uzoq vaqt qadriyatlarimizga qarshi ishlab keldi. Udumlarimizni ulugʻlashga emas, ulardan uzoqlashtirishga xizmat qildi. Irodasi sust, tashqi taʼsirlarga tez beriluvchan baʼzi fuqarolarimiz filmlarga taqlidan ayrim nomaʼqulchiliklardan oʻzlarini tiya olmagan hollar ham uchradi (bunday hollar faqat hind filmlariga taalluqli emas. Binobarin, katta ekranlarda “Fantomas” filmi namoyish etilganida oʻgʻirlik jinoyatlari koʻpaygani, Arnold Shvarsenegger, Jan Klod van Dam ishtirokidagi filmlar taʼsirida koʻcha-koʻyda mushtlashuvlar, mayda bezorilik illatlari urchiganini katta yoshdagilar yaxshi eslashadi).

 

Qizigʻi shundaki, shoʻro davrida adabiyot va sanʼat asarlari ustidan qattiq nazorat oʻrnatilgan, syenzuraning taʼsiri kuchli boʻlgan. Biroq filmlardagi milliy mentalitetimizga zid boʻlgan bu syujetlarga hech kim eʼtiroz bildirmagan. Balki atay qilingandir! Buning bitta sababi bor, u ham boʻlsa oʻsha davr hind filmlarida uyatsiz sahnalarning deyarli uchramasligi, degan farazga toʻxtalamiz. Xuddi mana shu omil, hatto, nuqtadon nazoratchilarni ham chalgʻitgan boʻlishi kerak. Hozirgi aksariyat filmlarda, shu jumladan, hind filmlarida ham uyatsiz sahnalar tobora urchib bormoqdaki, bunday filmlarni oilangiz bilan birga tomosha qila olmaysiz.

 

Oʻz vaqtida bu ham bir targʻibot usuli boʻlgan, albatta! Bugun bu kabi targʻibotlar keng miqyos kasb etdi. Axborot tashuvchi texnologiyalar shu qadar rivojlandiki, endi dunyoning biror bir mamlakatida barqarorlikni izdan chiqarish uchun katta bir armiya kerak boʻlmay qoldi. Axborot xurujlarining oʻzi buni osongina hal etyapti.

 

TEZ OʻZGARAYOTGAN DUNYO INSONIYATNI TURLI XAVF-XATARLARGA DUCHOR QILMOQDA

 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasida: “Bugungi tez oʻzgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari koʻrilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. Gʻarazli kuchlar sodda, gʻoʻr bolalarni oʻz ota-onasiga, oʻz yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin boʻlmoqda. Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz, ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-koʻy bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qoʻliga berib qoʻymasdan, ularni oʻzimiz tarbiyalashimiz lozim”, deya taʼkidlagan edi.

 

Darhaqiqat, bugungi dunyoda kechayotgan integratsiyalashuv jarayonida axborot oqimlari shu qadar koʻpayib ketdiki, oʻsmirlar u yoqda tursin, hatto aqlu hushini yigʻib olgan kishilar ham internetdagi xabarlarning qaysi biri toʻgʻriyu qaysisi notoʻgʻri ekanini ajrata olmay qolyapti.

 

Aytish joizki, internet global tarmogʻining umumtaraqqiyotga taʼsiri – rad etib boʻlmaydigan haqiqat, biroq u ayrim yoshlarimizning maʼnaviy immunitetini siqib olayotganidan ham koʻz yumib boʻlmaydi.

 

Baʼzi buzgʻunchi saytlarda insonning imonini izdan chiqarishga qaratilgan zoʻravonlik, behayolik, odobsizlik va fahshni, narkotik, ekstremizm va terrorni targʻib etadigan namoyishlarga ochiqdan-ochiq oʻrin berilgan. Buzgʻunchilikning barcha koʻrinishlari xuddi koʻrgazmaga qoʻyilgandek – kino qilib koʻrsatilmoqda. Bilasiz, koʻngilochar tadbirlar ichida kino qanchalik taʼsir kuchiga ega. Oʻtgan asrning “dohiy”laridan biri bu borada gapirib, “sanʼatlar ichida eng yaxshisi – kino” deganida, uning mana shu taʼsirchan qudratini nazarda tutgan boʻlsa ajab emas.

 

BUZGʻUNCHI GʻOYALARDAN YANA BIRI...

 

Internet global tarmogʻi orqali targʻib qilinayotgan buzgʻunchi gʻoyalardan yana biri “ommaviy madaniyat”dir. Bu ham oʻzlikni, oʻtmishni unutishga qaratilgan gʻaraz niyatlarning ifodasi aslida. Kimlardir oʻzi botgan shaltoqqa boshqalarni ham tortmoqchi. Bu kabi targʻibotlar taʼsiriga berilish oʻzini oʻzi sharmanda qilishdan boshqa narsa emas. Bunga tarix koʻp bor guvoh boʻlgan. XIX asrda yashagan rus adabiyotshunosi V.G.Belinskiy Petr I davrida Yevropa madaniyatini ruslarga singdirish uchun qilingan xatti-harakatlarni zaharxanda qilib, “Yevropa libosini kiygan rus yevropaliklarning oldida oʻzini parodiya qilgani qoldi”, deb yozgan edi. Chunki asrlar osha kiyishga odatlangan chakmonlarini yechib, torgina botfort va syurtik kiygan dvoryanlar, saroy ayonlari oʻzlarini noqulay his qilar, ayniqsa, xonimlarning qoʻlini oʻpish uchun egilayotganlarida, bunga odatlanmaganlari bois pariklari qiyshayib ketar yoki oʻzlari munkib, yiqilib tushishlariga oz qolar ekan.

 

Basharti milliy mentalitetimizga zid boʻlgan udumlarni, rasm-rusmlarni koʻr-koʻrona oʻzlashtirish ham shunday oqibatga olib keladi. Xoʻsh, internet global tarmogʻi mavjud, undan foydalanish ixtiyoriy. Kimning qaysi saytda sayrqilayotgani, qaysi ehtiyojlarini qondirayotgani faqat oʻziga ayon. Har bir kishining ustidan nazorat oʻrnatishning iloji yoʻq, imkoni boʻlgan taqdirda ham mumkin emas, bu – xalqaro huquq talablariga zid.

 

FARZANDLARIMIZNI INTERNET MUTELIGIDAN QANDAY ASRASH MUMKIN?

 

Mana shunday vaziyatda farzandlarimizni internet muteligidan asrashning qanday samarali vositalari boʻlishi mumkin? Mening nazarimda, bu ishni, eng avvalo, ota-onalar, oila oʻz zimmasiga olmogʻi darkor. Farzandining kelajagi uchun masʼullik hissi ulardan oʻta hushyorlikni, doimiy diqqat-eʼtiborda boʻlishni talab etadi. Qolaversa, bu hech qaysi qonunda taqiqlanmagan. Jamoatchilik esa bu ishda koʻmakdosh. Xususan, bahamjihat boʻlib bolalarimizda maʼnaviy immunitetni hosil qilsak, kompyuter qarshisida sarf boʻlayotgan vaqtning qadr-qiymatini tushuntirsak, zararli gʻoyalarga ilakishib qolishning ayanchli oqibatlarini anglata olsak, soxta demokratiya niqobi ostida tiqishtirilayotgan egosentristik gʻoyalar ostida qanday gʻarazli maqsadlar yotganini isbot qilib bera olsak, farzandlarimizni mushohada qobiliyatida mosuvo zombilarga aylanishdan asrab qolgan boʻlamiz. Zotan, hayotimizning bor mazmun-mohiyati ham shu aslida. Zero, yunon faylasufi Epiktet aytganidek, “bir solih farzand tarbiyasi ulugʻ bir kashfiyot bilan teng!”

 

Yuqorida oʻz nomini mangulik toqiga muhrlash barobarida oʻzi mansub boʻlgan millat shaʼnini sharaflagan ulugʻ zotlar – bobokalonlarimizning nomlarini zikr etib oʻtgandik. Fikrimizni muxtasar qilish arafasida Bahouddin Naqshband hazratlarining tariqatidan joy olgan bir taʼlimotni tilga olsak: “Xilvat dar anjuman”. Bunda tariqat piri insonning xilvatda xulqi qanday boʻlsa, koʻpchilikning ichida ham shu holatda boʻlishi lozimligidan saboq beradi. Chunki xilvatda chalgʻituvchi unsurlar deyarli yoʻq, anjumanda esa haddidan ziyod – har ikki holatda ham chalgʻimaslik komillikdan dalolatdir.

 

Alqissa, ulugʻlar ulgʻaygan yurt farzandlari ekanimizni unutmasak, ulugʻlarimizdan ulugʻlik ulgusini olsak – milliy tiklanishdan, milliy yuksalish sari yuz tutgan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshamiz va kelajagi buyuk Oʻzbekistonga munosib farzand boʻlamiz.

 

Xudoyor MAMATOV,

Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat rahbari,

yuridik fanlari doktori, professor.

Izoh qoldirish uchun tizimdan ro'yxatdan o'tishingiz zarur